Dunyo olimlari mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishdi

JSSTning soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, taxminan 7 million bevaqt oʻlim holatiga atmosfera havosining ifloslanishi sabab boʻlarkan.

Bugungi kunda havoning ifloslanishi yurak qon-tomir, onkologik, allergik kasalliklar hamda ovqatlanish bilan bogʻliq koʻplab kasalliklarning kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.

Jumladan, havo ifloslanishi qandli diabet kelib chiqish xavfini oshiradi. Olimlar ekologik noqulay hududlarda yashovchi odamlarda qandli diabetning ikkinchi turi rivojlanish xavfi ortishini aniqladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan TTA va KU bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ekologiya va atrof muhit muhofazasining dolzarb muammolari” mavzusidagi 11chi Xalqaro ilmiy amaliy anjuman(2024-yil 21-noyabr)da Toshkent tibbiyot akademiyasi olimlari Koreya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Rossiyaning yetakchi olimlari bilan ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga bagʻishlangan ana shunday dolzarb muammolar borasida fikr almashdi.

Anjuman davomida TTA professori Feruza Salomovadan intervyu oldik:

— Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardimki, Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bagʻishlangan majlisidagi nutqi bizning bugungi anjumanimiz strategiyasini belgilab berdi. Prezidentimiz nutqi davomida bugun nafaqat Oʻzbekiston, balki dunyodagi koʻplab mamlakatlar iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotganini qayd etdi.

Darhaqiqat, havo va suvning ifloslanishi, tuproq eroziyasi, choʻllanish, qazilma yoqilgʻilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning koʻpayishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sogʻligʻiga zarar yetkazmoqda.

Bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. Qoʻshni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlarini oʻrganish universiteti tashkil etildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori boʻldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda.

El-yurtimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha oʻrganib, bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida Prezidentimiz 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» deb eʼlon qilishni taklif qildilar. Yigʻilganlar ushbu tashabbusni toʻliq qoʻllab-quvvatladilar.

Anʼanaga koʻra bugun oʻtkazilayotgan navbatdagi 11chi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman profilaktik tibbiyotning dolzarb muammolariga bagʻishlangan boʻlib, ekologiya va atrof muhit muhofazasining zamonaviy muammolarini hal etishda muhim rol oʻynaydi.

Bugungi anjumandagi maʼruzalar yosh olimlar va pedagoglarga juda foydali boʻladi deb oʻylayman.

Fursatdan foydalanib barcha ishtirokchilarni tabriklayman va anjuman ishida muvaffaqiyatlar tilayman».

TTA matbuot xizmati rahbari G. Mirzayeva suhbatlashdi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech