Toshkentda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kolumbiya universiteti, YUNISEF va boshqa tashkilotlar hamkorligida Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi ochildi.
Ushbu markaz ijtimoiy masalalarni hal etish hamda O‘zbekistonda ijtimoiy himoya va ijtimoiy xizmatlar tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha innovatsion sa’y-harakatlar markazi bo‘lib, mamlakatimizda ijtimoiy ta’minot tizimini takomillashtirish, xodimlarning kasbiy rivojlanishiga, samarali dasturlar va metodikalarni yaratishga, tadqiqotlar o‘tkazish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi. Aholini ijtimoiy muhofaza qilishning dolzarb masalalari bo‘yicha ilg‘or innovatsiyalarni ta’minlashga xizmat qiladi.
— Ushbu markazning tashkil etilishi ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish va aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichini anglatadi, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva. — Markaz nafaqat bilim va innovatsiyalar manbai, balki ijtimoiy ish xodimlari eng yaxshi amaliyotlar va tajriba almashishlari mumkin bo‘lgan joy bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, markazning ochilish marosimida Kolumbiya universiteti ijtimoiy ish maktabi dekani Melissa D. Begg, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni e’tirof etdi hamda ushbu markaz faoliyatining ahamiyatiga to‘xtaldi.
— 2023 yil 28 noyabrda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, YUNISEF va Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi (AQSH) o‘rtasida Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazini tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama O‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi, — deydi Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi rahbari Sardor Musayev. — Shu asosida tashkil etilgan markazimiz ijtimoiy himoya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, mazkur jarayonda Agentlik tizimidagi muassasalarga ilmiy-metodologik ko‘maklashadigan muassasa hisoblanadi. Markazda ilmiy-tadqiqot ishlari, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlari tashkil etiladi. Markazning asosiy vazifalari ijtimoiy himoya muammolarini hal etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va ishga tushirish, ijtimoiy himoya sohasida ish jarayonlarini tashkil etish metodologiyasini yaratishga ko‘maklashish orqali O‘zbekistonda professional ijtimoiy ish tizimini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash kabilardan iborat. Kolumbiya universiteti ijtimoiy ish maktabi yuz yillar davomida shakllangan maktab hisoblanadi. U yerda ijtimoiy ish sohasida ko‘plab adabiyotlar mavjud, katta tajriba to‘plangan. O‘zaro hamkorlikdagi ushbu markaz Kolumbiya metodologiyasi asosida kadrlar tayyorlab, ijtimoiy sohada insonlarga yordam berishga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, ushbu markaz ijtimoiy himoya va ijtimoiy xizmatlar sohasida ta’lim, tadqiqot va amaliyotni rivojlantirishga qaratilgan mustahkam ta’lim infratuzilmasini taklif etadi. Markaz Kolumbiya universiteti ijtimoiy ish maktabining (CSSW) akademik rahbarligi va mentorlik yordamiga tayanadi. Kolumbiya universitetining ijtimoiy ish bo‘yicha yetakchi rolidan foydalanib, zaif aholi va mahalliy hamjamiyatlar farovonligini yaxshilaydigan innovatsion, dalillarga asoslangan sa’y-harakatlarni hamda ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlaydi.
Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi bilim almashish va ilg‘or tajribalarni rivojlantirishda, xalqaro aloqalar va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 05.09.2024
- Ko'rishlar: 930
- Chop etish