Yaqinda Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu yo‘nalishdagi muhim masalalar muhokama qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab berildi. Mazkur yig‘ilishda ilgari surilgan masalalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova bilan suhbatlashdik.
— Aholi vakillarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlarda mahallaning o‘rni muhim. Bu borada yig‘ilishda belgilangan vazifalar haqida to‘xtalsangiz va ularning ahamiyati nimadan iborat?
— Bugun barcha islohotlar ijrosini mahallada — quyidan boshlab ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Davlatimiz rahbari raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ham 49 ta ijtimoiy xizmat mahallagacha tushirilishi belgilandi. Prezident har bir oila va inson taqdiriga alohida professional yondashish lozimligini, buni mahalla darajasida manzilli, shaffof va adolatli tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga viloyat hokimlari bilan birga barcha mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatini tashkil qilish topshirildi.
Protez vositalarini berish, nafaqa va qarovsiz qolgan bolalarga vasiylikni rasmiylashtirish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalarni yolg‘iz deb e’tirof etish kabi ijtimoiy xizmatlar mahallagacha tushiriladigan bo‘ldi. Shuningdek, mahallalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish elektron platformasi ishlab chiqiladi.
Mazkur yig‘ilishda ijtimoiy yordam va himoyani mahalla darajasida tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki mahallada kim qanday sharoitda yashaydi, imkoniyati qanaqa, haqiqatdanam ijtimoiy yordamga muhtojmi-yo‘qmi — bularning baridan mahalla xabardor bo‘ladi. Shuning uchun ham ko‘pgina ijtimoiy xizmatlarning mahalla darajasiga tushirilishi aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish borasidagi ishlarning adolatliligini ta’minlashga, shuningdek, fuqarolarning vaqti tejalishiga va ularga qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
— Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasida qanday vazifalar belgilandi?
— Darhaqiqat, mazkur yig‘ilishda nogironligi bo‘lgan insonlar manfaatlariga alohida e’tibor qaratildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, kasbga o‘rgatish orqali to‘laqonli hayotga qaytarishga e’tibor sustlashib ketgani tanqid qilindi. Ta’kidlanganidek, nogironligi bor shaxslar ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati zamon talablaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqilmagani sababli ular o‘zining mehnat salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqara olmayapti.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga, ta’limga, sportga jalb qilish masalalari e’tibordan chetda qolmasligi lozim. Endilikda nogironligini kasallikka qarab emas, balki shaxsning mustaqil harakati, o‘zini o‘zi eplashi, muloqot qobiliyati va ijtimoiy hayotdagi ishtirokiga qarab belgilash tizimiga o‘tilishi belgilab berildi.
Shubhasiz, bu jarayonda sportning ahamiyati beqiyos. Sport nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yana bir najot yo‘lidir. Shu bois ham Nogironligi bo‘lganlar uchun sportni rivojlantirish Assotsiatsiyasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Paralimpiya qo‘mitasi, Karlar va ko‘zi ojizlar sport federatsiyalari, O‘zbekiston maxsus olimpiadasi bu Assotsiatsiyaga o‘tishi aytildi. Muhim jihati, Assotsiatsiya nogironligi bor shaxslarni mahalladan boshlab ommaviy sportga jalb qiladi, “Besh tashabbus” doirasida doimiy sport musobaqalari o‘tkazib boradi. Nogironligi bor insonlarni sportga jalb qilishda ham mahallaning e’tibori, tashabbusi muhim o‘rin tutadi.
Keyingi paytlarda nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘rtasida sport va turli ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida, ularning ijtimoiylashuviga, intilishiga va hayotdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratmoqda. Paralimpiya o‘yinlarida yuqori o‘rinlar qayd etilib, ko‘plab medallar qo‘lga kiritilmoqda. Endilikda Nogironligi bo‘lganlar uchun sportni rivojlantirish Assotsiatsiyasi tashkil etilishi natijasida bu boradagi amaliy ishlar va yutuqlar ko‘lami yanada kengayadi.
— Ijtimoiy himoya tizimi doirasidagi sa’y-harakatlarda deputatlarning o‘rni qanday bo‘lishi kerak?
— Bu jarayonda, albatta, biz deputatlar ham faol bo‘lib, bu islohotlarning joylarda ijrosini ta’minlash maqsadida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishimiz lozim. Nogironligi bo‘lganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishdek ishda jonbozlik ko‘rsatishimiz kerak bo‘ladi. Hududlarga chiqqanimizda o‘z saylovchilarimizni ijtimoiy himoya tizimiga oid islohotlardan, yangiliklardan xabardor qilish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishimiz lozim. Pirovard maqsad insonlarning rozi bo‘lib yashashiga o‘z hissamizni qo‘shish.
Shu o‘rinda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qabul qilingan qonunlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, mustaqillikning dastlabki yillaridan to 2016-yilgacha 24 ta qonun, 2016-yildan 2023-yilgacha 44 ta qonun qabul qilingan. Demak, sohaga oid qonunlar ikki baravarga oshgan. Bu esa ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan huquqiy asoslar kengayganidan dalolat.
Umuman, ijtimoiy davlat tamoyilining amalda ijrosi ta’minlanayotgani alohida e’tirofga loyiq. Nogironligi bo‘lganlarga yanada qulay shart-sharoit, to‘siqsiz muhitning yaratilishi ularning o‘ksik ko‘nglini ko‘tarishga va hayotda to‘laqonli inson sifatida yashashiga olib keladi. Ortida davlat borligini va e’tibordan chetda qolmasligini his qiladi. Bularning barchasini keng aholi qatlamlariga yetkazishda faol bo‘lmog‘imiz lozim.
Muhtarama Komilova suhbatlashdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 29.02.2024
- Ko'rishlar: 2274
- Chop etish