Senat Raisi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi London shahrida YETTB tomonidan tashkil etilgan forumda ishtirok etdi

Joriy yilning 25-yanvar kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) Londondagi bosh qarorgohida “Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar va ijtimoiy sheriklik” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Tadbirda 100 dan ortiq yuqori darajadagi ishtirokchilar, jumladan, YETTB vakillari, Oliy Majlis Senati aʼzolari, vazirliklar, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes hamjamiyatlari vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro forumda O‘zbekistonning davlat organlari, biznes tuzilmalari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida muvaffaqiyatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, ayollar tadbirkorligi bilan bog‘liq muammolarni hal etish, xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda ko‘mak berilayotgani taʼkidlandi.

Forumning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva keyingi 7 yilda mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida tub o‘zgarishlar amalga oshirilganini alohida taʼkidladi.

– Bugun o‘zbekistonlik tadbirkorlar jahon bozorlariga ishonch bilan qadam qo‘ymoqda. Byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi, gender tenglikni taʼminlashda amaliy natijalarga erishildi. Bularning barchasi jahon hamjamiyatining munosib eʼtirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bunday natijalarga erishishda fuqarolik bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi, – deb taʼkidladi T.Narbayeva.

Qo‘yilayotgan yuksak maqsadlarga erishishda xalqaro hamkorlarning qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etishiga to‘xtalar ekan, Senat Raisi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi strategik hamkoriga aylanganini eʼtirof etdi.

Taʼkidlash joiz, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston YETTB tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar bo‘yicha yetakchilik qilmoqda va mazkur investitsiyalar qayta tiklanadigan energetikadan tortib, bank ishigacha bo‘lgan sohalarga kiritilmoqda. Bankning mamlakatdagi loyihalar portfeli 4 mlrd yevrodan oshadi hamda so‘nggi to‘rt yilda 3,3 mlrd yevrolik loyihalar o‘z ishini boshlagan.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso O‘zbekiston va YETTB o‘rtasida mustahkam sheriklik va hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani hamda gender tenglikni rag‘batlantirish va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish umumiy strategik ustuvor vazifalardan biri ekaniga alohida urg‘u berdi. Mazkur yo‘nalish kuni kecha ushbu moliyaviy tuzilmaning Direktorlari kengashi tomonidan maʼqullangan O‘zbekistonga oid 2024-2029-yillarga mo‘ljallangan yangi strategiyada ham o‘z aksini topganini aytib o‘tdi. 

– Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi islohotchi sifatida tan olingan. Biz bu borada O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz va men 2024-yilda va undan keyingi yillarda ham kuchli hamkorligimizdan umidvorman, – deb taʼkidladi YETTB prezidenti.

Forumda 2016-yildan buyon O‘zbekistonda nafaqat davlat boshqaruvi, balki barcha jabhalarda, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, moliyaviy va nomoliyaviy resurslardan foydalanish borasida amalga oshirilayotgan innovatsion o‘zgarishlar taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev YETTB Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi va biznes forumida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, tadbirkor ayollarni yana-da qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratgan edi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va tadbirkorlik tuzilmasida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi, qator tashabbuslar amalga oshirilib, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini yuksaltirish borasida ijobiy qadamlar qo‘yildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston ijobiy tajribalarni o‘rganish va kelajakda bajariladigan strategiyalarni ishlab chiqish maqsadida fuqarolik jamiyati institutlari uchun ham mamlakat ichida, ham xalqaro hamjamiyat bilan ijtimoiy sheriklik o‘rnatish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan qator tashabbuslarni amalga oshirmoqda.

Forumda ayollar tadbirkorligi, jumladan, uni moliyalashtirish va taʼlim dasturlari bilan bog‘liq muvaffaqiyatlar, ilg‘or tajribalar, muammolar va yechimlar bo‘yicha ekspert panellari tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari ijobiy tajribalarni o‘rgandilar va kelajak uchun o‘z strategiyalarini ishlab chiqdilar.

Forum doirasida O‘zbekiston tadbirkor ayollari va hunarmandlarining “Sharq bozori” xayriya ko‘rgazma-yarmarkasi hamda taniqli fotograf Muxitdin Alining yurtimiz olimlari, shifokorlari, o‘qituvchilari, ijodkorlari, sportchilari, hunarmand va boshqa ayollari portretlaridan iborat “O‘zbekiston ayollari hayotida bir kun” ijodiy fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech