Hududlar ulardagi atmosfera havosi bilan bogʻlik real ekologik holatdan kelib chiqib, ilgʻor xorijiy tajriba va innovatsion texnologiyalar asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik zonalarga ajratib boriladi.
Transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini avtomatik baholash tizimiga asosan diagnostika tekshiruvi jarayonida aniqlash va natijalari boʻyicha qalbakilashtirishdan himoyalangan hamda elektron belgiga ega boʻlgan ekologik stikerlar berish orqali transport vositalari “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglar bilan belgilanadigan “toza”, “oʻrta” va “zararli” ekologik toifalarga boʻlinadi.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya toʻlovlari joriy etiladi yoxud ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash yoki taqiqlash joriy etiladi. Mazkur talab:
- birinchi bosqichda (2024-2026-yillarda) - Toshkent shahrida;
- ikkinchi bosqichda (2026-2028-yillarda) - Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda, zaruratga koʻra, alohida ekologik zonalarda (sayyohlik markazi, tabiat qoʻriqxonasi, sogʻlomlashtirish hamda dam olish maskanlari va boshqalar);
- uchinchi bosqichda (2028-2030-yillarda) - boshqa barcha hududlarda amalga oshiriladi.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan transport vositalaridan ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi hamda jarima mablagʻlari mamlakatning ekologik holatini yaxshilashga va atrof-muhitni muhofaza qilishga maqsadli yoʻnaltiriladi.
2024-yil 1-iyundan boshlab respublikaning barcha hududlarida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va natijalari boʻyicha ekologik stikerlar berish mazkur xizmatlar uchun alohida toʻlov undirilmasdan transport vositalarini Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmalarida roʻyxatga olish va qayta roʻyxatga olish jarayonida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:
- 2027-yil 1-yanvarga qadar - Toshkent shahrida;
- 2029-yil 1-yanvarga qadar - Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda ekologik zonalarga ajratilgan alohida ekologik zonalarda;
- 2031-yil 1-yanvarga qadar - boshka barcha hududlarda.
Elektromobil va elektromototsikllar hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan boshqa turdagi transport vositalariga ularning egalari tomonidan onlayn axborot tizimlari orqali yuborilgan murojaatlar asosida real vaqt rejimida “yashil” ekologik toifasiga mansub ekologik stikerlar mazkur xizmatlar uchun alohida toʻlov undirilmasdan diagnostika tekshiruvisiz beriladi va pochta orqali yuboriladi.
Shoshilinch va tezkor xizmat transport vositalaridan hamda jamoat transportidan (taksi va yoʻnalishli taksidan tashqari) barcha ekologik zonalar hududida hech qanday cheklov va taqiqlarsiz foydalaniladi.
Ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan ayrim turdagi transport vositalaridan Vazirlar Maxkamasi tomonidan belgilangan tartibda ekologik kompensatsiya toʻlovlarini amalga oshirish orqali tegishli ekologik zonalar hududida vaqtinchalik foydalanish mumkin.
2024-yil 1-dekabrga qadar ekologik toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq boʻlmagan transport vositalaridan ekologik zonalar hududida foydalanish tartibiga rioya etmaganlik uchun javobgarlik choralarini belgilash boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati