Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yilda Samarqand shahrida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 70 yilligiga bag'ishlab Inson huqulari bo'yicha Osiyo anjumanini o'tkazish tashabbuskori bo'lgan edi. Ushbu tashabbus Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi A.Gutterish tomonidan qo'llab-quvvatlangan edi.
2018 yilda bo'lib o'tgan Osiyo anjumani inson huquqlarining jahon amaliyotiga “Samarqand ruhi”ni kiritdi. Ushbu xalqaro tadbir yakunlari asosida inson huquqlari bo'yicha xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni yanada mutahkamlash maqsadlari ko'zlanib, Samarqandda Osiyo anjumanini har ikki yilda o'tkazib turishga qaror qilingan edi.
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 3-soni maxsus ana shu Samarqandda 2020 yil 12 avgustda o'tkaziladigan, “BMT-75” tashabbusi doirasida tashkil qilingan Samarqand forumi va Xalqaro yoshlar kuniga bag'ishlandi.
Jurnalning ushbu sonida “Yangi O'zbekiston – yangi parlament” rukni ostida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi Tanzila Narboevaning “Oliy Majlis Senati: yaqin va uzoq istiqbolimizdagi faoliyatimizning bosh mezoni – xalq farovonligini yuksaltirishdir” sarlavhali maqolasi e'lon qilingan.
Muallif bugungi kunda senatorlardan mamlakatimizda kechayotgan islohotlarda shunchaki kuzatuvchi bo'lib chetda turish emas, aksincha, ana shu yangilanishlarning faol ishtirokchisi, tashabbuskoriga, parlament nazorati institutining muhim sub'ektiga aylanish talab etilayotganiga urg'u bergan. Buning uchun parlament yuqori palatasining ish uslubini tubdan o'zgartirish, ijtimoiy siyosatnng aholi manfaatlariga xizmat qilishiga erishish, xalqaro aloqalar va parlamentlararo munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitish, korruptsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish, xalq bilan muloqot va jamoatchilik bilan aloqalarni yanada mustahkamlash vazifalari batafsil tahlil etilgan va ularni amalga oshirish g'oyalari ilgari surilgan.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konventsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusi bilan chiqqan edi. Samarqanddagi ikkinchi Osiyo anjumani kun tartibidagi asosiy masala ham ana shu juda muhim xalqaro hujjat loyihasini atroflicha muhokama qilishdir. Jurnalda e'lon qilingan maqolalarning aksariyati ham ana shu mazudadir.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Bahtiyor Mirboboev o'z tahliliy maqolasida fuqarolar, shu jumladan yoshlar huquqlari ta'minlanishining konstitutsiyaviy-huquqiy kafolatlariga aniqlik kiritgan. Muallif ayniqsa yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga yo'l qo'ymaslik muhimligini uqtiradi.
Shunisi e'tiborliki, jurnalda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning nufuzli rahbarlari yoshlar huquqlarining turli muammolari bo'yicha tahliliy maqolalari bilan qatnashganlar. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda yoshlar huquqlari masalasi ko'p yillar davomida BMT kun
tartibidan tushmay kelayotganiga e'tiborni qaratadi. Chunki yoshlar jahon aholisining salmoqli qismini tashkil etadi va ularning huquqlarini ta'minlash barcha davlatlar uchun dolzarbdir. Xususan O'zbekistonda aholining 60 foizidan ortig'ini 35 yoshgacha bo'lganlar tashkil etadi.
R.Komenda o'z maqolasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yoshlar strategiyasini amalga oshirishda O'zbekistonni faol davlatlardan biri ekanligini alohida ta'kidlaydi.
Islom hamkorlik tashkiloti Yoshlar anjumanining bosh direktori Rasul Omarovning jurnalda e'lon qilingan maqolasida Islom hamkorlik tashkiloltining yoshlar strategiyasi batafsil bayon etilgan. Islom hamkorlik tashkiloltining yoshlar strategiyasida yoshlarning milliy darajada ehtiyojlarini qondirish vositalaridan foydalanish, o'zaro qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini ishga solish, yoshlar bilan muloqotni yo'lga qo'yish kontseptsiyasi mujassamlashgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Yoshlar huquqlari bo'yicha guruh rahbari Charonis Jorj Konstantinos esa o'z maqolasida demokratik jamiyat barpo etish va Barqaror rivojlanishga erishishda yoshlarning rolini ochib bergan. Muallif yoshlarning o'z mamlakatlari siyosiy hayotida faol ishtirok etishlari, saylash va saylanishdagi, o'z taqdirlariga taalluqli qarorlar qabul qilishda ishtirok etishlaridagi chegaralashlar, mehnat qilish huquqlarining ta'minlanmayotganligi va boshqa mavjud qator muammolar, ularni hal qilish yo'llariga diqqat-e'tiborni jalb etadi.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov va Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktorining birinchi o'ribosari, yuridik fanlari doktori Mirzatilla Tillaboevning “Yoshlar huquqlari: xalqaro, mintaqaviy va milliy standartlar” maqolasida yoshlarning huquqlarini ta'minlash va himoya qilishga doir xalqaro va mintaqaviy hujjatlar chuqur tahlil qilingan. Mulliflar, shuningdek BMTning Rivojlanish maqsadlari va O'zbekistonda yoshlar siyosatini amalga oshirishning ustuvor yo'nalishlari, yoshlar huquqlarini himoya qilishing istiqbollariga ham batafsil to'xtalganlar.
Mualliflar Alisher Xursandov, Shohjahon Rashidov, Erkin Ernazarov, Zafar Shakarovlarning O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning huquqiy asoslari, ayrim xorijiy davlatlarda yoshlarga oid davlat siyosatini amaliyotga joriy etish mexanizmlari, yoshlarning o'z salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur huquqiy asoslar, yoshlarning mehnat qilish huquqlari xalqaro normalariga doir maqolalarida ham dolzarb masalalar ko'tarib chiqilgan.
Jurnalning ushbu sonida shuningdek yoshlar o'rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlarning axborot oqimidan samarali foydalanishlarini ta'minlash, korruptsiyaga qarshi kurashish va boshqa mavzulardagi ilmiy maqolalar e'lon qilingan.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 10.08.2020
- Ko'rishlar: 3962
- Chop etish