Odam bolasi beminnat voyaga yetadigan, hayot alifbosini o‘rganadigan, aql-farosat va eng go‘zal tuyg‘ular qalbiga bir umrga singib ketadigan makon bu – oila. Hech bir dars, saboq oilada, kamtarona dasturxon atrofida jamuljam bo‘lganda aytilajak nasihat-u o‘gitchalik kuch-quvvatga ega emas.
Oila beradigan mehr-u ma’rifat, muhabbatni boshqa hech qayerdan topa olmaymiz. Shuning uchun butun dunyoda oila – jamiyatning eng asosiy bo‘g‘ini sifatida qadrlanib keladi.
BMT Bosh Assambleyasining 1993-yil 20-sentyabrdagi yig‘ilishida qabul qilingan qarorga ko‘ra, 1994-yildan boshlab har yili 15-may “Xalqaro oila” kuni sifatida (International Day of Families) nishonlanib keladi.
Bundan murod, asosiy e’tiborni odam bolasi o‘z orzu-umidlari, baxt-u saodati kamol topadigan maskan – oilalarning mustahkam bo‘lishiga qaratishdir. Chunki oiladagi ma’naviy muhit, sog‘lom kayfiyat, barqarorlik jamiyat hayotining asosini ta’minlovchi kuchdir.
Xalqimiz azal-azaldan oilani qutlug‘ dargoh sifatida e’zozlab keladi, bu qo‘rg‘onga zavol yetmaslik choralarini ko‘radi. “Sinchi mustahkam imorat, qulamaydi” deya ulug‘laydi.
Yer yuzidagi birinchi oila Odam Ato va Momo Havo tomonidan barpo etilgan bo‘lib, dunyodagi barcha xalqlar va millatlar ana shu juftlikdan tarqalgani haqiqat.
Oila – insoniyat har doim faxr-iftixor qilib keladigan qadriyatlar beshigi. Oila shunday mo‘jizotki, uning sha’ni har bir a’zosining ham sha’ni hisoblanadi.
O‘zbek oilasi deganda ko‘z oldimizda tanti va bolajon, mehr-muhabbatga, fayz-u barakaga limmo-lim, oilaviy qadriyatlarni ustuvor deb biladigan baxtli mo‘tabar bobo-buvilarimiz, ota-onalarimiz, farzandlar, nabiralardan iborat katta bir qo‘rg‘on gavdalanadi. Ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy muhit sog‘lom qaror topgan oilada inson ongi yaxshilik, odamiylik, or-nomus, g‘urur, samimiyat, to‘g‘riso‘zlik kabi fazilatlar bilan to‘lib-toshadi. Inson fe’li, tabiatida ijobiy iqlimning ustuvorligi, mana shu muhitda dunyoga kelib, shaxs sifatida shakllanishi, so‘ng o‘zi yashayotgan davlatning fuqarosi o‘laroq o‘z yurtining taraqqiyotini ta’minlashda oilaning o‘rni beqiyosdir.
Davlat ichidagi kichik davlat, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lmish oila farovonligi uchun aslida, hamma birdek mas’ul. Bu masala hech qachon kun tartibidan tushmaydigan, o‘z dolzarbligini hech qachon yo‘qotmaydigan o‘ta nozik, nihoyatda jiddiy masaladir. O‘zining fidoyiligi, mustahkam qo‘rg‘onligi bilan o‘zbek oilalari dunyodagi ko‘pgina millat va xalqlardan ajralib turadi.
Jami ezguliklar – mehr-muravvat, o‘zaro hurmat, hamjihatlik avvalo, oiladan boshlanadi, so‘ng mahallaga ko‘chadi va jamiyatga kirib boradi. Sababi, tirik organizmning salomatligi uni tashkil qiluvchi har bir hujayraning sog‘lomligiga bog‘liq bo‘lganidek, oila ham davlat, jamiyat deb atalgan butun bir organizmni tashkil etuvchi hujayradir.
Insonda hamma narsa go‘zal bo‘lmog‘i lozim: shaxsiy xulqi ham, chehrasi ham, kiyinishi ham, muomilasi ham, qalbi ham, fikrlashi ham ana shundagina o‘z oilasida estetik ma’naviy go‘zallik uyg‘unligini mujassam qila oladi. Chunki oilada yozilmagan qonun-qoidalar bo‘ladi, ular necha asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib sayqallanib kelaveradi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida oila manfaatini himoya qilish, oilaning jamiyatdagi mavqei va maqomini yanada yuksaltirish, yosh oilalarni har tamonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Baxtli oila, deymiz. Bu juda qadim va ayni paytda judayam navqiron tushuncha. U hamisha oftob yanglig‘ qalbga yaqin, ammo har bir zamon, har bir avlod va har bir qalb uni yanada yangi, mazmunli, ko‘rkam va fayzli bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Baxtning ming qirrasi bor, har biri o‘z nuri, o‘z g‘ussasi, o‘z totli bo‘yiga ega.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida avvalgi “Oila” bobi – “Oila, bolalar va yoshlar” deya qayta nomlanishi ham bejiz emas. Bu hozirgi zamon talablaridan kelib chiqib, oila manfaatlarini takomillashtirish borasida muhim qadamlardan biridir. Yangilangan qomusimizning 76-moddasida: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir”, deb ko‘rsatib o‘tilgan.
Shu bilan birga yosh oilalarning tinch-osuda yashashiga katta imkoniyat berib, ular uchun qurilayotgan uylar, uzoq muddatli imtiyozli kreditlar oila institutiga qaratilayotgan katta e’tiborning muhim tasdig‘idir. Oilalarning saodati va ravnaqi albatta shu xalqning ichki intizomiga hamda shu millatning totuvligiga bevosita tayanadi.
Jamiyatimizning asosiy yacheykasi bo‘lmish oilalarimizga har birimiz ishdan so‘ng huzur-halovat izlab boramiz va oilamiz qurshovida boshqa tashvishlarni unutib, yaqinlarimizning mehr-muhabbatidan bahramand bo‘lib, ular bilan bo‘ladigan o‘zaro muloqotlardan, emotsional qo‘llab-quvvatlashlardan, daldalardan ruhiy kuch-quvvat olib, ertangi kun mehnat faoliyatiga o‘zimizni qayta tiklab olamiz.
Jamiyatning nihoyatda muhim ijtimoiy qadriyatlaridan biri bo‘lmish bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazishiga qarab, har bir odamning yetuklik darajasiga, ma’naviy dunyosiga baho berish mumkin. Shunday ekan, oila a’zolarimiz salomatligini mustahkamlash, ularning dam olishlarini to‘g‘ri rejalashtirish, oila a’zolarining bevosita mehnat, o‘qish va boshqa ijtimoiy faoliyatlaridan bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazishlari, o‘zaro munosabatlari qanday ekanligi bugungi kun oilasi mustahkamligi uchun muhim ahamiyatga ega omillardan hisoblanadi.
Bu borada erishilgan yutuqlarimizdan biri shuki, dam olish va sog‘lomlashtirish ishlariga so‘nggi paytlar katta e’tibor qaratilmoqda. Oilaviy dam olish, ommaviy kitobxonlik, turli mavzularda suhbatlar, fikr-mulohazalar, oilaviy turizm va qator oilaviy tadbirlar safi kengayib bormoqda. Shunga qaramay, hali-hamon bu borada qilinadigan ishlar yetarli ekanligini ham ta’kidlash lozim.
Bunday xayrli ishlardan inson birinchi galda ma’naviy, ruhiy ozuqa oladi. Agar ma’naviy olamimizni qurilishi lozim bo‘lgan binoga qiyoslaydigan bo‘lsak, har kuni unga bir “g‘isht qo‘yish” bahosi qanchalar yuqori, qadrli ekanligini his qilishimiz mumkin.
Ma’naviy ozuqa – inson uchun haqiqat yo‘li, sabr-u-ma’rifat yo‘li. Bu yo‘lni bizgacha bosib o‘tgan bobolarimiz bor, qolaversa, bugunning chin egalari bo‘lgan zamondoshlarimiz, istiqlol g‘oyalari bilan hamqadam o‘sayotgan barkamol avlodimiz bor.
Shu mas’ullik hissi har bir insonning kundalik xatti-harakatida namoyon bo‘lishi shart. Bilimlar, nafaqat oilamizni mustahkamlash, balki mustaqilligimizni asrash, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishimiz uchun zarurdir. Bu o‘z-o‘zidan ahillik va osoyishtalik hukm surgan baxtli oilalar ko‘payishiga hamda yurtimiz barqarorligiga asos bo‘ladi.
Madina Zufarova,
“RENAISSANCE” universiteti
Filologiya va tillarni o‘qitish
fakulteti talabasi,
O‘zA
- Qo'shildi: 15.05.2024
- Ko'rishlar: 1616
- Chop etish