Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti malum qilishicha, Daniyaning "Bavarian Nordic A/S" kompaniyasi ishlab chiqargan "MVA-BN" vaksinasi dastlabki tasniflash jarayonidan o‘tdi va maymun chechagiga qarshi ilk dori vositasi sifatida tan olindi.
Ushbu preparat 18 yoshdan oshganlarga to‘rt haftalik oraliq muddat bilan ikki dozada in’eksiya sifatida beriladi. Muzlatgichdagi dastlabki saqlovdan so‘ng vaksina sakkiz hafta davomida 2-8 daraja iliq haroratda qoldirilishi mumkin.
- Maymun chechagiga qarshi vaksinaning dastlabki kvalifikatsiyasi Afrikadagi hozirgi epidemiyalar sharoitida ham, kelajakda ham ushbu kasallikka qarshi kurashish yo‘lidagi muhim qadamdir, - dedi JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyesus. - Hozir zudlik bilan eng zarur bo‘lgan joylarda adolatli taqsimotni ta’minlash uchun vaksinalni xarid qilish hamda xayriya va foydalanish ko‘lamini kengaytirishimiz kerak.
"MVA-BN" hali 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun litsenziyalanmagan bo‘lsa-da, emlashning foydasi ehtimoliy xavfdan ustun vaziyatda chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlarda, shuningdek homilador ayollar va immunitet tanqisligi mavjud odamlarda "yorliqdan tashqari" (farmatsevtika preparatini tasdiqlanmagan ko‘rsatma yoki yosh guruhi bo‘yicha qo‘llash — tahririyat) qo‘llanishi mumkin, deyilgan bayonotda.
JSST xulosasi mazkur dorining infeksiya manbasi bilan kontaktdan oldingi bir martalik dozasi maymun chechagidan himoya qilishda 76 foiz samaradorlikka egaligi, ikki dozada esa taxminiy samaradorlik 82 foizga yetishini ko‘rsatmoqda.
14 avgust kuni Tashkilot Afrikadagi maymun chechagi (mpox) epidemiyasini global favqulodda holat sifatida baholagan. 2024 yil Afrika qit’asidagi 14 mamlakatda ushbu infeksiyadan 25,2 ming taxminiy va tasdiqlangan kasallik, 723 o‘lim holati qayd etilgan.
"Orthopoxvirus" jinsiga mansub virus keltirib chiqaradigan mazkur xastalikning ikki xil genetik kladasi mavjud.
Odatiy simptom - teri toshmasi yoki shilliq parda shikastlanishi ikki-to‘rt hafta davom etadi va isitma, bosh, mushak, bel og‘rig‘i, zaiflik va limfa tuguni shishishi bilan kuzatiladi.
Odamga bu chechak bemordan, ifloslangan buyum yoki kasal hayvon bilan kontakt orqali yuqishi mumkin.
Maymun chechagi kasalligi odamda ilk bor 1970 yil Kongo Demokratik Respublikasida qayd etilgan. Infeksiya Markaziy va G‘arbiy Afrikada endemik hisoblanadi.
Sh. Mamaturopova,
O‘zA
- Qo'shildi: 16.09.2024
- Ko'rishlar: 887
- Chop etish