Bir milliondan ko‘p odam, ya’ni G‘azo aholisining yarmi iyul oyi o‘rtalarida ocharchilik yoki o‘lim bilan yuzma-yuz kelishi mumkin. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Jahon oziq-ovqat dasturi tomonidan chop etilgan hisobotda aytilgan.
18 issiq nuqtada ocharchilik tahdidi kuchaygan. Xususan, G‘azo sektori va Sudan ofatning oldini olish uchun shoshilinch yordamga muhtoj. Mali, Falastin, Janubiy Sudan va Sudandagi vaziyat eng xavotirli, deyiladi hujjatda.
Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlarini tahlil qilish uchun hisobotda IPC shkalasi sifatida tanilgan oziq-ovqat xavfsizligi bosqichlarining integratsiyalashgan tasnifi keltirilgan. Xullas, 2,2 million G‘azo aholisining 100 foizi “inqiroz” deya ta’riflangan uchinchi yoki yanada yuqori bosqichda. 1,1 million kishi beshinchi, ya’ni ocharchilik bosqichiga, 900 ming odam esa “favqulodda holat” ma’nosini anglatuvchi 4 bosqichga tasniflangan.
“Falastinda davom etayotgan mojaro oziq-ovqat yetishmovchiligi bilan bog‘liq falokatli vaziyatni yanada yomonlashtirib, ocharchilikka, o‘limga, shuningdek G‘azo sektori butun aholisi ko‘chirilishiga olib kelishi kutilmoqda”, deyilgan hisobotda.
“Bunday dahshatli istiqbol barchamiz uchun ogohlantirish”, dedi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dun’yuy. Shuningdek, ocharchilik juda kech e’lon qilingani, chunki oziq-ovqat tanqisligidan ko‘plab odamlar allaqachon halok bo‘lgani aytilgan.
– 2011 yil Somalida ocharchilik qurboni bo‘lgan chorak million odamning yarmi ofat rasman e’lon qilinishidan oldin vafot etgan, – deyiladi xabarda. – O‘sha payt dunyo ogohlantirishga e’tibor bermadi va oqibat halokatli bo‘ldi. Biz saboq olishimiz va bu issiq nuqtalar ochlik bo‘ronini qo‘zg‘atmasligi uchun hozir harakat qilishimiz kerak.
G.Sattorova,
O‘zA
- Qo'shildi: 07.06.2024
- Ko'rishlar: 1522
- Chop etish