2020 yil 27 fevral kuni Toshkent davlat yuridik universitetida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy muvofiqlashtirish kengashining (IMK) «Inson huquqlari sohasida ta'lim va inson huquqlarini o'qitishning mintaqaviy markazini tashkil etish» mavzusida yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi, BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Yig'ilishning maqsadi — inson huquqlari bo'yicha ta'limning xalqaro huquqiy asoslarini o'rganish; inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha mintaqaviy markazning tashkiliy va huquqiy imkoniyatlarini muhokama qilish; inson huquqlari bo'yicha ta'lim sohasidagi tadqiqotlarni rag'batlantirish.
Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Rishard Komenda ishtirok etdi. Janob R.Komenda «Inson huquqlari bo'yicha ta'limning xalqaro huquqiy asoslari» mavzusida ma'ruza qildi. Shuningdek, tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining xalqaro ekspertlari davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari bo'yicha masofaviy ta'lim kursining taqdimoti bilan ishtirok etishdi.
Kirish so'zi bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining direktori, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o'rinbosari, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Raxim Hakimov so'zga chiqishdi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, inson huquqlari sohasidagi ta'lim va inson huquqlari bo'yicha xalqaro normalar va printsiplar to'g'risidagi ma'lumotlarni tarqatish masalasi amalda BMT da unga asos solingan vaqtdan ko'rib chiqila boshlangan. Shunday qilib, 1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasida inson huquqlari va erkinliklariga to'liq rioya etilishi uchun inson huquqlari sohasida ma'rifat va ta'lim berishning muhimligi ta'kidlangan.
Xalqaro ekspertlarning fikriga ko'ra, 2011 yilda BMTning Inson huquqlari bo'yicha ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasi insonning yangi huquqini — inson huquqlari bo'yicha ta'lim olish huquqini amaliyotga kiritdi va uni amalga oshirish bo'yicha davlatlarning majburiyatlarini belgiladi.
Deklaratsiyaga muvofiq, «inson huquqlari bo'yicha ta'lim — bu hayot davomida davom etadigan va quyidagilar rivojlanishiga hissa qo'shadigan jarayon:
a) bilim va ko'nikmalar hamda ularni kundalik hayotda qo'llash uchun tajribalarga ega bo'lish;
b) qarashlar: inson huquqlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan munosabat, qadriyatlar va e'tiqodlarni rivojlantirish va mustahkamlash;
v) xulq-atvor namunalari: inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish choralarini ko'rish».
Inson huquqlari bo'yicha BMT Umumjahon dasturiga O'zbekiston qo'shgan hissani qayd etgan holda, xalqaro ekspertlar 2019 yil iyul` oyida O'zbekiston Parlamenti tomonidan BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim va tarbiya to'g'risidagi deklaratsiyasini va unga «Yo'l xaritasi»ni amalga oshirish bo'yicha Milliy harakat dasturi qabul qilinganini yuqori baholadilar.
Ma'ruzachilar ta'kidlashlaricha, ushbu Milliy dasturni qabul qilib, O'zbekiston xalqaro huquq printsiplari va normalariga sodiqligini tasdiqladi hamda Inson huquqlari bo'yicha BMT Umumjahon dasturining (2020-2024) to'rtinchi bosqichini amalga oshirishni boshladi.
Davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari bo'yicha masofaviy kursni muhokama qilar ekan, ushbu kurs inson huquqlari bo'yicha ta'lim sifatini oshirish uchun foydali va zaruriy manba ekanligi ta'kidlandi.
IMK yig'ilishida shu narsa qayd etib o'tildiki, ilmiy va o'quv muassasalarining inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar va inson huquqlari ta'limi sohasidagi davlat tizimi amaliyotchi xodimlari bilan o'zaro hamkorlik darajasini oshirish zarur.
Yig'ilish ishtirokchilari inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha mintaqaviy markazni tashkil etishning maqsad va vazifalarini muhokama qildilar. Mintaqaviy markaz amaliyotchilar, olimlar va inson huquqlari sohasidagi mutaxassislar uchun muloqot maydoniga aylanishi kerak.
Ilmiy hamjamiyatning fikriga ko'ra, 2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar shu narsadan dalolat beradiki, bugungi kunda qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati faoliyatida inson huquqlarini ta'minlashning nazariy va amaliy jihatlarini rivojlantirishga qaratilgan yuqori sifatli va puxta ilmiy tadqiqotlar o'tkazish zarurati mavjud.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 27.02.2020
- Ko'rishlar: 13972
- Chop etish