Jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarni ta'lim olishini yo'lga qo'yish: xorijiy tajriba

Jinoiy jazoga hukm qilingan shaxslarda qonunga itoatkor xulq-atvorni va jamiyatda yurish-turish qoidalariga hurmat munosabatini shakllantirish, ularni ijtimoiy moslashtirish, yangi jinoyat sodir etishining oldini olishda ta'lim olish va kasb-hunar o'rganishga ko'maklashish asosiy vositalardan hisoblanadi.

Shu sababli ham so'nggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish, jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirish jarayonlarida jazoni o'tayotgan shaxslarning tegishli ta'lim olishlariga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida ahamiyat berilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 yanvarda qabul qilingan «Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning mehnat bilan bandligini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida» hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 aprelda qabul qilingan “Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar uchun umumiy ta'lim va kasb-hunarga o'qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlarida bu yo'nalishda amalga oshirilishi zarur bo'lgan dolzarb vazifalar belgilab berilgan.

Jumladan, Toshkent viloyati IIB Probatsiya va jazolarni ijro etish bo'limi Tarbiya koloniyasining 5-maktabi Zangiota tumani 35-maktabi bilan birlashtirildi. Probatsiya va jazolarni ijro etish bo'limi Tarbiya koloniyasida mazkur maktabning filiali tashkil etildi.

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi Kasb-hunar ta'limi markazining jazoni ijro etish muassasalari hududidagi 4 ta kasb-hunar ta'limi muassasalari esa Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o'tkazildi. Ular kasb-hunarga o'rgatish markazlariga aylantirildi.

O'tgan qisqa davrda ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarning umumiy o'rta ta'lim olishi uchun oltita jazoni ijro etish muassasasida umumta'lim muassasalarining faoliyati, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishi uchun esa to'rtta jazoni ijro etish muassasasida kasb-hunarga o'qitish markazlarining faoliyati yo'lga qo'yildi. Shuningdek, “Usta-shogird” tizimi asosida mahkumlarni kasb-hunarga yo'naltirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu bilan birga, umumta'lim muassasalari va kasb-hunarga o'qitish markazlari faoliyat ko'rsatmayotgan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishi hamda barcha jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning oliy ta'lim olishi uchun imkoniyat va sharoitlar yaratish zarurati mavjud.

Bu boradagi xorijiy mamlakatlar tajribasi o'rganildi. Rossiya, Ukraina, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Norvegiya kabi mamlakatlarda mahkumlarga ta'lim berish borasidagi qonunchiligi o'rganilganda, mahkumlarning umumiy o'rta va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'lim hamda oliy ta'lim olishi tizimi yo'lga qo'yilgani jazoni o'tab chiqqan mahkumlarning ijtimoiy moslashuvida yordam bergani aniqlandi. Shu bilan bir qatorda, bunday amaliyot mahkumlar qayta jinoyat yo'liga kirishining oldini olishda yaxshi natijalar bergani kuzatilgan.

Misol uchun, Ukraina Jinoyat-ijroiya kodeksiga asosan, jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar umumiy o'rta ta'lim, kasb-hunar ta'limi, shuningdek masofaviy o'rta maxsus va oliy ta'lim olishlari mumkin. Mahkumlarga “Psixologiya”, “Huquqshunoslik” “Menejment” “Hisobchi” “Reklama bo'yicha mutaxassis” singari mutaxassisliklar bo'yicha masofaviy o'rta maxsus va oliy ma'lumot olish imkoniyati yaratilgan.

Mahkumlarni masofadan ta'lim olish uchun jazoni ijro etish muassasalarida alohida maxsus komp`yuter sinflari hamda masofadan ta'lim olish uchun barcha shart-sharoitlarlar tashkil etilgan.

Mahkumlarni kasb-hunarga yo'naltirish bo'yicha o'qitish ham yo'lga qo'yilgan. Ushbu kasb-hunar ta'limini olgan mahkumlarga yo'nalishi bo'yicha elektr ustasi, suvoqchi, yog'och o'ymakori, nonvoy, tikuvchi, sartarosh va boshqa bir qator kasblar bo'yicha diplom berish amaliyoti yo'lga qo'yilgan.

Bunday ta'limning mahkumlar uchun afzalligi shundaki, davlat ta'lim hujjatida mahkumlarning jazoni ijro etish muassasasida diplom olganligi ko'rsatilmaydi.

Rossiya Federatsiyasida mahkumlarga oliy ta'limni masofadan turib koloniyalarda maxsus kompyuter sinflarida internet orqali o'qish imkoniyati yaratilgan. Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmati tomonidan mahkumlarni masofaviy o'qitish bo'yicha bir qator universitetlar, xususan, Rossiya davlat ijtimoiy universiteti, Tver` qishloq xo'jaligi akademiyasi, Pskov davlat universiteti va boshqa oliy o'quv yurtlari bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan.

Mahkumlar universitetlarda o'zlari tanlagan mutaxassisliklar bo'yicha masofaviy ta'lim olishlari mumkin. Bu o'rinda iqtisodiy, menejment, kichik biznesni boshqarish, moliya va kredit, huquqshunoslik, reklama bo'yicha mutaxassis, sotsiologiya, bank sohasi kabi mutaxassisliklar haqida so'z bormoqda.

Jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarni o'qitish bo'yicha reabilitatsiya dasturlari, jismoniy tarbiya va san'at, hunarmandchilik dasturlari va boshqa faoliyat turlari tashkil etilgan. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad mahkumlarning malakasini hamda bilimlarini oshirish orqali ularning mehnatga yanada layoqatini kuchaytirish, shuningdek zerikishni, yolg'izlikni yengillashtirish, o'ziga bo'lgan ishonchni oshirishdan iboratdir.

Amerika Qo'shma Shtatlarida mahkumlarga ta'lim berish retsidiv jinoyatlarni kamaytirish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lgan jazoni o'tayotgan hamda mahkumlarni ozod etilganidan keyin iqtisodiy imkoniyatlarni yaxshilashga qaratilgan. Mahkumlarni oliy ta'limga o'qitish bo'yicha turli dasturlar amalga oshirildi.

Jumladan, RAND Corporation tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlarda har qanday turdagi ta'lim retsidiv jinoyatni 43 foizga kamaytirishi aniqlangan.

Germaniyada mahkumlar uchun maktab, gimnaziya va universitet ta'limini olish imkoniyati mavjud. Ushbu mamlakatning Freyburg jazoni ijro etish muassasasida mahkumlar maktab, gimnaziya va universitet ta'limini tugatishi mumkin.

Mazkur muassasasadagi mahkumlar Germaniyaning “Hagen” universitetida masofaviy va sirtqi ta'lim oladi. Mahkumlar muassasasida barcha ishlardan ozod qilingan bo'lib, oyiga 120 yevro miqdorda stependiya olish imkoniyatiga ega.

Norvegiyada 1851 yilda reabilitatsiya shakli sifatida ta'limga qaratilgan birinchi jazoni ijro etish muassasasi ochilgan. 2007 yilda Norvegiyadagi har bir jazoni ijro etish muassasasida mahkumlarga ta'lim berish uchun maktablar faoliyati yo'lga qo'yilgan.

Xorijiy davlatlarning ayrim jazoni ijro etish muassasalarida ba'zi ta'lim turlari to'lov asosida tashkil etilgan.

Xususan, Daniyada boshlang'ich va o'rta maktablarda ta'lim bepul, o'rta-maxsus va oliy ta'lim darslari to'lov asosida tashkil etiladi.

Buyuk Britaniya va Avstraliyada mahkumlar keng jamoatchilikka taqdim etiladigan hukumat kreditlaridan foydalanishlari mumkin. Buyuk Britaniyadagi Education Trust kabi xayriya guruhlari masofaviy o'qishni moliyalashtirishga qodir bo'lmagan mahkumlarga grantlar ajratadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2014 yilda Angliya va Uel`sda o'tkazilgan tadqiqotlarga asosan 6 mingdan ortiq mahkumning keyingi hayotini o'rganish natijasida ta'lim kurslarida o'qiganlarning qayta jinoyat sodir qilish ehtimoli 7 foizga kamaygani aniqlangan.

Xorijiy davlatlarning mahkumlarga jazoni ijro etish muassasalarida barcha darajadagi ta'lim shakllari joriy etish amaliyoti jinoyatni o'tab chiqqan mahkumlarning ishga joylashish imkoniyatlarini oshiradi. Shu bilan birga, ularning qayta jinoyat yo'liga kirishini oldini oladi.

Xulosa o'rnida, xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda, jazoni ijro etish muassasalarida ta'limni takomillashtirish yuzasidan quyidagilar:

birinchidan, mamlakatimizda ozodlikdan mahrum etish muassasalari bilan oliy ta'lim muassasalari hamkorligida mahkumlarga masofaviy oliy ta'lim berish tizimini yo'lga qo'yish;

ikkinchidan, qonunchilikdagi ozodlikdan mahkum etilgan talabaning o'qishdan chetlatilishi to'g'risidagi qoidani bekor qilib, unga jazoni ijro etish muassasasida masofaviy ta'lim olishini davom ettirish imkoniyatini berish;

uchinchidan, jazoni ijro etish muassasalarida kasb-hunar ta'limida o'qigan mahkumlarga yo'nalishi bo'yicha diplom olish amaliyotini joriy qilish taklif etiladi.

Ravshan Nurmatov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti mas'ul xodimi

("Kuch - adolatda" gazetasi, 2020 yil 25 dekabr)

Powered by GSpeech