Poytaxtimizda qurolli mojaro hududlaridan qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashi yig‘ilishi davom etyapti.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), Davlat xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va ayollar masalalari qo‘mitasi, shuningdek BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz (MOPDMM), Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamkorligida tashkil etilgan.
Anjumanning rasmiy ochilish marosimida so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov, jumladan, terrorga qarshi kurash xalqaro hamjamiyat oldida turgan eng ustuvor vazifalardan biriga aylanib borayotganini qayd etdi. Shuningdek, bunday sharoitda mazkur xavfli illatni bartaraf etish usullarini topish va muayyan chora-tadbirlar ishlab chiqish faqat birgalikda ish olib borishni taqozo etadi, deya ta’kidladi. Zero, terrorizm chegara, millat yoki din tanlamaydi.
– Kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yarkanmiz, biz ilk bor ayni yo‘nalishdagi jamoaviy sa’y-harakatlarimiz samaradorligini ta’minlashga qaratilgan mintaqaviy institutsionallashish yuzaga chiqayotganiga guvoh bo‘lyapmiz, – dedi E.Aripov.
G‘ayrat Xonnazarov,
Nosirjon Haydarov,
O‘zA
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 1395
- Chop etish