2020 yil 19 oktyabr kuni Toshkentdagi "Sevimli" telekanalida shu mavzuda brifing bo'lib o'tdi. Tadbirga O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov moderatorlik qildi.
Brifingda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari Sherzod Asadov, Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakil (biznes-ombudsman) Dilmurod Qosimov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazining ijrochi direktori Eldor Tulyakov, "Yuksalish" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov, shuningdek BMTning O'zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy ofisi rahbari Rishard Komenda ishtirok etdi.
Shu bilan birga, onlayn muloqotda O'zbekistonning Jenevadagi Doimiy vakolatxonasi rahbari Ulug'bek Lapasov va BMTning N`yu-Yorkda joylashgan qarorgohidagi mamlakatimiz Doimiy vakolatxonasi rahbari Baxtiyor Ibragimov qatnashdi.
Ma'lumki, 2020 yil 13 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida bo'lib o'tgan saylovlarda O'zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga — 2021-2023 yillarga saylandi. Mamlakatimiz uchun BMTga a'zo 193 davlatdan 169 tasi ovoz berdi. Bu saylovda eng ko'p ovoz berilgan davlat O'zbekiston bo'ldi.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi jahon bo'ylab bu boradagi vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga ko'rsatma va tavsiyalar berib boradi. Eng muhimi, mazkur Kengashga a'zo har bir davlat o'z majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquqlari va erkinliklari bilan bog'liq mezonlarga amal qilishda namuna bo'lishi lozim.
Shu ma'noda, O'zbekistonning BMT organiga a'zolik uchun intilgani bejiz emas. Bu samarador sa'y-harakat davlatimiz BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosiga yuklatiladigan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qat'iy bel bog'laganidan dalolatdir.
BMT Bosh Assambleyasining 60/251-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, 2019 yil oktyabr` oyida O'zbekiston tomoni "Inson huquqlari bo'yicha kengashga 2021-2023 yillarda taqdim etiladigan Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar" hujjatini tadqim etgan. Shuningdek, ushbu va'dalarni qisqa tahlil qiluvchi yana 2 ta hujjat tayyorlangan.
Brifingda e'tirof etilganidek, mazkur hujjatlar BMT Bosh Assambleyasi va Inson huquqlari bo'yicha kengashida hamda O'zbekistonning diplomatik vakolatxonalari orqali a'zo-davlatlar o'rtasida keng tarqatildi.
O'zbekiston taqdim etgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar"da mamlakatda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, bu borada kelgusida bajariladigan vazifalar ham aks ettirilgan. Xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O'zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari batafsil taqdim qilingan.
Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirish belgilangan. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, bugungi kunga qadar rejadagi ayrim ixtiyoriy majburiyatlarni bajarishga kirishilgan.
O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi bo'lishidan ko'zlagan maqsadi ezgu va xolisdir. A.Saidov ta'kidlaganidek, "Biz mamlakatimizda ham, jahon miqyosida ham huquq va qonun ustuvor bo'lishi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari har tomonlama ta'minlanishi, himoya qilinishi va rag'batlantirilishi tarafdorimiz".
Brifing jarayoni O'zbekiston teleradiokompaniyasining telekanallari va axborot dasturlarida, shuningdek "UzReport TV" telekanalida to'g'ridan-to'g'ri namoyish etildi. Mazkur brifing tafsilotlari "Sevimli" telekanali va "MY5" telekanalining "O'zbekiston jahon maydonida" ko'rsatuvi orqali ham keng yoritildi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.10.2020
- Ko'rishlar: 3883
- Chop etish