Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Malayziyaning “BERNAMA” axborot agenligi Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning yurtimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifiga bag‘ishlangan qator maqolalarni e’lon qildi.
Unda Malayziya hukumati rahbari Toshkent shahrida o‘tgan oliy darajadagi tadbirlar va muzokaralarda ishtirok etgani, Samarqand va Buxoro shaharlariga tashrif buyurib, xalqimizning boy madaniy va tarixiy merosi bilan tanishgani, shuningdek, O‘zbekiston - Malayziya tadbirkorlari biznes forumi haqida batafsil yozilgan.
E’tiborlisi, mazkur forumda Malayziya Bosh vaziri o‘z nutqida O‘zbekistonga diplomatik delegatsiya sifatida emas, balki do‘st sifatida kelganini ta’kidlagani alohida yoritilgan.
– O‘zbekiston Prezidenti va hukumat vakillarining mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar haqidagi so‘zlaridan biz shunday xulosaga keldikki, O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlash mumkin,- dedi Anvar Ibrohim. – Jumladan, energetika, raqamli texnologiyalar, turizm yo‘nalishlarida hamkorligimiz istiqbolli bo‘lishiga ishonamiz.
Muallif O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning keyingi yillarda Malayziya bilan savdo-iqtisodiy aloqalar mustahkamlanib borayotgani, ushbu tashrif esa hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidlaganini yozib, mamlakatda yaratilayotgan qulay investitsiya muhiti, qonunchilik takomillashayotgani va iqtisodiyotni erkinlashtirilish borasida faol siyosat yuritilayotganini qayd etgan.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 21.05.2024
- Ko'rishlar: 1664
- Chop etish