Shu yil 12-13 avgust kunlari yoshlar huquqlarini targ'ib qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi bo'lib o'tadi. Forum tashkilotchisi O'zbekiston Hukumati hisoblanib, anjumanni o'tkazish mas'uliyati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi zimmasiga yuklangan.
Videokonferentsiya shaklida o'tkaziladigan ushbu forum inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan ikkinchi xalqaro anjumandir. "Inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi" deb nomlangan birinchi xalqaro anjuman 2018 yil 22-23 noyabr` kunlari Samarqand shahrida bo'lib o'tgan.
Uning ishtirokchilari tomonidan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur Deklaratsiyani Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2019 yil 6 fevralda BMT 73-sessiyasining hujjati sifatida tasdiqlagan.
Osiyo Forumi yakunida mazkur xalqaro anjumanning muhimligi va zarurligini hisobga olgan holda, uni har ikki yilda bir marta muntazam ravishda o'tkazib turish haqida kelishib olingan.
Bu galgi Samarqand Forumining asosiy maqsadi – yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirishga taalluqli mavjud xalqaro hamda mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qilishdan iborat. Munozaralar jarayonida ushbu sohadagi xalqaro hujjatlarni takomillashtirish imkoniyatlari ham ko'rib chiqiladi.
Kun tartibiga, shuningdek BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari va BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha butunjahon dasturini amalga oshirishda yoshlarning o'rni masalasi kiritilgan. Shu bilan birga, yoshlar huquqlarini ta'minlashdagi eng muhim muammolar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Samarqand Forumida BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha konventsiyasi loyihasi birinchi marta jahonning yetakchi ekspertlari muhokamasi uchun taqdim qilinadi. Ushbu Konventsiya loyihasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan.
Konventsiya - tom ma'nodagi yangi hujjat bo'lib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida e'tirof etilishi zarur bo'lgan o'ziga xos huquqlari o'z aksini topgan. Bu xalqaro hujjatning qabul qilinishi jahondagi barcha davlatlar tomonidan yoshlar masalalariga bo'lgan e'tiborni tubdan kuchaytiradi. Yoshlarning alohida huquqlariga jiddiy e'tibor qaratilishi, o'z navbatida, navqiron avlod vakillariga manzilli ko'mak ko'rsatishda muhim omil bo'ladi.
Yoshlar huquqlari bo'yicha konventsiya loyihasi o'zbek, rus va ingliz tillarida muhokama uchun forumning rasmiy sayti (http://www.asianforum.uz/) va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy (http://www.nhrc.uz/) saytida joylashtirilgan.
Shuni ham qayd etish kerakki, institutsional siyosiy jarayonlarda va siyosat sohasida yoshlarning shaxsan yoki vakillari orqali ishtiroki, dunyo miqyosida boshqa yosh toifalari bilan o'zaro qiyoslaganda, quyi darajadaligicha qolmoqda. Yosh avlod vakillari siyosiy institutlarda, xususan, parlament, siyosiy partiyalar va davlat boshqaruvi organlarida zarur darajada o'z vakillariga ega emas.
Bu, o'z navbatida, yoshlarning rasmiy tuzilmalar, saylov jarayonlari, yetakchilar va siyosatchilardan uzoqlashishiga hamda ularga nisbatan ishonchsizligi ortishiga olib keladi. Yoshlarning, ayniqsa, siyosiy jarayonlarda ishtirok etishini ta'minlash yo'lidagi asosiy muammolardan biri - huquqiy to'siqlardir. Davlat lavozimlarini egallash uchun intilayotgan yoshlar aksar hollarda ana shunday g'ovlarga duchor bo'lmoqda.
Dunyo miqyosida olib qaralsa, 30 yoshgacha bo'lgan parlament a'zolarining soni atigi salkam 2,2 foizni tashkil etadi. Parlamentlararo ittifoq ma'lumotlariga ko'ra, jahon mamlakatlari parlamentlari tarkibida yoshlar vakillari yetarli miqdorda emasligining muayyan sabablari mavjud.
Avvalambor, davlat lavozimlarida ishlash uchun talab etiladigan eng kichik yosh aksariyat hollarda ovoz berish huquqiga ega bo'lishning eng kichik yoshiga nisbatan ancha yuqoridir. Buning oqibatida yoshlar tegishli davlat mansablarida ishlash huquqiga ega bo'lishni 25, 35 yoki ba'zi hollarda 45 yoshgacha kutishlariga to'g'ri keladi.
Bunday holat dunyo parlamentlarining yuqori palatalariga ko'proq taalluqlidir. Chunki bu lavozimlarga saylanish huquqiga ega bo'lish uchun imkon qadar yuqori yosh cheklovlari o'rnatilgan.
Shu kungacha Samarqand Forumida ishtirok etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Kengashi, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Afrika Ittifoqi tizimidagi yoshlar tuzilmalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, inson huquqlari bo'yicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlar, jami 300 dan ortiq kishi ixtiyor bildirgan.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari bo'yicha agentlik, yoshlar tashkilotlari vakillari ham faol ishtirok etishi kutilmoqda.
G'.Mirzaev
- Qo'shildi: 07.08.2020
- Ko'rishlar: 4033
- Chop etish