Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning bir yilligi munosabati bilan “Fuqarolarning adolatli mehnatga bo‘lgan huquqlarining kafolati” mavzuida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari va tegishli davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Bosh qomusimizda davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshganligi, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator majburiyatlar olgani qayd etildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida Ombudsman boshchiligida uning huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha MPM doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhlari tomonidan viloyatdagi qator muassasalarga monitoring tashriflari amalga oshirildi.
Dastlab Jizzax “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyidagi sharoitlar, o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklarning qay darjada bartaraf etilganligi o‘rganildi. Jumladan, joriy yilda ijtimoiy tarmoqlarda “Jizzax muruvvat uyidagi bemorlarning abgor vaziyati” sarlavhasi ostida tarqalgan xabarlarda bemorlar uchun yetarlicha sharoitlar yaratilmaganligi, bemorlar kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shaklar bilan ta’minlanmaganligi hamda ularga bo‘lgan munosabatning yaxshi emasligi kabi holatlar ochiqlangan edi.
Ombudsman boshchiligidagi jamoatchilik guruhlari a’zolari muassasada saqlanayotgan shaxslarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat, ularning yashash, ovqatlanish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, 29-son manzil-koloniyasida mahkumlarning yashash joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar bilan tanishildi va “Ombudsman quti”lari ko‘zdan kechirilib, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, viloyat ruhiy kasalliklari dispanseri, Jizzax viloyatidagi 30-sonli manzil-koloniya, Jizzax shahar, Sharof Rashidov, Mirzacho‘l hamda Do‘stlik tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari, Jizzax viloyati narkologiya dispanseri, Jizzah shahridagi mahsus qabulxona va qator boshqa yopiq muassasalardagi sharoitlar ham o‘rganildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 06.05.2024
- Ko'rishlar: 1569
- Chop etish