Saylovga oid savolim bor...
Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi “Saylovga oid savolim bor...” rukni ostida saylovchilar tomonidan yo‘llangan savollarga mutaxassisdan muntazam ravishda javoblar berib borilishini yo‘lga qo‘ydi.
Saylovchilarni qiziqtirgan savollarga huquqiy javob topishga ko‘maklashishda davom etamiz.
Fuqarolarning saylovga oid savollariga Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Muxtabar Husanova javob berdi.
— Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldira olmaydigan shaxs nima qilishi kerak? Boshqalar yordamida byulletenni to‘ldirishi mumkinmi?
— Albatta. Saylov kodeksiga ko‘ra, byulletenni mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli. Faqatgina bundan saylov komissiyasi tarkibiga kiradigan shaxslar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasnodir.
Bundan tashqari, saylovda ovoz berishni tashkil etishda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ovoz berish binolari jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning kirishiga qulay, shu jumladan ovoz berish xonasi binoning birinchi qavatida bo‘lishi, uchastka saylov komissiyasi binosiga kirish joyida nogironlar aravachasiga moslashtirilgan nishab yo‘laklari (panduslar) bo‘lishi va ular belgilangan talablarga mos kelishi kerakligi qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, saylovchilar ro‘yxatida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar mavjud bo‘lgan saylov uchastkalari optik lupalar (kattalashtiruvchi oynalar), qo‘shimcha yoritkichlar, stul hamda Brayl alifbosi asosida tayyorlangan trafaretlar bilan jihozlanishi belgilab qo‘yilgan.
Ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan saylovchilar uchun axborot stendlarida katta hajmdagi shriftlarda va (yoki) Brayl alifbosidagi materiallar joylashtirilishi mumkin, — deydi Muxtabar Husanova.
Muhtarama Komilova,
Abror Sodiqov, Anvar Ahmedov (video),
O‘zA
- Qo'shildi: 14.10.2024
- Ko'rishlar: 901
- Chop etish