2020 yil 13 oktyabr kuni “Xalqaro standartlar va insoniylik mezonlari sohasidagi YEXHTning majburiyatlarida belgilangan barcha uchun din yoki e'tiqod erkinligi huquqining mohiyati, holati va qo'llanish sohasiga oid onlayn taqdimot” bo'lib o'tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda o'tkazildi.
Taqdimotda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, huquqni muxofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari Dilshod Eshnaev, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining Inson huquqlari bo'yicha departamenti boshlig'i Andrea Xuber onlayn anjuman ishtirokchilarini qutladilar.
Tadbir davomida YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda nufuzli xorijiy universitetlar xalqaro ekspertlarining ma'ruzalari tinglandi.
BMT Inson huquqlari kengashining Din yoki e'tiqod erkinligi masalasi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmed Shahidning O'zbekistonga 2017 yilgi tashrifi asnosida bildirilgan takliflar, shuningdek inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalari bo'yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha tavsiyalarni amalga oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qo'shma qarori qabul qilingan.
Ushbu Qo'shma qaror ijrosi doirasida hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 15 noyabrdagi farmoni bilan Millatlararo munosabatlar sohasida O'zbekiston Respublikasi davlat siyosati kontseptsiyasi tasdiqlandi. Kontseptsiya inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga, O'zbekistonning birligi va yaxlitligini mustahkamlashga, mamlakat hududida yashovchi millat va elatlarining etnik-madaniy o'ziga xosligini saqlashga, jamiyatda millatlararo bag'rikenglik, totuvlik va tinchlikni saqlashga yo'naltirilgan.
Anjuman davomida YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining Din yoki e'tiqod erkinligi masalalari bo'yicha katta maslahatchi vazifasini bajaruvchi Mikolay Vjechyonkovski tadbir ishtirokchilarini Xalqaro standartlar va insoniylik mezonlari sohasidagi YeXHT majburiyatlarida belgilangan barcha uchun din yoki e'tiqod erkinligi huquqining mohiyati, holati va qo'llanish sohasida ahamiyatga molik jihatlari bilan tanishtirdi. Xususan, din yoki e'tiqod erkinligi huquqining asosiy hususiyatlari, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro huquqqa muvofiq din yoki e'tiqod erkinligi huquqining maqbul cheklovlari haqida atroflicha tushuntirish berildi.
Shuningdek, Oksford universiteti Inson huquqlarini himoya qilish sohasida xalqaro huquq kafedrasi dotsenti doktor Nazila Ganeaning ma'ruzasi tinglandi. Ma'ruzada din yoki e'tiqod erkinligi va boshqa inson huquqlari, jumladan, gender tengligi, kamsitilmaslik huquqi hamda fikr va uni ifodalash erkinligi o'rtasidagi bog'liqlik tahlil qilindi. Shu bilan birga, barcha uchun din yoki e'tiqod erkinligini hurmat qilish, himoyalash va targ'ib etishda davlatning majburiyatlari to'g'risidagi amaliyotlar xususida so'z bordi.
Ma'lumki, 2019 yil 4 sentyabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilingan. Unga ko'ra din ishlari sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, fuqarolarning vijdon erkinligi kafolatlarini himoya qilish bo'yicha yangi tizim joriy etildi.
Ushbu tizim doirasida Din ishlari bo'yicha qo'mitaning yangilangan asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo'nalishlari belgilangan. Diniy mutaassiblik va ekstremizm g'oyalarini tarqatish, turli konfessiyalar o'rtasida adovatni yuzaga keltirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yo'l qo'ymaslik choralarini ko'rish; aholining ayniqsa yosh avlodning diniy va dunyoviy qarashlarini rivojlantirish; ommaviy axborot vositalari, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan radikal g'oyalarga qarshi kurashish maqsadida milliy an'ana va qadriyatlarimizning keng targ'ib etilishini ta'minlash shular jumlasidandir.
Ma'lumot uchun: O'zbekistonda 16 ta turli konfessiya bo'yicha 2 ming 275 ta diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shundan 92 foizi yoki 2 ming 92 tasi islom diniga oid tashkilotlardir.
Bundan tashqari, mamlakatimizda pravoslav, katolik, lyuteran, baptist, to'liq injil, adventist va boshqa nasroniy cherkovlar, shuningdek buxoro va yevropa yahudiylari, bahoiylar, krishnaitlar va buddaviylarning diniy jamoalari mavjud. Bugungi kunda, xususan, 165 ta nasroniy, 8 ta yahudiy, 6 ta bahoiylar tashkilotlari, 1 ta krishnaitlar, 1 ta buddaviylar ibodatxonalari va 1 ta konfessiyalararo Bibliya jamiyati faoliyat ko'rsatmoqda.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.10.2020
- Ko'rishlar: 4341
- Chop etish