So‘nggi yillarda O‘zbekistonning iqtisodiy ochiqligi, investitsiya va biznes uchun jozibadorligi, mamlakatda mukammal huquqiy poydevor yaratilishi, davlatlar bilan muvozanatli va o‘zaro manfaatli aloqa o‘rnatilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholanmoqda. Bu jarayonni xalqaro ekspertlar ham e’tirof etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yetti yilda ko‘plab oliy darajadagi tashriflar almashildi. Jahon mamlakatlari yetakchilari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan siyosiy muloqot doimiylik kasb etdi. Natijada iqtisodiyot, investitsiya, turizm, madaniyat, sog‘liqni saqlash va ekologiyaga oid o‘zaro, mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik muhim qo‘shma qarorlar qabul qilindi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston xalqaro munosabatlar rivojini yangi bosqichga ko‘tarib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni ta’minlashga xizmat qiladigan ko‘p tomonlama munosabatni sezilarli darajada kengaytirdi. Eng muhimi, mamlakatimiz tomonidan bu borada ilgari surilayotgan barcha taklif va tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanib, jahondagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bugungi kunda jahon siyosati markazlaridan biriga aylanayotgan davlatimiz ko‘plab global tashabbuslarni ilgari suryapti. Dunyoning 130 dan ortiq mamlakati bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan respublikamiz 100 dan ziyod xalqaro tashkilotga a’zo. Turli ko‘p tomonlama hamkorlik tuzilmalari bilan sheriklik jadal rivojlanmoqda.
Islohotlarga monand ravishda so‘nggi kunlarda mamlakatimiz diplomatiyasida yana bir tarixiy voqelik sodir bo‘ldi: O‘zbekiston ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) a’zoligiga saylandi.
7 iyun kuni Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida 2025-2027 yillar uchun tashkilotning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC)ga saylov bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston birinchi marta a’zolikka saylandi.
Yashirin ovoz berish natijasiga ko‘ra, 185 a’zo davlat bizga ovoz berdi. Uch yillik muddatga saylanadigan 54 a’zodan iborat mazkur kengash tuzilmaning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul hisoblanadi. Barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan rag‘batlantirish bo‘yicha asosiy ishni bajaradi.
O‘zbekiston 2022 yil kengashning Rivojlanish maqsadida fan va texnologiya masalasi bo‘yicha komissiyasi a’zosi etib saylangandi. Ushbu komissiya dolzarb ilmiy, texnik, innovatsion va muhandislik masalalari bo‘yicha malakali maslahat yordami ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.
BMT tarkibidagi asosiy organlardan biri – EKOSOS xalqaro iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni muhokama qilish hamda a’zo davlatlar va BMT tizimiga qaratilgan siyosiy tavsiyalar ishlab chiqadigan markaziy forumdir. 1600 dan ko‘p nodavlat tashkilot tuzilma ishida ishtirok etish uchun Kengash huzurida maslahatchi maqomiga ega. Tashkilot 15 ixtisoslashgan agentlik, 9 funksional komissiya, 5 hududiy komissiya faoliyatini muvofiqlashtiradi. 11 jamg‘arma va tashkilot dasturlaridan markaziy tuzilma sifatida hisobot qabul qiladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston ushbu muhim organga saylangani davlatimiz rahbarligida yurtimiz hayotining barcha jabhalarida kuzatilayotgan izchil islohotlar xalqaro hamjamiyat va BMTga a’zo davlatlar tomonidan keng e’tirof etilganidan dalolat.
Keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarda “Inson qadri uchun” tamoyili ustuvorlik kasb etmoqda. Xalqimiz farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqi va manfaatini so‘zsiz ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda. Bu boradagi rejalar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi strategik ahamiyatga ega hujjatlarda ham alohida yo‘nalish, maqsad sifatida aksini topyapti.
Xususan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmat ko‘rsatish” kabi maqsadlar belgilangan. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi asosiy g‘oyalaridan biri ham aynan aholi talabiga va xalqaro standartga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilishdir. Shunga mos ravishda hujjat ijtimoiy xizmat ko‘rsatish va aholini ijtimoiy himoyalashga qaratilgan muhim maqsadlarni jamlagan.
Bir so‘z bilan aytganda O‘zbekistonning BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi faoliyatida bevosita a’zo sifatida ishtirok etishi ayni yo‘nalishdagi masalalarni xalqaro jamoatchilik bilan hamjihat hal etish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jasur Otaniyozov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
O‘zA
- Qo'shildi: 12.06.2024
- Ko'rishlar: 1575
- Chop etish