Joriy yilning 6-mart kuni Ostona shahrida "Markaziy Osiyo + Yaponiya: hozirgi tendensiyalar va istiqbollar" mavzusidagi ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti (QSTI), Yaponiyaning Qozog‘istondagi elchixonasi va Maqsut Narikbayev universiteti hamkorligida tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari hamda kunchiqar mamlakat yetakchi tahlil markazlari va ilmiy doiralari vakillari ishtirok etdilar.
E.Aripov o‘z nutqida Yaponiya ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorimiz hamda Tokioning Markaziy Osiyoning barqaror va izchil taraqqiyotini ta’minlashdagi hissasi beqiyos ekanligini alohida ta’kidladi.

Uning aytishicha, "Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishganidan buyon Yaponiyaning mintaqa davlatlariga ko‘rsatgan rasmiy yordami hajmi besh milliard AQSH dollaridan oshdi. Bu mablag‘lar ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiy va ma’muriy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mintaqaning jahon xo‘jalik aloqalariga integratsiyalashuviga yo‘naltirilgan edi."
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport va telekommunikatsiya sohalarida bir qator muhim loyihalar amalga oshirilgani ta’kidlandi. SMTI direktori misol tariqasida O‘zbekistonda tashkil etilgan O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi hamda Inson resurslarini rivojlantirish markazini qayd etib o‘tdi.
Ekspert, shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikning jadal rivojlanayotganini ta’kidlab, 2000-yildan buyon Yaponiyaning mintaqa bilan tovar aylanmasi 6 barobarga ko‘payib, 400 million dollardan 2024-yilda 2,4 milliard dollarga yetganini e’tirof etdi.
Eldor Aripovning fikricha mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning bunday yuqori natijalarga erishishda muloqotning institutsionallashuvi muhim ahamiyat kasb etgan. Yaponiya 2004-yilda tashqi ishlar vazirlari darajasida "Markaziy Osiyo - Yaponiya" muloqotini yo‘lga qo‘ygan ilk davlat bo‘ldi. Bu platforma turli sohalardagi hamkorlikni muhokama qilishda o‘z samarasini ko‘rsatdi. "Aslida, Yaponiya "Markaziy Osiyo plyus" formatlarini yaratishga asos soldi va boshqa hamkorlarni ham o‘z tajribasidan foydalanishga undadi," - deya qo‘shimcha qildi ekspert.
SMTI vakili hamkorlik natijalaridan mamnun ekanini bildirib, uni yanada rivojlantirish zarurligini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, Markaziy Osiyodagi ijobiy o‘zgarishlar ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun butunlay yangi istiqbollarni ochib bermoqda.
E.Aripov O‘zbekiston Prezidentining so‘zlaridan iqtibos keltirib, "Bugun Markaziy Osiyo butunlay yangi – jipslashgan va kuchli, muloqot va keng ko‘lamdagi sheriklik uchun ochiq mintaqadir", deya ta’kidladi.
Umumiy mintaqaviy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda, SMTI direktori mintaqa davlatlari va Yaponiya kuchlarini birlashtirish zarur bo‘lgan hamkorlikning bir qator istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
Birinchidan, Eldor Aripovga ko‘ra, sanoat hamkorligiga oid qo‘shma loyihalarni rivojlantirish alohida dolzarblik kasb etmoqda. Markaziy Osiyoda chegaraoldi savdo-sanoat hududlari, ikki tomonlama investitsiya jamg‘armalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda va yirik sanoat tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Mutaxassis o‘tgan yil avgust oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan tasdiqlangan 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan sanoat hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasiga alohida e’tibor qaratdi. Ushbu hujjat xorijiy hamkorlar, jumladan Yaponiya bilan hamkorlik qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Ekspert Yaponiyani ilmiy-texnologik sohada peshqadamligini hamda mintaqada innovatsiyalarni joriy etishda istiqbolli hamkor ekanligini qayd etdi. U Yaponiyaning yuqori texnologik taraqqiyot tajribasini o‘zlashtirish mexanizmini yaratish muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Ikkinchidan, SMTI direktorining ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yilda Markaziy Osiyo aholisi 20 foizga ko‘payib, 80 million kishiga yetganligi inson kapitalini rivojlantirish muhimligini yanada dolzarblashtirmoqda. Uning aytishicha, mintaqaning yosh aholisi (o‘rtacha 30 yoshgacha) ta’lim bozori uchun keng istiqbollar ochadi, bu esa yaponiyalik hamkorlar uchun yangi imkoniyatlar taqdim etishi mumkin.
E.Aripov bugun Markaziy Osiyoda 50 dan ortiq xorijiy oliy o‘quv yurtlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini hamda mintaqa davlatlari yagona ta’lim makonini faol shakllantirayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Ekspert ta’lim sohasida Yaponiya bilan hamkorlikni kengaytirishni taklif etdi. Bunda asosiy e’tibor yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilishi kerakligi ta’kidlandi.
Uchinchidan, E.Aripov ta’kidlaganidek, iqlim o‘zgarishiga bardoshlilik va moslashuvni oshirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Uning aytishicha, mintaqa iqlim o‘zgarishlariga nisbatan ta’sirchandir: so‘nggi 30 yil ichida bu yerdagi harorat 1,5 darajaga ko‘tarilgan bo‘lib, bu jahon miqyosidagi umumiy ko‘rsatkichdan ikki barobar yuqoridir.
2050 yilga kelib, mintaqadagi suv tanqisligi 30 foizga yetishi mumkin. Bunda suv resurslarining 90 foizdan ortig‘i sug‘oriladigan dehqonchilikka to‘g‘ri keladi va ayni shu sohada suvning 50 foizdan ko‘prog‘i isrof bo‘lmoqda.
SMTI direktorining fikricha, Yaponiya qishloq xo‘jaligi sohasi, innovatsion dehqonchilik texnologiyalari va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha innovatsion yechimlarni ulashish orqali mintaqaning ekologik muammolarga bardoshliligini oshirishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
To‘rtinchidan, Eldor Aripovning fikricha, Markaziy Osiyo uchun muvozanatli va izchil "yashil" iqtisodga o‘tish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Uning ta’kidlashicha, mintaqa qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida sezilarli salohiyatga ega. Masalan, faqat O‘zbekistonning o‘zida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika quvvatini ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Markaziy Osiyo mamlakatlari toza energiya manbalarini joriy etishda yagona yondashuvlarni shakllantirish maqsadida "Yashil kun tartibi" mintaqaviy dasturini tasdiqlagani ta’kidlandi. Yaponiyaning ushbu sohadagi yutuqlarini inobatga olgan holda, mutaxassis Yapon energiya va resurslarni tejash texnologiyalarini jalb etish orqali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbolli ekanligini bildirdi.
E.Aripovning fikricha, ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish Markaziy Osiyoning barqarorligini oshiradi, mintaqaning ichki salohiyatini ishga tushirish imkonini beradi va kunchiqar yurt bilan hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
O‘zA
- Qo'shildi: 07.03.2025
- Ko'rishlar: 233
- Chop etish