NYU-YORK, 10 mart. /«Dunyo» AA/. BMT qarorgohida O'zbekistonning 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish doirasida xotin-qizlar huquq va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha tajribasi to'g'risidagi axborot BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Hujjat BMTning barcha rasmiy tillarida chop etilib, a'zo davlatlar orasida tarqatildi, shuningdek A/75/773 raqami ostida tashkilotning Rasmiy hujjatlar tizimiga joylashtirildi.
Unda O'zbekiston xalqaro huquqning umume'tirof etilgan tamoyillari va me'yorlari, shuningdek, milliy manfaatlarni hisobga olgan holda xotin-qizlar huquqlariga rioya etish, targ'ib va himoya qilishni tizimli va izchil ravishda ta'minlayotgani ta'kidlangan.
Xususan, so'nggi to'rt yil mobaynida yangi O'zbekiston respublika ijtimoiy, iqtisodiy va jamiyat hayotining barcha sohalarida ochiqlik va konstruktiv hamkorlik siyosatini olib bormoqda. Respublika hukumati faoliyatining ustuvor yo'nalishlari qatoriga xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat va jamoat tuzilmalarida ular ishtirokini kengaytirish, shuningdek, zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlarida va qishloq joylarda yangi ish o'rinlari yaratish orqali ularning iqtisodiy mustaqilligini ta'minlash kiradi.
Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo'yicha qo'mita tashkil etilgan bo'lib, uning asosiy vazifasi gender tengligini ta'minlash, qonunchilikni takomillashtirish va bu sohada parlament nazoratini amalga oshirishga qaratilgan davlat siyosatini yuritish bo'yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat. Bugungi kunda qo'mita bu boradagi qonun hujjatlari ijrosini tizimli ravishda nazorat qilib bormoqda.
Bundan tashqari, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi hamda Xotin-qizlarni va oilani qo'llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilib, ular faoliyatining ustuvor yo'nalishlari qatorida xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, oilaviy, xususiy tadbirkorlik va hunarmandchilikni tashkil etishda ayollarning ishtirokini kuchaytirish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan kasblar bo'yicha ularning bilim va ko'nikmalarini shakllantirish kabi vazifalar belgilangan.
Hujjatga muvofiq, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Oliy Majlis Senati raisi rahbarligida Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tuzish bo'yicha faol ishlar olib borilmoqda. Ushbu Kengash faoliyatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan biri, xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bilan birga, BMTning “Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish to'g'risida”gi Konventsiyasi qoidalari va Pekin platformasini bajarish, Milliy harakatlar rejasini amalga oshirishni muvofiqlashtirishdan iborat.
Milliy barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq, O'zbekistonda 2030 yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasi ishlab chiqilgan bo'lib, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta'minlashga qaratilgan.
Fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlarning faol ishtirokida davlat siyosatining asosiy yo'nalishlarini va davlat organlarining gender tengligini ta'minlash sohasidagi vakolatlarini belgilovchi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi va «Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida»gi qonunlar qabul qilinganiga e'tibor qaratilgan.
Hujjatda, shuningdek, O'zbekiston rahbariyati tomonidan xotin-qizlar bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka o'qitish tizimini joriy etish, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga ko'maklashish, ularga nisbatan zo'ravonlikning turli shakllarining oldini olish borasida ko'rilayotgan qator chora-tadbirlar sanab o'tilgan.
Manba: "Dunyo" AA
- Qo'shildi: 12.03.2021
- Ko'rishlar: 3537
- Chop etish