Keyingi yillarda ma’rifatparvar bobolarimiz g‘oyalarini o‘rganish va rivojlantirish bo‘yicha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilg‘or tashabbuslar ilgari surilmoqda. “Jadid” nomli gazeta faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi, Buxorodagi tarixiy maskanda jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etishga oid amaliy ishlar buning yorqin dalilidir.
Prezidentimiz tomonidan Markaziy Osiyo hududida jadidlarning milliy davlatchilik va mintaqaviy o‘ziga xoslik, fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga qo‘shgan ulkan hissasini konseptual va tizimli asosda atroflicha o‘rganish dolzarb masala bo‘lib qolayotgani alohida qayd etilgan edi.
Aslida jadidлар mavzusi bir maqola, bir suhbat yoki bir kitobga sig‘maydigan, qamrovi keng, murakkab, og‘ir va iztirobli mavzu. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova bilan suhbatimiz ayni shu mavzuda bo‘ldi.
–Taraqqiyparvar jadid bobolarimiz faoliyati, ularning ibratli ishlariga bugun katta e’tibor qaratilmoqda. Buning sabablarini nimalarda ko‘rasiz?
– Turkistonda XIX asr oxiri – XX asr boshida vujudga kelgan jadidchilik harakati – milliy uyg‘onish, milliy ozodlik harakati edi. Rossiya imperiyasi tomonidan Turkistonni egallash uchun bosqinchilik hujumining boshlanishi, Qo‘qon xonligi hududida Turkiston general-gubernatorligining tashkil etilishi hamda ularning mintaqadagi zo‘ravonlik va zulm siyosati millat oydinlarini befarq qoldirmadi. Ular o‘z atrofida bosqinchilarga qarshi kurashish uchun butun xalqni jipslashtirishga harakat qildi. Buning uchun dastlab, yangi usul maktablariga asos solib, diniy fanlar bilan birgalikda dunyoviy fanlarni o‘qitishni yo‘lga qo‘ydilar.
Iste’dodli yoshlarni xorijga o‘qitish, ularni qishloq xo‘jaligi, iqtisod, moliya, tibbiyot va boshqa zamonaviy sohalar bo‘yicha yetuk mutaxassislar qilib tayyorlashni maqsad qildilar. O‘quv qo‘llanmalar, darsliklar yaratdilar. Milliy teatr va milliy matbuotga asos soldilar. Ular o‘z davrlarida millatga va jamiyatga katta naf keltirdilar. O‘ta chuqur bilim va salohiyatga ega bo‘lgan Vatan ozodligi uchun jon kuydirgan fidoyilarimiz 1919 – 1938 yillarda qatag‘on qilinmaganida Uchinchi Renessansga asos solgan bo‘lardilar. Shu nuqtai nazardan, jadid bobolarimizga katta e’tibor qaratilyapti, ularning ilmiy merosini tadqiq qilish kun tartibidagi muhim vazifaga aylanmoqda.
–Taraqqiyparvar bobolarimiz faoliyati haqida gap ketganda, bu Sherali Turdiyev, Begali Qosimov, Naim Karimov, Boybo‘ta Do‘stqorayev va boshqa ko‘plab olimlar butun umrini sarflagan mavzu sanaladi. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 maydagi “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan fikringizni bilmoqchi edik.
–Turkiston jadidlari bo‘yicha nafaqat adabiyotshunoslar, balki tarixchi, pedagog, faylasuf, san’atshunos olimlar ham tadqiqotlar olib bordilar. Jumladan, Qahramon Rajabov, Dilorom Alimova, Ulug‘bek Dolimov, Sirojiddin Ahmad va boshqalar jadidchilikning vujudga kelishi, harakatning maqsad va vazifalari, jadid maktablari faoliyati, taraqqiyparvarlarning falsafiy, pedagogik qarashlari haqida asarlar yaratdilar.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 maydagi “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori muhim va foydali qaror bo‘lib, nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyodagi yagona muzey bo‘ladi deb hisoblayman. Yevropa, Osiyo davlatlarida ham taraqqiyparvarlik harakatlari bo‘lgan, ammo bu harakat namoyandalarini e’tirof etuvchi muzeylar tashkil qilinmagan. Jadidlardan bizga katta ilmiy va ma’naviy meros qolgan. O‘ylaymanki, bu muzey jadidlarning Turkiston xalqi oldidagi buyuk xizmatlarini ifoda etuvchi, yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalovchi muzey bo‘ladi.
– Bugun ma’rifatparvar bobolarimiz hayotiga oid ko‘plab ko‘rgazmalar, anjumanlar, forumlar o‘tkazilmoqda. Sizningcha, jadidchilik harakati tadqiqotlarida yana qaysi jihatlarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak?
– Bugun jadidchilik harakati tarixini o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bir pallada olimlarimiz ko‘proq jadidlarning qatag‘on qilinishi masalasiga ahamiyat bermoqda. Ammo qatag‘ongacha bo‘lgan davrda jadidlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarda tutgan o‘rni keng tadqiq qilinmayapti.
Xalqimiz ularni faqat 1937 – 1938 yillardagi qatag‘onlarning qurboniga aylangan jabrdiydalar sifatida taniyapti. Jadid bobolarimiz har birining ibratli hayot yo‘li, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, ilmiy va ma’naviy merosi bor. Bularni o‘rganish kerak. DXX arxivida saqlanayotgan jadidlarning tergov hujjatlari asosida ikki-uch betlik ommabop maqolalar yozish bilan ish bitmaydi. Ularning Turon-Turkiston xalqi oldidagi xizmatlarini xalqqa yetkazish kerak. Buning uchun O‘zbekiston Milliy arxivi hujjatlarini o‘rganish kerak bo‘ladi. O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Turon kutubxonasidagi saqlanayotgan asarlarini, ular chiqargan gazeta va jurnallarni juda puxta, hijjalab o‘qish va tadqiq qilish kerak bo‘ladi. Biz hali jadidlarimizni to‘liq o‘rganib bo‘lmadik. Ularning ilm-fan oldidagi xizmatlarini, milliy davlatchilik tarixida tutgan o‘rinlarini tarixiy nuqtai nazardan munosib bahosini bermadik.
– Ma’lumki, sizning faoliyatingizda ma’rifatparvar ayollarning taqdiri, ularning maqsad-muddaolari ham keng o‘rin egallaydi. Jadidlar harakatida ayol-qizlarning o‘rni va ahamiyati qanday bo‘lgan?
– Turkiston jadidlarining asosiy maqsadi ayollarning ham dunyoviy bilimlarni egallashlariga yo‘l ochib berish edi. Turkiston jadidlarining otasi Mahmudxo‘ja Behbudiy “Til masalasi” maqolasida “Taraqqiy etgan millatlarni onalari o‘qitar ekan, biz avval onamizni o‘qutub, anga til o‘rgatmoqimiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandir”, degan bo‘lsa, jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Abdurauf Fitrat o‘zining “Oila yoki oilani boshqarish tartiblari” kitobida “Modomiki, ilm olish har bir odam uchun diniy va dunyoviy majburiyatlarga kirar ekan, ayollar ham ilm o‘rganishlari shartdir”, deb yozadi.
Jadidlar xotin-qizlarning ilm olishlari kerakligi haqidagi qarashlarini targ‘ibot qilish bilan cheklanib qolmadilar. Balki o‘zlari yangi usul maktablarida qizlarni o‘qitish bo‘yicha dastlabki qadamlarni tashladilar. Shunday maktablardan biri Abduqodir Shakuriy maktabi bo‘lib, qizlar uchun ham sinflar tashkil etilgan. Bunday maktablar Turkistonning boshqa shaharlarida ham ochila boshlagan. Toshkentdagi Eshonxo‘ja Xonxo‘jayev yangi usul maktabida 3 ta qiz, Sobir Rahimovning maktabida 15 ta qiz o‘qigan. Qo‘qon shahrining G‘alchasoy mahallasida Muhammadjon Xoliqiy 1913 yilda qizlar maktabi tashkil qilgan. Abdulla Avloniy maktabida ham qizlar o‘g‘il bolalar bilan yonma-yon o‘tirib, tahsil olgan.
Turkiston jadidlari ayollarning bilim olishlari va jamiyatning teng huquqli a’zosi sifatida o‘zlariga munosib ish bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlar yaratishni o‘z oilalaridan boshlaydilar. Jumladan, samarqandlik maktabdor Abduqodir Shakuriy qizlar uchun tashkil etgan yangi usul maktabida xotini Roziyaxonim muallimlik qilgan bo‘lsa, Abdurauf Fitrat xonadonidagi adabiy va ma’rifiy muhit singlisi Mahbuba Rahim qizining shoira bo‘lib yetishishini ta’minlagan. Qo‘qonlik jadid Muhammadjon Xoliqiyning singlisi Soliyaxon Abduxoliq qizi esa akasining maktabida muallimalik qilgan.
Turkistonlik ziyoli ayollarning ko‘zga ko‘ringan yorqin vakilalaridan biri, jadid shoirasi Nozimaxonim (1870-1924) bo‘lib, o‘z davrining madaniyatli, ilg‘or qarashli ayoli sanalgan. Nozimaxonim – erkparvarlik g‘oyalarining targ‘ibotchisi edi. Bu hol uning dastlabki maqola va she’rlaridayoq aniq ko‘rinadi. Uning 1904 yilda “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilgan maqolalaridan biri “Insonga qancha erk darkor?” deb nomlangan edi. So‘ng ketma-ket mahalliy matbuot sahifalarida “Xotinlar huquqiga oid”, “Ilm va maorif borasida bir-ikki so‘z” kabi maqolalari chop etilgan. Maqolalar mazmuni, ruhi bilan Turkistonda ozodlik g‘oyalarining yoyilishi, xotin-qizlar o‘rtasida demokratik intilishning kuchayishiga xizmat qilgan.
Jadidlar faoliyatining keyingi davrida iste’dodli qizlarni xorijga o‘qitish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirildi. Maryam Sultonmurodova, Xayriniso Majidova kabi iqtidorli o‘zbek qizlari Germaniyaning oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib qaytganlar.
– Jadidlar va milliy istiqlol harakati vakillari, ya’ni sho‘rolar davrida “bosmachilar” deb qoralangan, aslida o‘z yurti ozodligi uchun kurashgan harakat vakillarining o‘rtasidagi munosabatlar qanday edi?
– Jadidlar Rossiya imperiyasining bosqinchilik va mustamlakachilik zulmiga qarshi kurashgan qo‘rboshilar bilan juda yaqin, ammo yashirin aloqada bo‘lganlar. Jadidlar milliy ozodlik harakatining g‘oyaviy kurashchilari bo‘lsa, qo‘rboshilar qurol bilan erk uchun, istiqlol uchun kurashdilar.
1920 yil Bokuda bo‘lib o‘tgan Sharq xalqlari birinchi qurultoyida Turkistondan Munavvarqori Abdurashidxonov, Hoji Safo Jo‘raboyev, Turor Risqulov, Qudratillo Yunusiy, Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Obidjon Mahmudov, Buxorodan Rajab Muhammedov qatnashganlar. Qurultoy davrida turk generali Anvar posho bilan uchrashib, sovetlarga qarshi istiqlolchilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, qo‘rboshilar bilan birlashish kerakligi haqida suhbatlashganlar.
1921 yil 30 iyulda Buxoro shahrida jadidlarning “Turkiston Milliy Birligi” tashkiloti tuziladi. Tashkilotning dasturida istiqlolga erishish, demokratik jumhuriyat (respublika) tuzish, milliy qo‘shin (armiya) tuzish, iqtisodni boshqarish, temir yo‘llar, sug‘orish inshootlari faoliyatini Turkiston istiqloli manfaatlariga muvofiq tarzda tashkil etish, maorifni zamonaviy darajaga ko‘tarish va Yevropa madaniyati bilan tanishishni Rossiyaning vositachiligisiz yo‘lga qo‘yish, maktablarni tashkil etish, tabiiy boyliklardan foydalanish, milliy masalalarni hal etishda yerli aholining milliy manfaatlarini e’tiborda tutish va ko‘zlash, diniy erkinlik berish, dinni dunyoviy ishlarga aralashtirmaslik kabi maqsad va vazifalar belgilab olinadi. “Turkiston Milliy Birligi” tashkiloti a’zolari bilan Shahrisabz viloyatidagi Jabbor qo‘rboshi, Samarqand yaqinidagi Bahrombek qo‘rboshilar yaqin aloqada bo‘lganlar. Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin.
– Ma’rifatparvar bobolarimiz harakati, faoliyati, ularga oid tadqiqotlarni yoshlarga ko‘proq yetkazish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Bugun jadidchilik harakati bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, ijodkor ziyolilar, olimlar tomonidan asarlar yaratilmoqda. Tarix instituti bu mavzuda tadqiqot olib borish, yig‘inlar o‘tkazish bo‘yicha yetakchilik qilyapti, desam adashmagan bo‘laman. Jumladan, Tarix instituti ilmiy xodimlari tomonidan “jadidlar.uz” platformasining yaratilishi jadidchilik harakatining vujudga kelishi, ularning ilmiy merosi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, jadid matbuoti, Turkiston muxtoriyati tarixi haqida yetarlicha bilim olish imkonini beradi.
Jadidlar merosini yoshlarga ko‘proq yetkazish uchun jadidlarning asarlari va jadidchilikka bag‘ishlangan asarlarni minglab nusxada chop etish, jadidlar haqida multfilmlar, badiiy va hujjatli filmlar hamda seriallar yaratish, shahar va qishloqdagi ko‘chalarga, maktablarga, oliy ta’lim muassasalariga ularning nomini berish, ular tug‘ilib o‘sgan shahar va qishloqlarga yodgorlik lavhlari o‘rnatish, maktab darsliklarida jadidchilik tarixiga ko‘proq soatlar ajratish, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun o‘qitiladigan O‘zbekiston tarixi fanida jadidlarni alohida mavzu sifatida o‘qitish, tarix yo‘nalishi talabalariga jadidchilik tarixini maxsus fan sifatida o‘qitishni joriy qilish kerak, deb hisoblayman. Milliy o‘zlik, milliy ruh va birdamlikni jadidlarning ibratli hayot yo‘li va asarlari orqali yetkazish, ularga munosib bo‘lishga o‘rgatish keng jamoatchilikning muhim vazifasiga aylanishi kerak.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri
Usmonova Nazokat suhbatlashdi.
- Qo'shildi: 18.07.2024
- Ko'rishlar: 2398
- Chop etish