O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqaror agroekotizimni yaratish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xavflarga moslashuvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash doirasida sohaning iqlim o‘zgarishiga moslashishi va uning iqlimga salbiy ta’sirini yumshatish, qurg‘oqchilik va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish, yaylovlar bioxilmaxilligini saqlash (qayta tiklash), yangi innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda sohaga keng joriy qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ul etib belgilandi.
Qaror bilan qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish va sohaning iqlimga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha milliy dastur tasdiqlandi.
Milliy dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
iqlim o‘zgarishiga bog‘iq bo‘lgan hududlarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish;
iqlim o‘zgarishlari sharoitida qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro grant loyihalari doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish;
iqlim o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lgan tabiiy resurslardan samarali foydalanish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish agrotexnologiyasini takomillashtirish;
qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
yaylovlardan samarali foydalanishni hamda ularni muhofaza qilishni tashkil etish.
Qaror bilan Milliy dastur ijrosini muvofiqlashtiruvchi idoralararo ishchi guruh tarkibi ham tasdiqlandi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
Qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;
Qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtiruvchilarni favqulodda vaziyatlar ro‘y berish xavfi (jumladan, haroratning anomal o‘zgarishi, sel oqimlari va toshqinlari, do‘l yog‘ishi va qurg‘oqchilik) hamda chigirtka va boshqa zararkunandalar bilan bog‘liq favkulodda vaziyatlardan erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqish;
xalqaro moliya institutlarining kredit va grant mablag‘lari, Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish loyihalarini amalga oshirish hamda xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
dehqon, fermer va agroklasterlar xodimlarining ekologik madaniyatini oshirish, agrar sohani iqlim o‘zgarishiga moslashtirish bo‘yicha bilim darajasi va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borish;
Qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlaridan keng jamoatchilikni xabardor qilish uchun ilmiy-ommabop, tahliliy materiallar tayyorlash, sohadagi tadqiqotlar natijalarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar orasida keng ommalashtirish choralarini ko‘rish.
O‘zA
- Qo'shildi: 27.06.2024
- Ko'rishlar: 1491
- Chop etish