Aholi bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va daromadlarini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy qilinadi

“2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yilda aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash dasturi hamda uning doirasida maqsadli ko‘rsatkichlar tasdiqlandi.

2025 yilda Dastur ijrosi doirasida 5,2 million aholini ish bilan band qilish hamda daromadli mehnat bilan ta’minlash maqsadida ayrim tashkilotlar mas’ul etib belgilandi.

2025–2026 yillarda Namangan, Toshkent, Xorazm va boshqa viloyatlarda parrandachilik sohasida kooperatsiya tizimida zamonaviy so‘yish korxonalari (kushxonalar) va muzlatkichli omborxonalar, mahsulotlar va chiqindilarni qayta ishlash, naslli jo‘jalar yetishtirish va parranda mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini o‘z ichiga olgan tayyor biznes loyihalari amalga oshiriladi.

2025 yilda kambag‘al oila a’zolarini jalb etgan holda:

— 20 ming gektar o‘rmon fondi yerlarida sanoatbop, manzarali va mevali daraxt turlaridan iborat o‘rmonlar barpo etish, ko‘chatxonalar tashkil etish va dorivor o‘simliklar yetishtirish loyihalari amalga oshiriladi;  

— jami 100 gektar yer uchastkalarida brussonetiya daraxtini yetishtirish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi.

2025 yil 1 iyuldan “Ekofaol fuqaro” platformasiga o‘zi ekkan daraxti to‘g‘risida ma’lumotlar kiritgan kambag‘al oilalar a’zolariga o‘rmon fondi yerlarida ekilgan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.

O‘zA

Powered by GSpeech