Bosh prokuratura Akademiyasi tashkil etilganligining 2 yilligi munosabati bilan 2020 yil 12 may kuni “Yuridik fan va huquqni qo'llash amaliyotining dolzarb muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy video-konferentsiya bo'lib o'tdi, deb xabar berdi proacademy.uz sayti.
Ilmiy-amaliy konferentsiya ishida Bosh prokuratura Akademiyasi, Sud`yalar oliy maktabi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Harbiy-texnik instituti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Bojxona instituti, Davlat soliq qo'mitasining malaka oshirish instituti, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining yetakchi olimlari, professor-o'qituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilar, shuningdek yuridik fan va amaliyotga aloqador mutaxassis va ekspertlar ishtirok etdilar.
Onlayn rejimida o'tkazilgan mazkur konferentsiyaga Bosh prokuratura Akademiyasi Markazining boshlig'i M.M.Mamasiddiqov moderatorlik qildi. Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig'i YE. Kolenko tadbir ishtirokchilarini qutladi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M.Tillaboev "O'zbekistonda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda xalqaro-huquqiy tadqiqotlarning o'rni" mavzusida ma'ruza qildi.
Ishtirokchilar o'tgan davrda yuridik fan va huquqni qo'llash amaliyotida erishilgan yutuqlar haqida fikr almashdilar, shuningdek mavjud muammolar tahlil qilindi. Konferentsiya yakunida yuridik fanni yanada rivojlantirishning istiqbollari xususida xulosa va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Tadbir doirasida konferentsiya materiallari jamlangan ikki jilddan iborat to'plam taqdimoti ham bo'lib o'tdi. To'plamda konferentsiya ishtirokchilarining yuridik fanlarni rivojlantirishning nazariy, tashkiliy jihatlari va uning natijalarini amaliyotga tatbiq etish masalalari, davlat-huquqiy, fuqarolik-huquqiy, jinoyat-huquqiy va xalqaro-huquqiy fanlarni rivojlantirish hamda korruptsiya muammolariga bag'ishlangan ilmiy maqola va tezislar o'rin olgan.
Shuningdek, shu kunning o'zida Sud va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida Ilmiy-tadqiqot konsortsiumining navbatdagi yig'ilishi ham bo'lib o'tdi. Unda idoralararo hamkorlikda amalga oshirilgan ishlarning hisoboti muhokama qilinib, 2020 yilning ikkinchi yarmida birgalikda o'tkaziladigan ilmiy tadqiqotlarning asosiy yo'nalishlari belgilab olindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.05.2020
- Ko'rishlar: 4454
- Chop etish