Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 26-30 iyun kunlari O‘zbekistonda birinchi marotaba Butunjahon yoshlar festivali o‘tkazilmoqda.
Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonovaning ta’kidlashicha, nufuzli tadbirda 92 davlatdan 700 nafardan ziyod yoshlar ishtirok etmoqda. Ular festival doirasidagi 15 ta loyihada ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bu tadbirlar Samarqand, Buxoro, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Festivalning ochilish marosimi bugun Samarqand shahridagi xalqaro turizm markazi “Boqiy shahar” majmuasi hududidagi amfiteatrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda markazda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yoshlar ishtirokida “Ommalashtirishga arzigulik g‘oyalarni kashf eting!” mavzusida yuzma-yuz uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
– Qozog‘istondagi “Mehribonlik” ko‘ngillilar jamiyati vakiliman, - deydi Yekaterina To‘xtarova. - Tashkilotimiz 20 yildan beri faoliyat yuritib keladi va imkoniyati cheklangan fuqarolarga turli shakllarda yordam beramiz, shuningdek, sport va ijodiy to‘garaklar tashkil etganmiz. Festivalda yangi do‘stlar orttirishni, ular bilan g‘oyalar almashishni maqsad qilganmiz. Men bilan birgalikda Qozog‘istonning 50 nafarga yaqin yoshlar vakillari Samarqandga keldi, ularning har biri jamiyatning u yoki bu yo‘nalishi rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Festivalda ta’lim, innovatsiya, IT, biznes, media, madaniyat, san’at, sport kabi yo‘nalishlarda seminar va uchrashuvlar o‘tkazilishi hamda ularda nufuzli spikerlar qatnashishi rejalashtirilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 26.06.2024
- Ko'rishlar: 1584
- Chop etish