Davlat fuqarolik xizmatidagi rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni maqsadli tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi

Xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy faolligi va davlat boshqaruvida qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroki mamlakat taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori Farangiz Avazbekova shu haqdagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

– Davlatimiz rahbari qayd etganidek, xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi bugungi kunning dolzarb masalasidir. Milliy siyosatimiz markazida turadigan eng ezgu maqsad – oilalar mustahkamligini, ayollarimizning huquqiy himoyasi va osoyishta hayotini ta’minlashdan iborat.

Darhaqiqat, xotin-qizlarning o‘z zimmasidagi vazifalar ijrosiga mas’uliyat bilan yondashishi, ulardagi ishchanlik salohiyati, muloqot ko‘nikmalari, tezkor va qat’iyatlik bilan qaror qabul qila olish mahorati, bu jarayonlarda boshqa insonlar fikrlarini inobatga olib, xulosa qila olish xususiyati – davlat xizmatida ularning o‘ziga xos o‘rin tutishini namoyon qiladi.

Shu tufayli, davlat boshqaruvida xotin-qizlar salmog‘ini oshirish, xususan, salohiyatli rahbar ayollar korpusini shakllantirish – davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish kun tartibidagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Ta’kidlash kerak, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ochiq tanlovlar yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng amalda barcha uchun bir xil talablar belgilandi. Ish beruvchi, kadrlar boshqarmasi vakillari va nomzodlar o‘rtasidagi inson omili cheklandi. Bu, albatta, xotin-qizlarning davlat xizmatiga kirish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.

Raqamlarda fikrimizni asoslaydigan bo‘lsak, avvallari ayollar davlat xizmatiga kirganlarning 5-8 foizini tashkil etgan bo‘lsa, endi tanlov g‘oliblarining qariyb 34 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Aniqroq qilib qayd etsak, bugungi kunga qadar ochiq tanlovlarda 3,7 million nafar nomzoddan arizalar kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 20 foizini ayollar tashkil etdi. Mazkur tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 78 ming 900 nafar fuqarolarning 26 ming 300 nafari (33 foiz) xotin-qizlardir. Buni kadrlar siyosatidagi katta yutuq sifatida e’tirof etsak bo‘ladi.

Shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan respublikamizda rahbarlik lavozimlar uchun shakllantirilgan Milliy kadrlar zaxirasida xotin-qizlar salmog‘i 2023 yilga nisbatan 2 barobar oshirildi.

Ta’kidlashimiz joiz, endilikda “Mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida xotin-qizlar ham yuqori lavozimlarga tayinlanmoqda. Xususan, yangi tizimga ko‘ra, mahallalarda faoliyat yuritayotgan hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari orasidan ming nafari Salohiyatli kadrlar rezerviga saralab olindi. Nomzodlar uchun maxsus Dastur tayyorlandi, malakasi oshirildi va ularni turli mas’ul lavozimlarga tayinlash jarayonlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, Agentlik tomonidan 29 ta respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida hamda ularning Sirdaryo viloyatidagi 7 ta hududiy boshqarmasida faoliyat olib borayotgan 83 nafar xotin-qizlar uchun sinov tariqasida moslashuvchan ish rejimi aprobatsiyasiyadan muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Endilikda davlat xizmatida barcha uchun shunday maqbul rejimlarni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, bugungi kunga qadar xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga maqsadli tayyorlashga qaratilgan “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv dasturining 3 ta mavsumi doirasida 143 nafar ayollar o‘qitildi. O‘quvlar yakuniga ko‘ra, ushbu tinglovchilar Milliy kadrlar zaxirasiga kiritildi.

Agentlik tomonidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda joriy yilning avgust-noyabr oylarida “Rahbar ayollar maktabi” dasturining 4-mavsumi uchun nomzodlarni saralash jarayoni o‘tkazildi.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan xotin-qizlar orasidan 300 nafar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tavsiyasi bilan yuqori natija ko‘rsatgan, yetuk va tashabbuskor 250 nafar ayol maktab direktorlari saralab olindi. Bunda, jami 550 nafar salohiyatli xotin-qizlar ro‘yxati shakllantirildi.

Saralab olingan nomzodlarning bilim darajasini aniqlash uchun o‘tkazilgan Milliy kadrlar zaxirasi test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 150 nafar xotin-qizlar bilan suhbat tashkil etildi. Test sinovlari va suhbat natijalariga asosan eng yuqori natijalarga erishgan 100 nafar xotin-qizlar “Rahbar ayollar maktabi”ning yangi mavsumi o‘quvlarida ishtirok etish uchun tavsiya etildi. Hozirda o‘quv jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etish joizki, Prezidentimiz boshchiligidagi islohotlarni samarali amalga oshirish uchun bugungi kunda rahbarlardan iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ko‘proq bilimlar talab qilinmoqda.

E’tiborli jihati, ushbu mavsumning o‘quv dasturi takomillashtirildi, xususan, dastur raqamli iqtisodiyot, aholini kambag‘allikdan chiqarish, tadbirkorlik ekotizimi va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish sun’iy intellekt asoslari va loyihalarda qo‘llanilishi, muammolarni manzilli hal etish bo‘yicha ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan mavzular bilan yanada to‘ldirildi.

Bundan tashqari, dars mashg‘ulotlariga o‘z amaliy tajribalari bilan bo‘lish va shaxsiy namuna sifatida yuqori lavozimdagi rahbarlar, vazirliklar va idoralar, tijorat banklarining tajribali rahbar va mutaxassislarini jalb etish rejalashtirilgan.

Bu esa, ko‘p sonli nomzodlar orasidan saralangan xotin-qizlarni yuqori rahbarlik lavozimlariga maqsadli tayyorlashda eng zamonaviy bilimlar asosida malaka oshirish jarayonlari tashkil etish imkoniyatini beradi.

Albatta, Gender tenglikka erishish strategiyasida ham boshqaruvda ayollarning sonini bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Maqsadimiz – 2030 yilga borib davlat fuqarolik xizmatida xotin-qizlarning nafaqat sonini, balki ularning bilim va salohiyatini yanada oshirish, shuningdek, ayol davlat xizmatchilarning uzluksiz kasbiy va shaxsiy rivojlanishi uchun maqbul samarali tizim orqali ularni rahbarlik lavozimlariga maqsadli tayyorlashning shaffof va samarali tizimini takomillashtirishdir.

Ma’lumki, “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyihaning IV bo‘limi Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishining 81-maqsadida davlat xizmatining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni maqsadli tayyorlash tizimini yaratish, bunda, iqtidorli xotin-qizlar orasida “Rahbar ayollar maktabi”ga qabul doirasida maqsadli tanlovlar e’lon qilinib, 100 nafar xotin-qizlarning maxsus o‘quv dasturi asosida boshqaruvga oid ko‘nikmalarini oshirish, onlayn o‘quvlar orqali 20 ming nafardan ortiq xotin-qizlarning bilimlari va kasbiy ko‘nikmalarini oshirish nazarda tutilmoqda.

Davlat xizmatida xotin-qizlarning salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan tizimlar esa bevosita davlat xizmati sifatiga va natijadorligiga ta’sir o‘tkazadi. Albatta, ushbu dastur – mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy xabardorlik darajasini oshirish, kasbiy bilimlarini yuksaltirish hamda davlat xizmatida ayollar uchun o‘zaro tajriba va malaka almashishga qulay ijtimoiy muloqot maydoni vazifasini o‘taydi.

Shu asosda mazkur tizim eng salohiyatli xotin-qizlarni davlat xizmatiga yanada keng jalb qilish, umuman olganda, ayollarning jamiyatdagi faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech