Islom hamkorlik tashkiloti axborot agentliklari ittifoqi – UNA-OIC “Sputnik” axborot agentligi bilan hamkorlikda 22-aprel kuni “Sun’iy intellekt video tasvirga olish yo‘nalishida qanday burilish yasaydi?” mavzusida virtual o‘quv kursini tashkil etdi.
Vebinarda IHT ga a’zo axborot agentliklaridan 200 dan ziyod xodimlar, jumladan, O‘zA jurnalistlari ham ishtirok etdi.
Onlayn tarzda o‘tgan tadbirda IHT axborot agentliklari Bosh direktori Muhammad Abd Rabbo Al-Yami kursning maqsadi, sun’iy idrokning ommaviy axborot vositalarida video tayyorlashdagi roli va ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uning ta’kidlashicha, ushbu kurs Ittifoqqa a’zo mamlakatlardagi jurnalistlar salohiyatini oshirish, ularga xalqaro media maydonidagi o‘zgarishlardan xabardor bo‘lish uchun tashkil etilgan.
O‘z navbatida, “Sputnik” axborot agentligi va radiosining xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktori Vasiliy Pushkov bunday qo‘shma tadbirlar Rossiya va Islom olamining ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlik salohiyatini namoyish etishini, bu borada ikki tomon o‘rtasida ochiq muloqotni kuchaytirishini ta’kidladi.
Shuningdek, vebinarda “Sputnik”ning sun’iy intellekt loyihasi rahbari va radioboshlovchisi Igor Arxipov “AI”ning OAV, xususan, video ishlab chiqarish va vizual kontentdagi transformativ ta’sirini muhokama qildi. Shuningdek, ChatGPT kabi ba’zi sun’iy intellekt ilovalarining videolar uchun matnlarni taqdim etishdagi keng imkoniyatlari xususida to‘xtaldi.
O‘quv kursi ishtirokchilari sun’iy intellektning video mahsulot tayyorlash jarayonini o‘zgartiruvchi ta’sir imkoniyati, vizual kontent yaratishdagi kuchi va zaif tomoni bilan yaqindan tanishib, qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Muharrama Pirmatova, O‘zA
- Qo'shildi: 24.04.2024
- Ko'rishlar: 1827
- Chop etish