Samarqandda avtomatlashtirilgan dispetcher xizmati yo‘lga qo‘yildi. Hozircha sinov tariqasida. Yangi shakldagi xizmatning farqi nimada? U yo‘lovchilarga nimalarni va’da qiladi?
Ilk qadam
Yangidan jihozlangan dispetcherlik xizmati xonasiga kirganda, eng birinchi ko‘zga tashlanadigani – katta elekron xarita. Unda maxsus tizim orqali shahardagi 120 ta, so‘nggi bir necha oyda yo‘nalishlarga qo‘yilgan yangi avtobuslar harakatini ko‘rishingiz mumkin. Ha, qatnovda bo‘lishi kerak bo‘lgan 250 atrofidagi avtobusning hammasi buguncha tizimga ulanmagan. Bu haqda keyinroq...
Dispetcherlik xonasi, shuningdek, maxsus dasturlashtirilgan, yo‘ldoshli navigatsiya tizimi va geoaxborot texnologiyasi, boshqacha aytganda, xaritaga muvofiq monitorlarlar bilan ham jihozlangan. Bularning bari GPS navigatori o‘rnatilgan jamoat transporti qayerda ekani, grafikka qanchalik amal qilayotganini bevosita xaritada kuzatish imkonini beradi. Bu yerda bir necha dispetcher o‘zlariga birkitilgan avtobuslar harakatini nazorat qiladi va boshqaradi.
– Samarqand shahrida hozircha 6 ta elektrobus qatnayapti. Yil davomida ular soni 100 ta bo‘lishi rejalashtirilgan. Bugunda Temiryo‘l vokzali – Samarqand xalqaro aeroporti yo‘nalishidagi M1 raqamli elektrobuslardagi yo‘lovchilar, ularga ko‘rsatilayotgan xizmat, transport harakatidagi yo‘l, barchasi kameralarda yaqqol ko‘rinadi. Masalan, mana bu tasvirda ko‘rib turganimiz – yigit ayni vaqtda ana shu elektrobusda ketayapti. Tizim, bosqichlar asosida shahardagi barcha jamoat transportlarini qamrab olishi ko‘zda tutilgan, – deydi viloyat transport boshqarmasi matbuot kotibi Sherzod Xalilov.
Xayr, «Isuzu»!
Matbuot kotibining aytishicha, tizim orqali hozircha GPS yordamida faqat harakat trayektoriyasi kuzatilayotgan 100 dan ortiq yangi avtobuslarda ham bosqichma-bosqich tarzda kameralar o‘rnatilib boriladi.
Lekin, Samarqand shahridagi avtobuslar harakati yuklamasi bir kunda 250 avtobusga to‘g‘ri kelayapti. Hozir aholiga xizmat ko‘rsatayotgan 160 ta «Isuzu» rusumli kichik avtobuslar zamonaviy talablariga javob bermaydi, deb hisoblanayapti va ular tizimga ulanishi ko‘zda tutilmagan. Aniqrog‘i, ular o‘rniga olinadigan yangi avtoulovlarga GPS uskunasi o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
– Bugungi talablarga ko‘ra, avtobusda isitish, sovutish tizimi bo‘lishi shart, kartadan to‘lov qilish uchun validatorlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun panduslar bo‘lishi kerak. Yo‘lovchi hisobini oladigan qurilmaning bo‘lishi ham muhim. «Isuzu» rusumli kichkina, zinasi baland avtobuslar bu talablarga javob berolmaydi. Biz zinasi past holatdagi, o‘rta sig‘imdagi yoki katta sig‘imdagi avtobuslarni kutayapmiz. Mutaxassislar hisob-kitobi, Samarqand shahrining yangilangan, kengaytirilgan chegarasi hisobida aholi jamoat transportiga ehtiyoji talabi qondirilishi uchun 500 ta zamonaviy avtobus (elektrobus) kerakligini ko‘rsatdi. 120 tasi (115 ta avtobus + 6 ta elektrobus) keldi deb hisoblasak, yana 380 ta jamoat transporti kerak, – fikrlarini raqamlarda izohlaydi Sherzod Xalilov.
Hozircha, Samarqand shahrida yo‘lovchi tashiyotgan «Isuzu» avtobuslari bosqichma-bosqich yangi, zamonaviylariga almashtirilib borilar ekan, eski avtobuslar shaharni tuman bilan bog‘lovchi va tumanlar ichidagi yo‘nalishlarga qo‘yiladi.
Transport harakati jozibadorligi...
Demak, bugun Samarqandda faoliyatdagi elektrobuslar, yangi avtobuslar va talabga noloyiq deb aytilgan eski avtobuslarni, buning ustiga tramvaylarni ham qo‘shib hisoblaganda va ular risoladagi tarzda yo‘nalishda bo‘lganda, aholi ehtiyoji faqat 50 foizga qondirilayapti. Boshqacha aytganda, bir kunda o‘rtacha hisobda 100-120 ming yo‘lovchiga xizmat qilinmoqda. Bu esa aholining 19 foizidir.
– Aholining 80 foizidan ortig‘i boshqa transport vositasini afzal bilayapti ekan, shahar siz aytgandek, barcha qulaylikka ega, komfort avtobus va elektrobuslar bilan ta’minlasa, ehtimol, shaxsiy mashinalar kamayar va tirbandlik chekinar, – savol beraman Sherzodga.
– Transport harakati jozibadorligini oshirish uchun jamoat transportida qulayliklar yaratish qatorida ustuvorliklar ham berilishi kerak. Toshkentda bu narsa amalga oshiriliyapti. Bizda ham hozircha ikkita ko‘chada, Bo‘stonsaroy bilan, Ibn Sino ko‘chalarida avtobuslar uchun alohida yo‘laklar yaratilgan, qo‘pol qilib aytganda alohida polosamiz bor. Boshqa yo‘nalishlar uchun ham ana shunday alohida yo‘laklar tayyorlansa, u yerdan faqat jamoat transporti va maxsus mashinalar yurishi ta’minlansa, ana shunda jamoat transportining jozibadorligi oshadi. Deylik, siz shaxsiy mashinangizda ishga 25 daqiqada yetib borasiz. Lekin, avtobusda shu manzilga 15 daqiqada yetasiz. Shunda siz, tabiiyki, avtobusda yuradigan bo‘lasiz.
Sifatli transport xizmati faqat boshqarmaga bog‘liqmi?
Tasavvur qila boshlayman. Tirbandlikdan xoli ko‘chalar, chehrasi ochilgan yo‘lovchilar, so‘kinmayotgan haydovchilar... Shunday kunlarning birida men elektrobusga chiqib reportaj tayyorlayapman. Tasavvur qilishning o‘zi qanchalik yoqimli.
Xayollarimni, elektron xaritada qaydlangan avtobuslar orasida ishlamayotganlari kam emasligi ishoralari to‘zg‘itib yuboradi. Xaritada 15-yo‘nalishdagi qayddagi 7 ta avtobusdan 5 tasi ko‘k rangda va 2 tasi qora rangda turibdi. Bu ikkita avtobus umuman yo‘lga chiqmadi, degani. E’tibor berib qarasam, boshqa yo‘nalishlarda ham ahvol shu, bundan yomonrog‘i ham bor. Sababi bilan qiziqaman. Kecha, 13 martda (boshqarmada bo‘lgan kunimiz – 14 mart) qor yoqqani va havo sovuq bo‘lgani munosabati bilan jamoat transportlari va maxsus avtoulovlarga xizmat qiladigan yoqilg‘i qo‘yish shoxobchasida gaz belgilanganidan kam berilgan. «Sifatli transport xizmati faqat boshqarmaga bog‘liq emas!» dedi dispetcher xonasiga kirib kelgan xodimlardan biri...
Haydovchiga reja qo‘yilmaydi
Bugunda jamoat transporti xizmati haqida fikrlari so‘ralganda, samarqandliklar ayrim haydovchilar qo‘polligi, yo‘lovchilarni «o‘tindek tashishi», kattaroq bekatlarda odam liq to‘lmaguncha jilmasligini asosiy kamchilik sifatida aytishadi. Ko‘pchilik, jamoat transportida konditsioner ishlashi yoki zinalarni past bo‘lishi muhimligini hali ilg‘amayotgandek. Darvoqe, ayni reysda bo‘lishi kerak bo‘lgan vaqtda, peshanasidagi raqami bilan avtobuslar to‘y-ma’rakalarga xizmat qilib yurganiga o‘zimiz ham guvoh bo‘lganmiz.
– Endi har bir jamoat transporti davlat raqami tizimda qaydda turar ekan, u to‘yga xizmat qilishi tugul, 5 daqiqalik farqda ish boshlashi ham qoidabuzarlik hisoblanadi. GPS qurilma transportning har bir metr harakatini aytib tursa, haydovchi rulni boshqa yoqqa burib o‘zicha ish yuritishiga imkon qolmaydi, – deydi Sherzod Xalilov.
Suhbatdoshim «Yangi tizim orqali sifat mezoniga o‘tamiz» deydi. Uning tushuntirishicha, haydovchi o‘zini qanday tutayapti, aholiga qanday xizmat ko‘rsatayaptimi, oraliq bekatlarda qolib ketmayaptimi, erta kelib qo‘yyaptimi yoki birorta yo‘lovchi bilan janjallashdimi, hammasi dispetcherlik markazida belgilab boriladi.
Sherzod Xalilov ish sifati haydovchining maoshiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishini shunday tushuntiradi: «Haydovchilarimizga endi reja qo‘yilmaydi. Maxsus jamg‘arma tuziladi va ularga shu orqali maosh beriladi. Tashuvchiga yo‘lovchi soni hisobidan emas, balki bosib o‘tilgan masofa bo‘yicha pul to‘lanadi. Masalan, yo‘nalish davomiyligi 8 km. bo‘lgan haydovchi, ana shu 8 km. yo‘l bosgani uchun, oldindan belgilangan miqdordagi pulni oladi. Lekin, agar u toza ishlasa va jarimasi bo‘lmasagina, o‘sha pulni to‘liq oladi. Dispetcherlik markazidagi qaydlar tufayli jarimaga tortilib boraverar, umumiy daromadidan jarimalari chegirib olinaverar ekan, tashuvchi talablarning hammasini bajarishga harakat qiladi».
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevralidagi «Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ana shunday evrilishlarga asos bo‘lgan.
Rejada bo‘lmagan ekspriment
Belgilangan suhbatga kechikmaslik uchun boshqarmaga taksida kelgan edim. Qaytishda avtobusda ketgim keldi. Boshqarmaga yaqin bekatda manzilimga boradigan avtobuslar ko‘rinavermadi. Biroz piyoda yurib jamoat transportlari bilan bog‘liq xotiralarimni «titkilayman». 80-yillar boshida akademik Vohid Abdullayev «Chorraha» bekatidan chiqib 1-avtobusda SamDUga ishga qatnardi. Garchi, u, yagona akademik, xizmat mashinasidan foydalanishi mumkin edi...
«Farovon» supermarketi oldidagi bekatdagi manzara oldida turib qoldim. Bekatning shundoq old qismi uzunasiga 70-80 sm.cha jarlik qilib, aftidan ekskvator bilan o‘yib tashlangan. Anchadan buyon shu ahvol, deyishdi atrofdagilar. Avtobus bekatning qayerida to‘xtaydi? Deylik, bekatda o‘tirgan yosh bolali yoki homilador ayol yoxud hassali nogiron otaxon mana shu «jarlik»dan o‘tishi osonmi? Bekatlar uchun mas’ul – Samarqand shahar hokimligi.
Shu joyida bekatlar bilan bog‘liq yana bir gap yodga tushadi. Shohi Zinda, Ibn Sino kabi ko‘chalarda plastik devorli bekatlar qurilganiga hali ko‘p bo‘lmadi. O‘tirg‘ichlar orqasidagi plastik devorlar negadir kosachaning og‘zidek keladigan o‘nlab teshiklar bilan bezatilgan. Yog‘inli kunlarda ana shu teshiklardan tushadigan yog‘mir suvi skameykalarni shalobbo qiladiki, quyoshli kungacha ularda o‘tirib bo‘lmaydi. «Transport xizmati faqat boshqarmaga bog‘liq emas» degan gap yana qulog‘im ostidan o‘tgandek bo‘ladi.
Amir Temur ko‘chasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasiga o‘taman. «Zebo» majmuasi ro‘parasidagi katta bekatda Siyob bozori tomon boradigan avtobuslarni kuta boshlayman. Hartugul, 66-avtobus keldi. Yangi avtobus. Kichkina emas. Bu joy markaz bo‘lganidanmi, «gurra» yo‘lovchi tushdi va undan ham ko‘prog‘i chiqdi, shekilli, bir necha kishi sig‘may tashqarida qoldik. Qalampirnusxa do‘ppi kiygan chiptachining o‘zi orqa eshikdan zo‘rg‘a kirdi.
14 mart kunida Samarqand shahrida avtobus odatdagidan kam chiqqani ko‘chalarga bir qarashda sezilardi. Muammo gaz ta’minoti bilan bog‘liq!
Manziligimga yetkazishi mumkin bo‘lgan keyingi transport 64-avtobus edi. «Isuzu» rusumimdagi kichik avtobus. Tirband bo‘lsa ham birpasda Dahbed – Rudakiy ko‘chalari kesishmasiga yetib keldik. Keyingi bekatda tushishim kerak. Plastik kartamni tayyorlab, oldingi eshik tomon o‘taman. Bekatga yaqinlashayotganda haydovchi «Havasi»ga tushadigan bormi?» deydi. «Bor» deyman. Yana so‘raydi «Tushadigan bormi?». «Bor dedim-ku, o‘zi so‘ramasdan ham to‘xtatishingiz kerakmasmi?» «E-e-e, men jinnimanmi, tushadigan odam bo‘lmasa to‘xtataverib». «Ko‘rsatmasinu, agar men kar-soqov bo‘lganimda-chi?». Haydovchi javob berolmay qoldi...
So‘ngso‘z o‘rnida
Haydovchilarga ham qiyindek. Hali onlayn kuzatilmayotganlari orasida hamon sanjob bekatlarni mumkin qadar chetlab o‘tib, buning evaziga gavjum joylardan ko‘proq yo‘lovchi olishni o‘ylaydiganlar bor. Chunki, daromadini hozircha yo‘lovchi soni bilan belgilaydi. Shu topda Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida, 2002 yil kuzida, aslida yo‘lovchi to‘plash bilan boshlangan janjalda haydovchilardan biri, ikkinchisi haydab ketgan avtobus ostiga qolib halok bo‘lganini esladim.
Men bularni nima uchun yozayapman? Agar avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmati to‘liq yo‘lga qo‘yilsa, yuqorida aytilgan ezgu rejalarning hammasi amalga oshsa, bunday noxushliklar tamoman ro‘y bermaydi. Asabbuzarliklar ham, urush-janjallar ham. Ha, yuqorida aytilgan, 59-qaror ijrosi tezroq amalga oshsin!
Lekin, shunda ham hamma birgalikda ishlashi muhim. Avvalo, xorijdan falon pulga xarid qilingan zamonaviy avtobuslar garajda turib qolmasligi kerak, risoladagi tartibda gaz bilan ta’minlanishi lozim.
Sohaga oid boshqa jihatlar ham kam emas. Yuqorida misol keltirdik, bekatlar –yo‘lovchiga hurmatning boshlang‘ich nuqtasi. Ularni chiroyli nomlash haqida ham o‘ylab ko‘rish kerak. Har gal Dahbed ko‘chasi Registon ko‘chasiga tutashgan joyda chiptachilar «Araqzavod! Araqzavod!» deganda, bu bekat Amir Temur bosh saroyi o‘rnida ekanini bilgan yo‘lovchi afsus chekib qo‘yadi. (Bir vaqtlar faoliyat yuritgan korxona esa buzilib ketganiga necha o‘n yillar bo‘ldi)
Jamoat transportida qo‘yiladigan qo‘shiqlar bilan hech qiziqqanmisiz? Bir kuni, o‘sha kuni haydovchining otasimi, onasimi vafot etgan kun ekanmi, ko‘ngilni ezadigan, o‘tgan ota-onalar yo‘qlangan o‘ndan ortiq qo‘shiq ketma-ket qo‘yib borilar ekan, atrofdagilar mung‘ayib qolgan, bir nechalar ko‘z yoshlarini artib borayotgan manzarani tasavvvur qilasizmi? Ertalabdan! Uzzuuun yo‘nalishda! Boshqa holatlarda o‘ta yengil-yelpi, «dolya vorovskaya»ga o‘xshashlarini eshitib borishga majbur bo‘lganimiz bor. Aslida bular mayda gap emas!
Transport harakati jozibadorligi bir tomondan yo‘lovchilarning o‘ziga ham bog‘liq. Elektrobuslar, avtobuslar, tramvaylar kechgacha toza-ozoda bo‘lishi, salonda chiroyli muhit saqlanishini avvalo ular ta’minlaydilar.
Ha, aytgancha, to‘ylar bo‘laversin! Faqat ularga maxsus, shu vazifaga yo‘naltirilgan avtobuslar xizmat qilsin.
Qo‘shni davlatlar eskpertlarining «Sizlarda yaxshi qarorlar chiqadi» degan e’tiroflarini ko‘p eshitamiz. Qarorlar ijrosiga ham havas qilgulik amallardan umidvormiz.
Xabar.uz
- Qo'shildi: 19.03.2024
- Ko'rishlar: 1952
- Chop etish