O'zbekiston Prezidentining joriy yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, shuningdek ushbu hujjat talablarini amalga oshirish bo'yicha «Yo'l
xaritasi» tasdiqlangan. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga Milliy strategiya va «Yo'l xaritasi»ning sifatli hamda o'z vaqtida amalga oshirilishi bo'yicha doimiy monitoring olib borish vazifasi yuklatilgan.
Bu haqda so'z borganda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotlar BMTning oltita tilida nashr etilgani va Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida tarqatilganini alohida qayd etish lozim.
Milliy strategiya doirasida 53 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish, 37 ta chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish belgilangan.
Milliy strategiyada jami 33 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Bu o'rinda 20 ta yangi qonun loyihalari, mavjud qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha 4 ta qonun loyihasi va amaldagi 9 ta qonunning yangi tahrirdagi loyihalari haqida so'z bormoqda.
Ushbu qonunlarning muayyan qismi qabul qilinganini ta'kidlash lozim. Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020 yil 17 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi. Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o'tgach kuchga kiradi.
Yangi Qonun bilan O'zbekiston Respublikasining 2008 yil 17 aprelda qabul qilingan «Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlandi. Qonunning maqsadi odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo'lib, odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalashga xizmat qiladi.
O'z navbatida, xalqaro hujjatlar, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt, BMT va YEXHTning tegishli normativ hujjatlariga tayangan holda, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonun loyihasining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.
Qonun loyihasi har kimning vijdon erkinligiga bo'lgan huquqini, dinga bo'lgan munosabatdan tashqari fuqarolar tengligini, jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo kelishuvni ta'minlash borasida davlat organlari va diniy tashkilotlar o'rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Shu yil 15 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahrirdagi loyihasi muhokama etildi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko'rib chiqilib, birinchi o'qishda qabul qilindi.
Ayni paytda “Aholi bandligi to'g'risida”gi hamda “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunlar Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan ma'qullangan. Mehnat kodeksining yangi tahriri loyihasi esa kuni kecha jamoatchilik muhokamasiga havola etildi.
Shu bilan birga, sud faoliyatiga oid 5 ta Kodeks, ya'ni Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks yangi tahrirda ishlab chiqilmoqda.
Sud`yalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari ham shakllantirilmoqda. Shuningdek, "Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida" hamda "Bepul yuridik yordam to'g'risida"gi yangi qonun loyihalarini tayyorlashga kirishilgan.
Milliy strategiya ijrosi doirasida joriy yil 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlab Samarqand veb-forumi o'tkazildi. Xalqaro anjuman yakunida "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilindi. Samarqand rezolyutsiyasi BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida taqdim etildi.
Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Doimiy kengashining yaqinda bo'lib o'tgan majlisi yakunida Samarqand rezolyutsiyasi YEXHT Doimiy kengashining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibiyatining rasmiy xati bilan esa Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumining yakuniy hujjati IHTga a'zo barcha davlatlarga yuborilgan.
Ayni paytda Samarqand rezolyutsiyasi matni BMTning Rasmiy hujjatlar tizimida A/74/998 raqami ostida joylashtirilgan. Mazkur hujjat Mustaqil davlatlar hamdo'stligi (MDH) rasmiy saytida ham e'lon qilingan.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha «yo'l xaritasi»da belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan 2020 yil 10 sentyabr holatidagi monitoring natijalari «Yo'l xaritasi»ning jami 78 bandidan 17 tasi bo'yicha ijro muddati yakunlangani, 7 ta band bo'yicha ishlar o'z muddatida bajarilganini ko'rsatdi. «Yo'l xaritasi»ning 2 ta bandida belgilangan vazifalar hatto muddatidan oldin ado etilgani e'tiborlidir.
Bugungi kunda muddati yetgan 8 ta band ijrosi bo'yicha qizg'in ish bormoqda. Ijro muddati yakunlanmagan 61 ta banddagi vazifalarni amalga oshirish bo'yicha ishlar ham izchil davom etmoqda. Shu bilan birga, «Yo'l xaritasi»dagi ayrim bandlarda belgilangan vazifalarning bajarilishi bo'yicha ma'lumotlar mas'ul tashkilotlar tomonidan o'z vaqtida taqdim etilmagani kuzatildi.
Qisqa fursatda xorijiy hamda milliy ommaviy axborot vositalarida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati keng yoritildi. Tahlillarga ko'ra, bu jarayonda hozirga qadar jami 80 ta, shu jumladan 49 ta elektron, 16 ta bosma milliy ommaviy axborot vositasi va 15 ta xorijiy ommaviy axborot vositasi faol ishtirok etgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.09.2020
- Ko'rishlar: 4416
- Chop etish