AOKAda o‘tkazilgan brifingda Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilmurod Rajaboyev “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan ma’lumot berdi:
Hozirgi kunda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan, yer uchastkasidan uzoq yillar davomida foydalanib kelayotgan yoki yerga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish masalasi yer egasiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra oxiriga yetmagan yer uchastkalari mavjud.
Qolaversa, amaldagi qonunchilikda ushbu yerlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish uchun huquqiy asos ham, vakolatli organ ham belgilanmagan.
Shu sababli, joriy yilning 5-avgustida Prezidentimiz tomonidan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi.
Qonun 35 moddadan iborat bo‘lib, 2028-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Mazkur Qonun 3 oydan keyin kuchga kiradi.
Qonunga asosan quyidagi ko‘chmas mulklarga nisabatan huquqlar e’tirof etilishi belgilanmoqda:
1) 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar yakka tartibdagi uy-joy qurgan holda o‘zboshimchalik bilan egallagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
2) 2018-yil 1-may kuniga qadar fuqarolar va tashkilotlar tomonidan hujjatda ko‘rsatilgan maydondan ortiqcha egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
3) “bir martalik aksiya” doirasida huquqlarni e’tirof etish oxiriga yetmagan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga;
4) 2021-yil 8-iyunga (hokimlarning vakolati bekor qilinguniga) qadar tuman (shahar) hokimlari qarori bilan ajratilgan, lekin viloyat hokimi yoki xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanmagan yer uchastkalariga;
5) bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari (“BUSH”) hududidagi turar joylar hamda ular egallagan yer uchastkasiga;
6) kichik sanoat zonalari hududiga 2020-yil 9-martga qadar joylashtirilgan tadbirkorlarning yer uchastkasiga;
7) davlat orderi bilan xususiylashtirilgan binolar va uylar egallagan
yer uchastkasiga;
8) hokim qarori bilan mulk huquqi e’tirof etilgan binolar va uylar egallagan yer uchastkasiga.
Bunda, ijara muddati yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yer uchastkalari uchun to‘qson to‘qqiz yil, boshqa yer uchastkalari uchun qirq to‘qqiz yil etib belgilanmoqda.
Huquqlarni e’tirof etishning asosiy shartlari sifatida quyidagilar belgilanmoqda:
1) yer uchastkasi boshqa shaxsga ajratilmaganligi yoki auksionga chiqarilmaganligi;
2) yer uchastkasidan foydalanishda nizo mavjud emasligi;
3) yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorlik mavjud emasligi;
4) muhofaza zonasida, sug‘oriladigan yerda joylashmaganligi;
5) bosh reja talablariga zid emasligi (mavjud bo‘lsa)
6) har bir kategoriyaga xos boshqa shartlar (investitsiya majburiyati bajarilganligi, shirkat a’zosi hisoblanishi va boshqalar).
Yakka tartibdagi uy-joylar egallagan yerlarga ijara huquqi quyidagi hajmgacha e’tirof etiladi:
1) 1998-yil 1-iyulga qadar egallangan bo‘lsa – 0,24 gektargacha;
2) 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-may kuniga qadar egallangan bo‘lsa – Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 0,06 gektar, qolgan hududlarda
0,12 gektardan oshmagan hajmda.
Ushbu hajmdan ortiqcha yerlar, agar nizo bo‘lmasa, dehqon xo‘jaligi yoki tomorqa xo‘jaligi yuritish uchun rasmiylashtirib beriladi.
Shuningdek, yer uchastkalari boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibidan Toshkent, Nukus shaharlari yoki viloyat markazlari hududi tarkibiga o‘tkazilgan hollarda, yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqi ular avval joylashgan ma’muriy-hududiy birlikdagi ijara huquqini e’tirof etish shartlariga muvofiq amalga oshiriladi
Qonun bilan huquqlarni e’tirof etish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
Huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, buning uchun Kadastr agentligi har yili viloyat hokimlari takliflari asosida reja-jadval tasdiqlaydi, unga asosan:
1) Kadastr agentligi Avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratib, unga barcha yerlar bo‘yicha 6 xil turdagi birlamchi ma’lumotlarni kiritadi (15-modda);
2) 10 dan ortiq vakolatli organ (hokimlik, qurilish, ekologiya, soliq, “O‘zbekkosmos” agentligi va boshqalar) har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z vakolatidagi ma’lumotlarni tizimga kiritadi (16-modda, 2 oy);
3) Avtomatlashtirilgan axborot tizimida to‘liq shakllantirilgan elektron yig‘majild ma’lumotlari tegishli fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolarining e’lonlar uchun burchaklarida, Kadastr agentligining rasmiy veb-saytida hamda boshqa axborot manbalarida jamoatchilikka e’lon qilinadi;
4) manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar ushbu ma’lumotlar bo‘yicha vakolatli tashkilotlarga shikoyat qilishi mumkin (17-modda 1 oy).
5) to‘plangan barcha hujjatlarning to‘liqligi va qonuniyligi tizim orqali Adliya vazirligining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan o‘rganib chiqiladi (18-modda, 2 oy);
6) ijobiy xulosa qabul qilingan fuqarolarga Kadastr agentligi tomonidan xabarnoma yuboriladi (fuqaro ariza berishi talab etilmaydi) (19-modda);
7) xabarnoma asosida bir martalik to‘lovni amalga oshirganlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar
va Toshkent shahar Kengashlari qarori bilan huquqlar e’tirof etiladi
(yerga – ijara huquqi, bino-inshootga – mulk huquqi).
Ish davomida yuzaga keladigan joriy masalalarni hal qilish uchun xalq deputatlari tuman Kengashi qarori bilan barcha vakolatli organlarning tuman bo‘linmalaridan iborat Ishchi guruhlar tuziladi (13-modda).
Huquqlarni e’tirof etganlik uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undirilishi qayd etilmoqda:
1) Toshkent shahrida – BHMning 5 baravari (1,7 mln so‘m);
2) Nukus shahri va viloyat markazlarida – BHMning 3 baravari (1,02 mln so‘m);
3) viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda – BHMning 2 baravari
(680 ming so‘m);
4) boshqa aholi punktlarida – BHMning 1 baravari (340 ming so‘m);
5) Qolgan hollarda esa (hujjatda ko‘rsatilganidan ortiqcha egallangan yerlar, tijorat maqsadlari uchun ajratilgan yerlarda), bir martalik to‘lov tegishli hududdagi o‘rtacha auksion bahosi miqdorida to‘lanadi (o‘rtacha auksion bahosi tumanlar va mahallalar kesimida Davaktiv agentligi tomonidan har olti oyda e’lon qilinadi).
Bunda, I va II guruh nogironlari, oldingi “aksiya” vaqtida yig‘im to‘lagan shaxslar to‘lovdan ozod qilinadi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslarga 50 foiz chegirma beriladi.
Qonunning qabul qilinishi natijasida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini rasmiylashtirish uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi.
- Qo'shildi: 08.08.2024
- Ko'rishlar: 1221
- Chop etish