Fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzod tegishli hududdagi ko‘chalar, ko‘p kvartirali uylardan doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan saylash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy soni kamida o‘n foizi kiritgan taklif asosida ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokama portalida «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Yangi tahrirdagi Qonun loyihasi 6 ta bob va 35 ta moddadan iborat bo‘lib (amaldagi qonunda 5 ta bob va 35 ta modda), unda quyidagi asosiy yangiliklar nazarda tutilmoqda:
1) fuqarolar yig‘ini raisi saylovini umumiy, teng, to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkazish belgilanmoqda;
2) saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etuvchi kuzatuvchilarning tarkibi, huquq va majburiyatlari belgilanmoqda;
3) fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzod tegishli hududdagi ko‘chalar, ko‘p kvartirali uylardan doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan saylash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida o‘n foizi kiritgan taklif asosida ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda;
4) fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhning miqdor tarkibi hamda vakolatlari aniqlashtirilmoqda, xususan, ovoz berish binolarini jihozlash va ularda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati ishchi guruh zimmasiga yuklatilmoqda;
5) fuqarolar yig‘ini raisi lavozimiga nomzodning saylovoldi tashviqoti olib borish uchun ishonchli vakilga ega bo‘lish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy bo‘linmalarining saylovdagi o‘rni hamda takroriy ovoz berishni o‘tkazish va bo‘shab qolgan o‘rinlarga fuqarolar yig‘ini raisi saylovi o‘tkazishning aniq tartibi va muddatlari belgilanmoqda.
Kun.uz
- Qo'shildi: 13.05.2024
- Ko'rishlar: 1574
- Chop etish