Yaqinda Fransiyaning ommabop “Forbes France” onlayn nashrida O‘zbekistonning sport sohasidagi siyosatiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Muallif Dominik Busso yozishicha, so‘nggi yillarda mamlakatimiz bir necha yirik musobaqa – 2021 yil og‘ir atletika, 2022 yil dzyudo, 2023 yil boks, 2024 yil futzal hamda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatlariga mezbonlik qildi. Bunday sa’y-harakatlar respublikamiz jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga xizmat qilmoqda. Zero davlat rahbari 2018 yildan boshlab mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik musobaqalarni o‘tkazish uchun infratuzilmani rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
Qayd etilishicha, 2022 yil 9 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan hamkorlikda taxminan 300 million dollarlik loyiha doirasida 100 gektarga yaqin maydonni egallashi ko‘zda tutilgan Toshkent Olimpiya shaharchasi qurilishiga tamal toshini qo‘ydi. Majmua tarkibida 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq, 7 ta ochiq inshoot, suv sporti saroyi, ixtisoslashgan velosiped yo‘lagi, yakkakurash va jamoaviy sport turlari uchun maskanlar qad ko‘taradi.
Nashr imkoniyati cheklangan fuqarolar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgani, Milliy paralimpiya qo‘mitasi nazorati ostida imkoniyati cheklangan yoshlarga iste’dodini namoyon etish, har tomonlama ta’lim olishni ta’minlash uchun o‘quv markazlari tashkil etilganiga ham e’tibor qaratilgan.
Maqola yakunida yoshlar o‘rtasida sport urfga kirgani, mamlakatda ko‘plab zamonaviy stadion, inshootlar barpo etilayotgani, yirik sport tadbirlari muntazam o‘tkazilishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekani, bugungi kunda mamlakat sporti tarixidagi eng yaxshi davr kuzatilayotgani ta’kidlangan.
O‘zA
- Qo'shildi: 17.09.2024
- Ko'rishlar: 995
- Chop etish