Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam bo‘yicha agentligi bosh komissari Filipp Lazzarini ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bir oydan beri G‘azo shimoliga yordam yetkazib berilmayotganini aytdi.
Tashkilot oxirgi marta 23-yanvar kuni G‘azo shimoliga oziq-ovqat yetkazilganini eslatgan Lazzarini, o‘shandan beri BMTning boshqa idoralari bilan birga yaqinlashib kelayotgan ocharchilikdan ogohlantirib, mintaqaga insonparvarlik yordami bo‘yicha murojaat qilib kelinayotganini qayd etdi.
Falastin hukumatining G‘azodagi matbuot bo‘limi tarqatgan ma’lumotgako‘ra, 7-oktyabrdan beri Isroil qamaldagi G‘azo sektoriga hujum qilish uchun, orasida taqiqlangan fosforli va kassetali turlari ham bo‘lgan, jami 70 ming tonna bombadan foydalangan. Shu davr ichida 360 mingdan ortiq turar-joy vayron qilingan.
Hisobotda Falastin xalqiga qarshi 19 urush jinoyati, jumladan insoniyatga qarshi jinoyat sodir etilgani keltirilgan. 30 mingga yaqin odam, asosan ayollar va bolalar o‘ldirilgan, 2600 kishi qo‘lga olingan. Notinchlik sabab 2 million falastinlik uyini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.
Az-Zaytun, Shayx Rizvon va An-Nasr mahallalari, Al-Mag‘ozi qochqinlar qo‘nalg‘asi va G‘azoning g‘arbiy mintaqasida yuzlab odamlardan tirik qalqon sifatida foydalanilgan.
G‘azo bo‘ylab, ayniqsa, shimolda qamalni kuchaytirgan Isroil, urush usuli sifatida ocharchilikdan foydalandi. Falastinliklardan 300 million shekelga yaqin naqd pul, oltin, zargarlik va boshqa qimmatli buyumlar o‘g‘irlangan.
Hujum chog‘ida jami 500 dan ko‘p masjid va cherkov, 300 dan ortiq universitet va maktab, 360 000 dan ziyod uy vayron bo‘ldi, G‘azodagi 35 kasalxonadan 31 tasi ishdan chiqdi.
Afsuski, ming yillik tarixga ega 200 dan ko‘p arxeologik va tarixiy obida vayron bo‘lgan.
G.Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 27.02.2024
- Ko'rishlar: 1884
- Chop etish