O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Qashqadaryo viloyatiga safari doirasida 26 noyabr kuni Qarshi shahridagi "Odina" majmuasini borib ko'rdi.
Sohibqiron Amir Temur tomonidan XIV asrda, ya'ni 1385-1386 yillarda bunyod etilgan «Odina» jome masjidi Qarshi shahrining Registon majmuasiga kirgan me'moriy durdonalardan hisoblanadi. Xalq tilida "Domzak", "Toshturma" deb atalguvchi mahbusxona sho'rolar zamonida "Odina" masjidi binosida joylashtirilgan edi.
Endilikda Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yerda Hunarmandchilik majmuasi tashkil etilgan. Xususan, majmuaning zargarlik maktabida yoshlar milliy hunarmandlik, bevosita
Qashqadaryo vohasi zargarlik an'analarini zamonaviy dizaynlarga uyg'unlashtirish usullarini o'rganayotgani tahsinga sazovor.
Majmuada qo'l mehnati asosida ekologik toza mahsulotlardan turli milliy liboslar tikish ham yo'lga qo'yilgan. Viloyat bo'yicha 500 nafar xotin-qiz shu ish bilan band. Ularning tayyor mahsulotlari nafaqat milliy bozorda, balki jahon bozorida ham xaridorgir. "Gulnor" savdo brendi bilan sotilayotgan ushbu noyob liboslar uchun Nyu-Yorkda - 2 ta va Parijda 1 ta maxsus do'kon ochilgan. Internet orqali onlayni savdo ham yaxshi yo'lga qo'yilgan.
Keyingi davrda viloyatda kandakorlik kasbining rivoji biroz susaygandi. Shuning uchun "Odina" hunarmandchilik majmuasida kandakor ustalar o'zlariga shogird tayyorlab, ularga ana shu o'ziga xos kasb sir-asrorini o'rgatishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Akmal Saidov qo'ligul duradgor ustalarning nafis yog'och o'ymakorligi mahsulotlari bilan tanishish asnosida, qashqadaryolik hunarmandlar Amir Temur kashf etgan “Katta shaxmat” taxtasini yasashga ma'nan haqli, hatto burchli ekaniga e'tiborni qaratdi. Ulug' Sohibqiron zamonida yashab ijod etgan Ali Shatranjiy Samarqandiyning “Shaxmat tarixi” nomli risolasida “Katta shaxmat” (“Shatranji kabir”) tafsilotlari bayon etilgan bo'lib, bu o'yinni Amir Temur juda yaxshi ko'rgani ta'kidlangan.
Eng muhimi, akademik A.Saidovning fikricha, Amir Temur bobomiz shaxmatni shunchaki vaqtni dilxushlik bilan o'tkazish va hordiq chiqarish o'yini emas, balki puxta geosiyosiy hamda amaliy rejalar tuzish uchun aqlni peshlash mashg'uloti, deb bilgan. Ulug' Sohibqiron shahar va mamlakatlarni ko'pincha qurol kuchi yordamida emas, balki aql-zakovat, chuqur tafakkur ko'magida, baayni shaxmat taxtasidagi strategiya va taktika kabi qonsiz kurash orqali tinch yo'l bilan zabt etgan, raqibini mot qilgan.
Sohibqiron o'z davrida shaxmat ilmida ustod darajasiga ko'tarilgan mavlono Abdulmalik, Muhammad ibn Uqayl al-Xaymi, Zayn al-Yazdiy, Alouddin at-Tabriziy singari ko'plab olimu mutafakkirlar ishtirokida maxsus shaxmatxonlik majlislarini o'tkazib turgan.
Ibn Arabshoh o'zining "Temur tarixida taqdir ajoyibotlari" asarida Amir Temurning shaxmatga qiziqishi, ayniqsa, mavlono Ali Shayx bilan katta shaxmat o'ynaganiga doir tafsilotlarga to'xtalgan. Ayniqsa, Sohibqiron shaxmat taxtalarining g'ayritabiiy shakllari haqida ma'lumot berib, “men unda davralik va uzunchoq shaxmatni ham ko'rgan edim” deb qayd etgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 30.11.2020
- Ko'rishlar: 3870
- Chop etish