Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili O‘zbekiston Milliy paviloniga tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston paviloni eksklyuzivligini ta’kidlab, mamlakatimizning noyob madaniy merosi hamda ekologiya va iqlim masalalariga barqaror yondashuvlarini ifodalaganini qayd etdi. Uning milliy qadriyatlar va ekologik yondashuvlarni uzviy uyg‘unlashtirgan o‘ziga xos dizaynini e’tirof etdi.
Shuningdek, Zurab Pololikashvili UNWTO Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida e’lon qilingan barcha loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqishda davom etishini aytib o‘tdi.
– Biz faol hamkorlik qilamiz va Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz, – deydi Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi.
Muloqot chog‘ida Bosh kotib O‘zbekiston o‘zining boy merosi va ulkan ekologik loyihalari tufayli sayyohlar va hamkorlar e’tiborini jalb etib, xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini mustahkamlab borishiga ishonch bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) BMTning xalqaro sayyohlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotdir. Mazkur tashkilot dastlab 1925 yilda Xalqaro sayyohlar assotsiatsiyasi sifatida tashkil topgan. Shundan so‘ng 1974 yilda uning nomi Butunjahon turizm tashkiloti deb o‘zgartirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 22.11.2024
- Ko'rishlar: 834
- Chop etish