Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyoda 1 milliarddan ortiq odam nogironlikdan aziyat chekadi. Bu dunyo aholisining taxminan 15 foizini tashkil etadi. Surunkali kasalliklarning kuchayishi va qarilik sabab ularning soni tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda ham bunday shaxslar soni kam emas.
Mamlakatimizdagi aksariyat hududlarda infratuzilmalar nogironlar uchun moslashtirilmagan edi. Ularni jamiyatning muhim jabhalariga jalb qilinishida bir qator jiddiy to‘siqlar salbiy ta’sir o‘tkazib kelgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 iyuldagi “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 18 iyuldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nogironligi bo‘lgan shaxslarning siyosiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishini ta’minlash, ularning huquqlarini yanada samaraliroq himoya qilinishi borasida bir qator zaruriy chora-tadbirlar belgilab berildi.
Xususan, 2024 yil 1 oktyabrdan rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati ob’ektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalari texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Har yili “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.
2025 yil 1 yanvardan belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya berishda ob’ektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhit yaratilgani bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash boshqarmasi mutaxassisi Behzodbek Abduhakimov yuqorida qayd etilgan hujjatlar mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida gapirdi.
Intervyuning to‘liq shaklini O‘zAning You Tube kanali orqali ko‘rishingiz mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 01.08.2024
- Ko'rishlar: 1161
- Chop etish