Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar yildan yilga ko‘payib bormoqda. Bu borada 2020 yilda 81 ta huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilda 887 ta, 2022 yilga borib esa 1006 tani tashkil qilgan. Huquqni qo‘llash amaliyoti tahlillari bu turdagi huquqbuzarliklarga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash yetarli samara bermayotganini, tayinlanayotgan jarimalar bevosita davlat foydasiga undirilganligi bois huquq egalarida hech qanday manfaatdorlik yo‘qligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, bu jarayonlarga birinchi navbatda, huquq egasining manfaatdorligini oshirishga qaratilgan yangi tartiblarni joriy qilish talabi yuzaga kelmoqda.
Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqildi.
Unda adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikramov loyihaning mazmuni haqida ma’lumot berar ekan, intellektual mulk sohasida 2020 yilda 65 ta, 2022 yilda 550 dan ortiq, 2023 yilda esa 371 ta sud protsesslari bo‘lib o‘tganini, ya’ni yildan yilga ushbu yo‘nalishdagi qonun buzilish holatlari ko‘payganini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarini ishonchli huquqiy himoya qilish mexanizmlarini amaliyotga tatbiq etish, tegishli huquqlarni himoya qilishda tomonlarning manfaatdorligini oshirish hamda bu yo‘nalishdagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish, qonunga xilof ravishda foydalanish natijasida yetkazilgan zarar o‘rniga tovon talab qilish tartibini joriy qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish tizimining takomillashtirilishiga, sohadagi huquqbuzarliklar profilaktikasi sifat jihatdan yaxshilanishiga hamda huquqbuzarliklar soni kamayishiga, intellektual mulk himoyasining kuchaytirilishiga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 14.02.2024
- Ko'rishlar: 2002
- Chop etish