19-mart — Abulqosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy tavallud topgan kun
Ko‘hna Xorazm — ko‘plab ulug‘ allomalarni yetishtirib, jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan maskan. Abulqosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy ana shunday ulug‘ siymolardan biridir.
Alloma 1075-yil 19-mart (hijriy 467-yil) Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topdi. Ota-onasi unchalik badavlat bo‘lmasa-da, savodli, taqvodor, diyonatli kishilar bo‘lgan. Shoir qasidalaridan birida otasining farzandlari ko‘p va oilasi katta bo‘lgani tufayli tirikchilik yo‘lida tinmay mehnat qilgani haqida yozadi.
Zamaxshariyning dunyoqarashi otasining ta’sirida shakllandi. Tarixchilar u haqda: «Bir oyog‘i yog‘ochdan edi va uzun yaktagini tushirib kiygani uchun ko‘rgan odam uni cho‘loq deb o‘ylardi», deya yozgan. Darhaqiqat, Zamaxshariy falokat tufayli yoshligidan bir oyoq bo‘lib qolgan va otasi uni endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb kiyim tikuvchi ustaga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand Mahmud otasidan o‘zini madrasaga yuborishni so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan ishtiyoq va havasni sezgan ota uni madrasaga beradi. Shu sabab bilan Az-Zamaxshariy ilm-fanning turli sohalari bilan qiziqib, talabalar orasida iste’dodini namoyon qila boshlaydi. U madrasada arab tili va adabiyoti, diniy ilmlar va xattotlik san’atini mukammal egallaydi hamda tirikchilik uchun ham birqadar intiladi.
Mashhur olim Ab-u Mansur as-Saolibiyning iborasi bilan aytganda Buxoro: «Somoniylar davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg‘or kishilari jamlangan: yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va o‘z davrining fozil kishilari yig‘ilgan (joy) edi». Arab tarixchisi va biografi ibn Xallikonning yozishicha, Zamaxshariy talabalik yoshiga yetgach, bilimini yanada oshirish, har tomonlama kamol toptirish maqsadida Buxoroga yo‘l oladi.
So‘ng bir necha yil Xorazmshohlar xizmatida bo‘lib, kotiblik bilan shug‘ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha biror mansab va munosib e’tibor ko‘rmagach, o‘zga yurtlarga safar qiladi. 1118-yili u og‘ir dardga chalinadi, bu kasallikdan tuzalgach, umrini faqat ilm-fanga bag‘ishlashga, asarlar ta’lif etishga astoydil qaror qiladi.
Az-Zamaxshariyning alloma bo‘lib yetishishida ustozlarining xizmati benihoya kattadir. Xususan, til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Ab-u Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir, Bag‘dodda shayx ul-islom Ab-u Mansur Nasr al-Xorisiy, Ab-u Saad ash-Shaqqoniy va boshqalar shular jumlasidandir.
Az-Zamaxshariy Makkada bo‘lganida nahv va fiqh bo‘yicha ilmni Ab-u Bakr Abdulloh, Al-Xayyatiydan, lug‘at ilmini esa Al-Javoliqiydan o‘rgandi. U hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Щijozda va ikki marta Makkada bo‘ldi.
Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili grammatikasi va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari va urf-odatlarini chuqur o‘rgandi, mintaqa jug‘rofiyasiga oid xilma-xil ma’lumotlarni to‘pladi.
Adib ko‘p asarlarini Makkada yaratdi. U Makkada besh yilcha yashaydi. Shu boisdan Jorulloh («Allohning qo‘shnisi») degan sharafli nomga muyassar bo‘ladi.
Az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug‘rofiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asar yaratdi, ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.Arab tilshunosligi va grammatikasining turli tomonlariga oid «Al-Mufassal» asarini bir yarim yil davomida Makkada yozdi. Bu asar Sharq va G‘arbda mashhur hisoblanadi. Olimlar ilmiy qiymmati jihatdan Az-Zamaxshariyning ushbu asarini taniqli arab tilshunosi Sibavayhning arab grammatikasiga oid kitobidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, deb ta’kidlaganlar.
O‘sha davr hatto Shom (Suriya) hokimi Muzaffariddin Muso kimda-kim Az-Zamaxshariyning ushbu asarini yod olsa, unga besh ming kumush tanga pul va sarpo sovg‘a qilishni va’da bergan.
Bir qancha kishilar asarni yod olib, mukofotga ham sazovor bo‘lganligi manbalarda keltirilgan. Bu misol Az-Zamaxshariy asarining o‘sha davrda ham qanchalik yuksak baholanganini ko‘rsatadi.
Xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy qilgan. Hukmdorlar, ayniqsa, xorazmshoh Otsiz olimlar, shoir-u adiblarga hurmat bilan qarar, o‘zi ham iste’dodli, ma’rifatparvar, adabiyotga qiziqqan, bilimdon odam edi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Az-Zamaxshariy «Muqaddimat ul-adab» asarini xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsiz nomiga bag‘ishlab yozgan. Asar besh katta qismga bo‘lingan bo‘lib, unda grammatikada otlar, fe’llar, bog‘lovchilar, ot o‘zgarishlari va fe’l o‘zgarishlari haqida bahs yuritadi.
«Muqaddimat ul-adab» arabchadan fors, chig‘atoy, mo‘g‘ul va turk tillariga tarjima qilingan. Bu asar yaratilgan davridan boshlab bir necha asrlar davomida olimlar, tadqiqotchilar diqqatini o‘ziga tortib kelayotir. U birinchi marta 1706-yili Xo‘ja Is’hoq Afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima etilgan.
So‘ngra fransuz, nemis va boshqa ko‘plab tillarga o‘girilgan. Parij, Leypsig, Vena, Leydan, qozon shaharlarida, Norvegiya, Misr va Hindistonda bir necha marta chop etilgan.
Nemis olimi Vatzastayn «Muqaddimat ul-adab»ning Yevropo qo‘lyozma fondlaridagi yettita nusxasini qiyosiy o‘rganib, 1850-yili Leypsigda asarning ikki jildlik tanqidiy matnini nashr etgan.
Asarning chig‘atoy tilidagi tarjimasi o‘zbek tili tarixini o‘rganuvchilar uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu haqda Sadriddin Ayniy 1921-yili «Mehnatkashlar tovushi» gazetasiga yozgan maqolasida «Az-Zamaxshariyning «Muqaddimat ul-adab» asari o‘zbek tili uchun butun dunyoning xazinasi bilan barobardir», deb yozgan edi.
Az-Zamaxshariy Makka amiri, olim va adib Abul Hasan Ali ibn Hamza ibn Vahhos as-Sulaymon bilan do‘st edi. Ibn Vahhos o‘z mamlakatining jug‘rofiyasi bilan juda yaxshi tanish bo‘lgan. Az-Zamaxshariy ibn Vahhos ma’lumotlariga tayanib, o‘zining Hijozga qilgan safaridan olgan shaxsiy kuzatishlari asosida yozgan «Kitob al-jibol va-l-amkina va-l-miyoh» («Tog‘lar, joylar va suvlar haqida kitob») nomli asarida jug‘rofiy joylar, tog‘lar va dengizlarga doir qimmatbaho ma’lumotlar keltiradi.
Az-Zamaxshariyning bu asari G‘arb olimlari o‘rtasida ham keng tanilgan. 1856-yili gollandiyalik arabshunos olim Salverda de Grave tomonidan mukammal tadqiq qilingan holda nashr etilgan.
Az-Zamaxshariyning «Asos al-balog‘a» («Notiqlik asoslari») asari asosan lug‘atshunoslikka bag‘ishlangan bo‘lib, unda arab tilining fasohati, fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog‘at ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerakligi haqida so‘z boradi.
Allomaning «Atvoq uz-zahab fi-l-mavoi’z va-l-xutab» («Xutbalar va va’zlar bayonida oltin shodalar») asari ham bo‘lib, u nasihatomuz maqolalar to‘plamidan iborat. Asar 1835-yili olmon olimi Fon Xomir tomonidan nemischaga tarjima qilingan. O‘ttiz yilcha o‘tgach, fransuzchaga tarjima qilinib, 1886-yili Parijda chop etilgan. 1873-yili ham usmonli turk tiliga tarjima qilinib, Istanbulda nashrdan chiqqan…
Bundan tashqari, Az-Zamaxshariyning «Rabi’ul-abror va nusus ul-axyar» —«Ezgular bahori va yaxshilar bayoni», «Al-Kustos fi-l-aruz» — «Aruzda o‘lchov mezon»,«Al-Mustaqso fi-l-amsol» — «Nihoyasiga yetgan masallar» va «Maqomat» — «Maqomlar», «Devon ush-she’r» kabi ko‘plab asarlari jahon ilm ahli diqqat markazida turadi.
Qohiradagi butun dunyoga mashhur Al-Azhar diniy dorulfununining talabalari ham Az-Zamaxshariyning «Al-Kashshof» asari asosida Qur’onni o‘rganadilar.
«Al-Kashshof»ning Toshkentda, jumladan, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniya nazoratining kutubxonasida bir qancha qo‘lyozma nusxalari saqlanadi.
Qarindosh-urug‘larining qistovlariga qaramasdan uylanmagan va oila qilmagan Az-Zamaxshariy ilmiy asarlar yaratish va munosib shogirdlar tayyorlashni barchasidan a’lo deb hisoblagan. Az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib, Xorazmda bir necha yil yashaydi va hijriy 538-yili vafot etadi.
Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA
- Qo'shildi: 19.03.2024
- Ko'rishlar: 2000
- Chop etish