2024-yil 28-fevralda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirdi.
Qonunda nimalar nazarda tutilgan, kimlar davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkin? Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyev shu haqda so‘zlab berdi:
– Keyingi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, aholining sifatli va malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan huquqlarini keng amalga oshirishga qaratilgan qator ishlar qilindi.
O‘tgan yilda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani mazkur islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Qonun fuqarolarning konstitutsiyaviy normalar bilan mustahkamlangan malakali yuridik yordam olish huquqidan foydalanish mexanizmini yanada takomillashtirdi.
Bu, o‘z navbatida, ayrim qonun hujjatlarini mazkur qonunga muvofiqlashtirish zaruratini yuzaga keltirdi. Shu sababdan yangi qonun bilan ham Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish, Jinoyat-ijroiya va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga hamda “Advokatura to‘g‘risida”gi va “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunga muvofiq, jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlarda ham fuqarolarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish belgilandi. Bu davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari yanada kengaytirilganini anglatadi.
Endilikda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlar inson omili aralashuvisiz “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali avtomatik tanlanadi. Bunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tizim orqali tasodifiy tanlash tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori yoki sudning ajrimi asosida ishda himoyachi (advokat) ishtirokini ta’minlash shartligi qayd etilmoqda. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibda gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachisi sifatida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning ishtirok etishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Advokatning to‘rt soatdan kam bo‘lmagan muddatda sud muhokamasiga yetib kelishi haqidagi normani belgilash nazarda tutilmoqda. Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatni jalb qilishda advokatning ishda ishtirok etishi tasdiqlangan paytdan e’tiboran unga ishga kirishish uchun kamida to‘rt soat vaqt beriladi.
O‘z navbatida, “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali tanlangan hamda tegishli ishda o‘zining ishtirok etishini tasdiqlagan advokat davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarorida yoki sudning ajrimida belgilangan muddatda ishga kirishi shart.
Mahkumlarning davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqi yanada mustahkamlandi. Jazoni va jinoyat-huquqiy ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini ijro etuvchi muassasalar hamda organlarning vakolatli mansabdor shaxsi sudning hukmlari, ajrimlari va qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda, shuningdek, ularni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ishtirok etishini mahkumning iltimosiga ko‘ra ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
Boshqa hollarda mahkum davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun qonunda ko‘rsatilgan maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qilishi mumkin.
Qonun fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga va malakali yuridik yordam olishga bo‘lgan kafolatlarini kuchaytirishga, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunning amaldagi ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 07.03.2024
- Ko'rishlar: 1974
- Chop etish