Bolalar ombudsmani bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, zo‘ravonlikka uchrayotgan bolalarni himoyasiga olish bo‘yicha izchil ishlarni amalga oshirmoqda.
Bolalar tarbiyalanayotgan, yashayotgan muassasalardagi ahvol ham nazardan chetda qolmayapti.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova Respublika Bolalar ijtimoiy moslashuv markazida bo‘lib, bu yerdagi shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Mazkur muassasa 2004 yilda tashkil etilgan bo‘lib, deyarli 10 yil davomida turli ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhdagi bolalarga, jumladan, nogironligi bor bolalarga kompleks ravishda tibbiy, ijtimoiy va psixologik ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.
Shu bilan birga, markaz bolalarga faqatgina ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish bilan cheklanib qolmay, ularning ijtimoiy moslashuvi muammolarini hal etish yuzasidan maqsadli kompleks dasturlarni ishlab chiqib, amalga oshirayotir.
O‘rganish davomida mutaxassislar asosan «Montessori» usulini qo‘llashi ko‘rib chiqildi. (Bu usul bolani jazolamasdan hamma narsani bajarishni uning o‘ziga qo‘yib berishni o‘z ichiga oladi).
«Montessori» bolajonlarda mustaqil fikrlash, shaxsiy mas’uliyat ko‘nikmalari shakllanishiga yordam berayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, muassasada psixologik terapiya, art-terapiya, ertak terapiyasi, suv muolajasi va maxsus ko‘nikma (adaptatsiya), musiqa, sport va boshqa ixtisoslashtirilgan ko‘mak xonalari mavjud.
Ushbu markaz faoliyati bilan tanishuv asnosida bolajonlar yaratgan ijod namunalari bilan tanishildi.
– Har bir ijod namunasi o‘zgacha, kichkintoylarning ichki olamini namoyon qilgan, – deydi S.Rahmonova. – Bunday o‘ziga xos bolajonlarning to‘liq ijtimoiy moslashuvini ta’minlash, ularni e’tibordan chetda qoldirmaslik va diskriminatsiya qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik nihoyatda zarur. Markaz bilan bu boradagi hamkorligimizni faol davom ettiramiz.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 21.05.2024
- Ko'rishlar: 1419
- Chop etish