Poytaxtimizda IV Toshkent Aksilkorrupsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Yevropa Ittifoqi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir 250 dan ortiq aksilkorrupsiya idoralari xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati vakillarini bir joyga jamladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov kirish so‘zi bilan ochgan va boshqarib borgan tadbirda Senat qo‘mitasi raisi Narimon Umarov, Yevropa Ittifoqi (YeI)ning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii va boshqalar forumning ahamiyati, mavzuning dolzarbligi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
Forumda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, Yevropa Ittifoqi, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, YeXHT, GIZ, Xalqaro Narkotik moddalar va huquqni muhofaza qilish masalalari byurosi, “Transparency International” NNT, Finlyandiyaning Qonun ustuvorligi markazi, shuningdek, AQSH, Hongkong, Gruziya, Koreya, Litva, Malayziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Xitoy kabi mamlakatlarning antikorrupsiya idoralari rahbariyati va vakillari ishtirok etdi.
Bu yilgi forum barcha ishtirokchilar uchun ilg‘or amaliyot va tajriba almashish, idoralararo aloqalarni mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro dasturlardagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilish uchun hamkorlik platformasi bo‘lib xizmat qildi.
Forum davomida Transparency International tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksi, World Justice Project Open tashkilotining Qonun ustuvorligi indeksi, Open Data Inventory’ning davlat organlari va tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar reytingi kabi indekslarda O‘zbekistonning ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlar bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha erishgan boshqa yutuqlari alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida mamlakatimizning Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti 5-raund monitoringi doirasida 2023 yil uchun olgan yuqori natijalari e’tirof etildi. Xususan «korrupsiyaga qarshi siyosat» sohasida «judayam yuqori baho» (86 balldan yuqori) bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng ilg‘or davlat sifatida tan olindi.
Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi samarali amalga oshirilayotir. Barcha manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 2030 yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli strategiya loyihasi ishlab chiqilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbuslarida fuqarolik jamiyati faolligining oshishi kabi muhim marralarga erishildi.
– O‘zbekiston salmoqli muvaffaqiyatlarga erishdi, – dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar. – Qonunlar allaqachon qabul qilingan, yangilari ishlab chiqilmoqda. Buning uchun Yevropa Ittifoqi zarur moliyaviy manbalar ajratgan. Lekin, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, bu hamon butun jamiyat uchun jiddiy muammo bo‘lib, uning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Shuning uchun nafaqat qonunlar qabul qilish, balki ularning ijrosini ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega. Fuqarolik jamiyatini jalb qilish va korrupsiya holatlari haqida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish ham muhimdir. Bu kurashda mustaqil jurnalistlar, blogerlar va xabar tarqatuvchilar asosiy rol o‘ynaydi. Ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yaxshi qonunlar yaratishdek muhim.
Forumning asosiy natijalaridan biri – O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Jahon bankining Halollik boshqarmasi o‘rtasida kadrlar tayyorlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘rganishlarni amalga oshirishda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumining imzolangani bo‘ldi.
Taqdirlash marosimi orqali hukumat ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan katta hissasini e’tirof etdi.
Forum davomida «Korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi davr: innovatsion texnologiyalar korrupsiyaning oldini olishning samarali vositasi sifatida», «Korrupsiyaga qarshi madaniyat ijtimoiy ziddiyatni bartaraf etish vositasi sifatida», “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va muvofiqlik tizimlarini joriy etish: muammolar va istiqbollar” mavzulariga bag‘ishlangan sessiyalar doirasida o‘zaro fikr va tajriba almashildi.
Forumda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha global tendensiyalar bo‘yicha tanqidiy muhokamalar muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekistonning ushbu sohadagi yutuqlari namoyish etildi. Forum davomida mamlakatning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda shaffoflik, hisobdorlik va yaxshi boshqaruvni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi ta’kidlandi.
Norgul Abduraimova,
Nosir Haydarov (surat),
Nishon Abduvoitov (video),
O‘zA
- Qo'shildi: 18.10.2024
- Ko'rishlar: 596
- Chop etish