Falastin davlatining tan olinishi Falastin xalqi huquqlari, shu jumladan, ularning ozodlik va mustaqillik yo‘lidagi kurashi bo‘yicha muhim huquqlarining tan olinishi ekani ta’kidlandi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir guruh ekspertlari 3 iyun kuni barcha davlatlarni Yaqin Sharqda tinchlikni ta’minlash uchun Falastin davlatini tan olishga chaqirdi Bu haqda Reuters yozdi.
Bu Ispaniya, Irlandiya va Norvegiyaning Falastinni davlat sifatida tan olganidan deyarli bir hafta o‘tib sodir bo‘lmoqda. Ushbu uch davlatning qarori 8 oylik urush sababli tobora yakkalanib qolayotgan Isroilning g‘azabini keltirgan edi.
Mutaxassislar, jumladan, Falastin hududidagi inson huquqlari bo‘yicha BMT maxsus vakili Falastin davlatining tan olinishi Falastin xalqi huquqlari va ularning ozodlik va mustaqillik yo‘lidagi kurashi bo‘yicha muhim huquqlarining tan olinishi ekanini ta’kidladi.
«Bu Falastin va butun Yaqin Sharqda barqaror tinchlik o‘rnatishning dastlabki shartidir, bu G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va Rafahga harbiy yurishlarni to‘xtatishdan boshlanishi kerak», dedi ekspertlar.
«Ikki xalq uchun ikki davlat yechimi ham Falastin, ham Isroil uchun tinchlik va xavfsizlikka olib boruvchi xalqaro miqyosda kelishilgan yagona yo‘l bo‘lib qolmoqda, shuningdek, bu bir necha avloddan buyon davom etayotgan zo‘ravonlik va nafratni to‘xtatish yo‘lidir».
Isroil Tashqi ishlar vazirligi BMT ekspertlari bayonotiga izoh berish so‘roviga darhol javob bermagani ta’kidlanmoqda.
Avvalroq, Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya Falastin davlatini tan olish orqali Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushni to‘xtatishni ta’minlashga intilayotganini aytishgan edi. Uch mamlakat, o‘z qarori Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarini ham shunga o‘xshash harakat qilishga undaydi, deb umid qilmoqda. Keyinroq, Daniya parlamenti Falastin davlatini tan olish taklifini rad etdi.
Isroil bir necha bor Falastin davlatini tan olish harakatlarini qoralab, bu orqali HAMAS qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidlab keladi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 04.06.2024
- Ko'rishlar: 1583
- Chop etish