BMT qarorgohida Turkiy tinchlik haftaligi

22-25-aprel kunlari BMTning Jenevadagi qarorgohida turkiy xalqlar madaniy birligi ifodasi sifatida “Turkiy tinchlik haftaligi” o‘tkazildi. Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tomonidan Xalqaro Turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy tillar madaniyati va merosi jamg‘armasi, Xalqaro Turk akademiyasi va Turkiy davlatlar parlament assambleyasi ishtirokida tashkil etildi.

TDT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ma’lum qilishicha, mazkur tashabbus turkiy xalqlar tarixi va an’analari merosini targ‘ib qilish maqsadida turli mamlakatlarda uyushtiriladigan tadbirlar debochasidir.

Haftalikni o‘tkazish g‘oyasi tuzilmaning 2023-yil noyabr oyida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan 10-sammitida a’zo davlat rahbarlari tomonidan taqdim etilgan.
Turk dunyosi haftaligi doirasida suratlar ko‘rgazmasi, konferensiya va gala-konsert tashkil etildi.

– Turkiy davlatlarni yagona maqsad birlashtiradi, – deydi “Biz birga kuchlimiz!” shioriga sodiqlikni yana bir bor tasdiqlagan K.Omuraliyev. – Haftalik diplomatiya markazi bo‘lgan Jenevada turk dunyosi hamkorligini butun dunyoga namoyish etishni ko‘zlagan. Bunday tadbirlarni boshqa turli mamlakatlarda ham o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

Dasturlarda ko‘plab davlatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

G.Sattorova,
O‘zA

Powered by GSpeech