AQShda saraton xastaligini keltirib chiqaruvchi asbestdan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatishga kirishilmoqda. Bu haqda mamlakat Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi (EPA) yozma bayonot berdi.
Hukumat sanoat korxonalariga sement, tomlarni qurish, suvni dezinfeksiyalash, avtomobil tormozlari va neft-gaz sohasida foydalaniladigan asbestdan voz kechish muddatlarini belgiladi.
Qonundan kelib chiqib, tegishli sohalar mazkur ashyodan foydalanishni «aqlli o‘tish davri» mobaynida to‘xtatishlariga to‘g‘ri keladi, deyiladi agentlik bayonotida. Taqiqlov xrizotil asbestiga tatbiq etiladi, AQShda bu mineralning faqat shu turi ishlatilmoqda.
«Asbest aholining salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan kanserogen ekani ilmiy tadqiqotlarda uzil-kesil tasdig‘ini topgan. Prezident Jo Bayden bir necha avlodlarni qamrab olgan bu muammo sanoqsiz ko‘plab odamlarning hayotiga ta’sir ko‘rsatganini tushunadi. Aynan shuning uchun EPA asbestdan doimiy foydalanishni allaqachon taqiqlash kerakligi borasidagi qarorga erishganidan faxrlanadi», — ta’kidladi agentlik rahbari Maykal Rigan.
Asbest o‘pka saratonidan tashqari, mezotelioma (o‘pka, ko‘krak, qorin bo‘shlig‘i va yurakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan saratonning kamyob turi) va o‘pkaning asbestoz kasalligini qo‘zg‘atishi isbotlangan. 2019-yilgi tadqiqotga ko‘ra, har yili asbest bilan bog‘liq kasalliklardan 40 mingga yaqin amerikalik vafot etadi.
Xabar.uz
- Qo'shildi: 19.03.2024
- Ko'rishlar: 1960
- Chop etish