Davlatimiz rahbari joriy yil 4 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Senat axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 56-yalpi majlisda ma’qullangan mazkur qonun jamiyatimizda har bir inson o‘zi tanlov qilish va uni ro‘yobga chiqarish huquqiga ega ekanligini o‘zida ifoda etgan. Shu orqali har bir fuqaroning teng saylov huquqi va ovoz berish shaffofligi kafolatlari qonunchiligimizda yanada mustahkamlandi.
Zero, saylov tizimi xalq suverenitetining haqiqiy quroli, bunda har bir ovoz muhim va mamlakat kelajagiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham qonunchilikda fuqarolarning manfaatlarini davlat organlarida to‘laqonli ifodalanishini ta’minlash uchun shaffof va adolatli saylov tizimi yaratilgan.
Aytib o‘tish joizki, o‘tgan saylovlarda bir shaxsning boshqa shaxs va shaxslar nomidan saylov byulletenlarini bir necha marta to‘ldirish bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan.
Nufuzli xalqaro tashkilotlar xulosasida takror, boshqalar nomidan va guruh bo‘lib ovoz berish uchun qonunchilikda aniq javobgarlik chorasi mavjud emasligi qayd etilgan edi.
Yuzaga kelgan bunday kamchiliklar saylov tizimi bilan bog‘liq bo‘lgan qonunchilikka tuzatishlar kiritish zaruriyati mavjud ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatdi.
Qabul qilingan qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga saylov jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim o‘zgartirish va ko‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ayrim moddalariga o‘zgarishlar kiritilib, saylov (ovoz berish) byulletenlarini berish tartibini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilandi.
Shuningdek, saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari to‘g‘risidagi oraliq yoki yakuniy hisobotni ciyosiy partiya tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik, hisobotda bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Shu o‘rinda alohida qayd etish lozimki, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etish uchun ajratilgan davlat mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha mas’uliyati kuchaytirilishi oshkoralikni ta’minlaydi.
Bu saylovoldi tashviqotini moliyalashtirish ustidan samarali nazoratni amalga oshirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan suiiste’molliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun har bir fuqaroning teng saylov huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlashga, “oilaviy” ovoz berish hollarining oldini olishga, saylov kampaniyasi davrida foydalanilgan davlat byudjeti mablag‘lari to‘g‘risida tezkor va ishonchli axborot taqdim etishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga, siyosiy partiyalarning moliyaviy hisobdorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 06.09.2024
- Ko'rishlar: 828
- Chop etish