Yurtimizda fuqarolik jamiyati haftaligi boshlandi. Bu nafaqat davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, balki mamlakatimizdagi fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini keng jamoatchilikka tanitish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois haftalik jarayonlarini samarali va ta’sirli o‘tishi yurtimiz taraqqiyoti uchun o‘ziga xos qadam bo‘ladi.
Yurtimizdagi fuqarolik jamiyati institutlarining rivoji, bugungi holati va kelajakdagi vazifalari bo‘yicha “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z fikrlarini bildirdi.
– Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgan qonunchilik bazasi ham yanada takomillashtirildi. Bunga qo‘shimcha ravishda davlat tomonidan ajratilayotgan moliyaviy yordamlar va imkoniyatlar sohada yangi yuksalishlarga yo‘l ochmoqda. Qulay shart-sharoitlar natijasida fuqarolik jamiyati institutlari turli sohalarda faol ishtirok etmoqda.
Ayniqsa, ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi muhim sohalarda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ular orqali jamiyatdagi dolzarb masalalarga yechim topish jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan.
Bunda fuqarolik jamiyati institutlarining davlat organlari bilan birgalikdagi hamkorligi muhim o‘rin tutmoqda. Davlat organlari va hukumat islohotlarni fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirmasdan samaraga erishib bo‘lmasligini anglamoqda.
Buni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Jamiyat islohotlar tashabbuskori” tamoyili va “Inson qadri” g‘oyalari yaqqol tasdiqlaydi. Bu tamoyillar jamiyatimiz faol a’zolariga tashabbuskorlik qilish uchun katta rag‘bat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda aql markazlarining davlat siyosatidagi muhim qarorlarni ishlab chiqishda ishtirok etayotgani va ularning fikrlari siyosiy islohotlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilayotgani katta ahamiyat kasb etmoqda. Ularning qarorlar va strategiyalarni ishlab chiqishdagi ta’siri hamda fikrlari siyosatni takomillashtirishning har bir bosqichida inobatga olinishi — bugungi kunning muhim voqeliklaridan biridir.
Ushbu jarayonlarda jamoatchilik ishtiroki ham faollashmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari yaqinda Parlamentga qilgan murojaatida Qonunchilik palatasining qo‘mitalari qoshida jamoatchilik kengashlarini, shuningdek, fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun Jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha parlament komissiyasini tashkil etish taklifini bildirdi.
Ushbu tashabbuslar davlat va jamiyat boshqaruvida FJIlarning samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, ularning faol ishtirokini yanada rag‘batlantiradi.
Jamoatchilik nazorati – demokratik jamiyatning muhim elementlaridan biri ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Bugungi kunda davlat organlarining hisobdorligini oshirish maqsadida joylarda mas’ul shaxslarning hisobotlari tizimli ravishda eshitilmoqda. Bunday hisobotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgani jamoatchilik nazoratini kuchaytirib, davlat idoralarining shaffofligi va mas’uliyatini oshirmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlari ushbu jarayonda jamoatchilikning haqqoniy savollarini shakllantirish, ularga javob berishni ta’minlashda faol ishtirok etishi zarur. Bu ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.
Fuqarolik jamiyati institutlari nafaqat mamlakat ichidagi, balki xalqaro maydondagi munosabatlarni ham rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Ular O‘zbekistonning ijobiy imidjini mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirishda faol ishtirok etmoqda.
Millatlar o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, o‘zaro tushunishni kuchaytirishda ham fuqarolik jamiyati institutlari yetakchi kuch vazifasini bajarmoqda. Bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari, akademik muassasalar, OAV va madaniy guruhlar asosiy ishtirokchi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bunda madaniy festivallar, talabalar almashinuv dasturlari va san’at ko‘rgazmalari muhim o‘rin tutadi. Bunday tadbirlar xalqlar o‘rtasida uzoq muddatli do‘stona munosabatlarni shakllantirish uchun mustahkam zamin bo‘ladi.
Shu bilan bir qatorda, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi fuqarolik jamiyati institutlari uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Internet platformalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali jamiyatning turli qatlamlari bilan muloqot qilish, tashabbuslarni ilgari surish va jamoatchilik fikrini o‘rganish imkoniyati kengaymoqda. Onlayn platformalar orqali tashkilotlar o‘z faoliyatini samarali namoyish etib, aholi bilan bevosita aloqada bo‘lishga erishmoqda. Bu jarayonda raqamli texnologiyalar davlat islohotlarini yanada samaraliroq amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, Davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekistonning demokratik taraqqiyotining asosiy tamoyillaridan biridir. Har bir fuqaro o‘z tashabbuslari orqali yurt ravnaqiga hissa qo‘shishi zarur.
O‘zA muxbiri Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.
- Qo'shildi: 05.12.2024
- Ko'rishlar: 665
- Chop etish