Dunyo bo‘ylab taxminan 160 million bola ta’lim olish huquqidan mahrum bo‘lib, og‘ir sharoitda kam maosh evaziga qishloq xo‘jaligida, konda yoki sanoat maydonida uzoq vaqt ishlashga majbur. Ulardan 89,3 millioni 5-11, 35,6 millioni 12-14 yoshda.
Sahroi Kabir, Janubiy Afrika, Xitoy, Hindiston va Amerika ishchi bolalar eng ko‘p mintaqalar hisoblanadi. Bu haqda Turkiya Inson huquqi va tenglik instituti (TIHTI) rahbari, professor Muharram Qilich Anadolu muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) ta’rificha, bola mehnati uni salohiyati, qadr-qimmatidan mahrum qiladigan, jismoniy va aqliy rivojlanishga zarar yetkazadigan jarayondir.
– XMT hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab mehnat qilayotgan bolalar soni 2020-2024 yillari 8,4 millionga ko‘payib, 160 millionga yetgan, – deydi ekspert. – 5-11 yoshli bolalarning qariyb 28 foizi ishlaydi, 12-14 yosh o‘g‘il-qizlarning 35 foizi ta’lim jarayonidan chetda, maktabga borish imkonidan mahrum. Bu ijtimoiy-ma’naviy jihatdan xavfli, zararli holat.
Professor qo‘shimcha qilishicha, majburiy mehnat bolaning hayotga ishonchini so‘ndiradi. Tajriba olish huquqini, ko‘nikmaga ega bo‘lish imkonini cheklaydi.
O‘zA
- Qo'shildi: 20.11.2024
- Ko'rishlar: 883
- Chop etish