So‘nggi yillarda mamlakatimizda huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati qat’iy davom ettirilmoqda. Xususan, erkin demokratik davlat, ochiq fuqarolik jamiyati rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlarning fundamental asosini “inson qadri uchun” degan tamoyil tashkil etmoqda. Ushbu izchil islohotlar jarayonida inson qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor mazkur g‘oyani ro‘yobga chiqarishda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shunday ekan, inson qadrini ulug‘lash, har bir shaxsning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 22.06.2020 yildagi PF-6012-son Farmoni bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasining qabul qilinganligi buning yaqqol isbotidir .
Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, O‘zbekiston “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgarilab bormoqda.
O‘z navbatida, Prezident Sh.Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari mamlakatda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yanada aniqroq ochib beradi: “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz” .
Shu o‘rinda, O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida olib borilayotgan chora-tadbirlarning quyidagi alohida jihatlariga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, so‘nggi yillarda izchil ilgari surilayotgan “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida barpo etish yangilangan Konstitutsiyada o‘z aksini topdi.
Ta’kidlash joizki, ijtimoiy davlat – bu eng avvalo inson salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat va munosib hayot kechirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, fuqarolarning qadr-qimmati va farovonligini oshirish hisoblanadi.
Tahlilchilar fikricha, yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha 2023 yilda o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijalari milliy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekistonning inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning teng huquqliligi tamoyillariga sodiqligini tasdiqladi. Xususan, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 65 foizga yangilanib, inson huquqlariga taalluqli konstitutsiyaviy normalar soni 3 baravarga ko‘paydi va 50 dan ortiq moddani tashkil etdi.
O‘z navbatida, yangilangan Konstitutsiyaning 20-moddasida qayd etilishicha, “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi” .
Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasida qabul qilinayotgan strategiya, konsepsiya va davlat dasturlarida inson huquqlari va erkinliklarini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi da hamda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi da bevosita o‘z ifodasini topgan inson huquqlarining umume’tirof etilgan tamoyillari va xalqaro tashkilotlarning ushbu sohadagi tavsiyalari ayni yo‘nalishdagi islohotlarga asos bo‘lmoqda.
Mazkur muhim hujjatlarda jamiyatning har bir a’zosini munosib turmush sharoiti bilan ta’minlash, shaxsiy o‘sishiga ko‘maklashish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy chora-tadbirlar majmui orqali ularning huquqlarini himoya qilish maqsadida milliy taraqqiyotning yangi yo‘nalishlari belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi BMTning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang bo‘lib, uning tadbirlari doirasida amalga oshirilayotgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya bo‘yicha islohotlarda “Hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini ta’minlashga qaratilgan inson huquqlari ustuvorligini ta’minlash asosiy o‘rinni egallaydi.
Uchinchidan, so‘nggi yillarda kambag‘allikka qarshi kurashish va aholi bandligini ta’minlash mamlakat milliy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada tadbirkorlik, ijtimoiy himoya, kasbiy ta’lim va ehtiyojmand aholi bilan ishlashning yangicha mexanizmlari yo‘lga qo‘yildi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va shu orqali kambag‘allikni qisqartirib, aholining yaxshi yashashi uchun sharoitlar yaratish maqsadida 2022 yildan boshlab har bir mahallada “Hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Natijada, 2022 yilda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14,1 foizga, 2023 yilda esa 11 foizga tushdi.
Shuningdek, aholiga bandlik xizmatlarini ko‘rsatish “Yagona oyna” tamoyili asosida sifat va natijadorlik yuqori darajaga oshirilib, 2017 yilda 274 ming aholiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirga kelib yiliga 1 million fuqarolarga bandlik xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib, ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida elektron mehnat daftarchasi yuritish bo‘yicha “Yagona milliy mehnat tizimi”ni ishga tushirdi. Mazkur tizim orqali aniqlangan bo‘sh ish o‘rinlariga mehnat organlari tomonidan 2016-2023 yillarda 2,6 million ishsizlarga ishga joylashishga ko‘maklashildi.
Bundan tashqari, ishsiz fuqarolar, ayniqsa yoshlar va ayollarni kasb-hunarga, tadbirkorlik ko‘nikmalariga va xorijiy tillarga o‘qitish tizimi yaratildi. Ishsiz aholini kasb-hunarga o‘qitish qamrovi so‘ngi 7 yilda 25 barobarga ortib, 2023 yilda 160 ming nafarni tashkil etdi.
Aholiga tezkor, sifatli va keng turdagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etildi. Bugunki kunda agentlik tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, aholi hayot sifatini, investitsiya iqlimini, ishchanlik muhitini yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, hozirda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga Davlat xizmatlari markazlari orqali jami 300 ga yaqin turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, tashqi mehnat migratsiyasi diversifikatsiya qilindi va natijada mamlakatlar geografiyasi yanada kengaydi. Bugungi kunda xorijda ishlash istagini bildirgan shaxslarni ishga yuborish bo‘yicha 22 ta xorijiy davlat bilan hukumatlararo bitim imzolangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu islohotlar natijasida ishsizlik darajasi 2020 yilga nisbatan 3,7 foizga kamayib, 2023-yilda 6,8 foizni tashkil etdi.
To‘rtinchidan, O‘zbekistonda so‘z va axborot olish erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, veb-saytlar ommaviy axborot vositalari (OAV) sifatida e’tirof etilib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda soliq imtiyozlari, subsidiya va grantlar olish huquqiga ega bo‘ldi.
Ular uchun daromad solig‘i 2025 yil iyuligacha 50 foizga kamaytirildi, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirilib, ushbu muddat 10 kunga qisqartirildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 2200 dan ortiq OAVlari faoliyat ko‘rsatmoqda, bu so‘nggi 8 yilda 49 foizga o‘sish demakdir. Ularning 65 foizi nodavlat ommaviy axborot vositalaridir. An’anaviy OAVlari bilan bir qatorda internet-nashrlar ham jadal rivojlanib, ularning soni 715 tadan ortdi va auditoriyasi muttasil kengayib bormoqda.
Qayd etish joizki, axborotni erkin tarqatish hamda undan foydalanish O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunida ham mustahkamlangan bo‘lib, unga ko‘ra, axborot mulkdori, egasi, axborotdan foydalanuvchi va boshqa shaxsga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday axborot muhofaza etiladi.
Beshinchidan, inson huquqlarining himoya qilinishi masalalari, huquqlarning tengligini ta’minlash bilan bog‘lik qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, aholini ko‘p yillar mobaynida qiynab kelayotgan fuqarolik bilan bog‘liq masalalar – O‘zbekistonda yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga mamlakat fuqaroligini berish borasidagi ishlar jamiyatda fuqarosizlikni qisqartirib, huquqlar tengligini ta’minlamoqda. O‘z navbatida, ushbu islohot xalqaro tashkilotlar va keng jamoatchilik tomonidan yuksak e’tirof etilib, butun dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonning nufuzini yanada oshishiga xizmat qilmoqda.
Natijada o‘n minglab fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi. Xususan, so‘ngi 7 yilda jami
80 mingdan ortiq fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi maqomiga ega bo‘ldi (1992-2016 yillarda bu ko‘rsatkich 482 tani tashkil etgan).
Shuningdek, ilgari 2 yilga xorijga chiqish uchun beriladigan ruxsatnoma o‘rniga 10 yil amal qiluvchi biometrik pasport joriy etilib, fuqarolar bu borada duch keladigan qiyinchiliklar bartaraf qilindi.
Oltinchidan, qiynoqlarning oldini olish va qamoqda saqlash sharoitini yaxshilash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan muhim qonunchilik va ma’muriy chora-tadbirlar tizimli ahamiyatga ega bo‘layotganini ko‘rish mumkin.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi 2-qismiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas .
O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 14 martdagi O‘RQ–530-son qonuniga muvofiq , Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning qamoqqa olingan shaxslar huquqlarini g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi holatlardan himoya qilish bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi. Mazkur qonun bilan joriy etilgan mexanizmning asosiy jihati – Ombudsmanning qamoqqa olish joylariga muntazam tashrif buyurishi belgilanganligidir.
Jumladan, 2024 yilning 5 oyida jazoni ijro etish muassasalariga 107 marotaba (47 ta tergov hibsxona va 60 ta koloniya) Ombudsman vakillarining tashrifi amalga oshirildi.
Bundan tashqari, Prezidentning 2023 yil 7 fevraldagi PQ–46-son qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlanib, unga ko‘ra 2023 yil 1 martdan boshlab tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari doimiy ravishda tashkil etib kelinmoqda.
O‘z navbatida, O‘zbekiston milliy davlatchiligi tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga 3 yil muddatga (2021-2023 yy.) saylanganini alohida qayd etish o‘rinlidir. Xususan, O‘zbekiston 169 ta a’zo mamlakatlar ovozi bilan saylovda eng ko‘p ovoz olgan davlat bo‘ldi.
Xorijiy ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari kengashiga a’zoligi tarixiy ahamiyatga ega va bu ayni yo‘nalishda mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlar hamda qabul qilingan strategiyalarda belgilangan maqsadlarga hamohang bo‘lgan ulkan yutuqdir.
***
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda O‘zbekistonda jamiyatni siyosiy, ijtimoiy-ma’naviy modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakat taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mamlakatda “inson qadri uchun” ezgu g‘oyasi asosidagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmas tus oldi. Inson qadri, manfaatlari va huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “barcha o‘zgarishlarni, dasturlarning amaldagi ijrosini odamlar kundalik hayotida har kuni sezishi kerak”.
O‘zA
- Qo'shildi: 10.09.2024
- Ko'rishlar: 778
- Chop etish