Kuni kecha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo bo‘ylab klinik va klinikadan avvalgi sinovlardan o‘tayotgan antibakterial dorilar, jumladan, antibiotiklar bo‘yicha yangi hisobotni taqdim etdi.
Unda aytilishicha, klinik tadqiqotlardagi antibakterial dorilar soni 2021 yilda 80 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2023 yilda 97 taga yetgan. Shunga qaramay, xavfli yuqumli kasalliklarni davolash uchun keng qo‘llanilishi natijasida samaradorligini yo‘qotayotgan mavjud antibiotiklar o‘rnini bosadigan yangi, innovatsion dori vositalarini yaratish dolzarb bo‘lib turibdi.
Muammo nafaqat ishlab chiqarilayotgan antibakterial dorilarning juda kamligida, balki haqiqatan ham innovatsion ishlanmalarning yetarli emasligidadir. Ustuvor ro‘yxatdagi patogenlar keltirib chiqaradigan infeksiyalarni davolash uchun ishlab chiqilayotgan 32 ta antibiotikdan faqat 12 tasini innovatsion deb hisoblash mumkin.
Ishlab chiqarilayotgan preparatlarda ko‘plab bo‘shliqlar mavjud: masalan, bolalar uchun dorilar, ularning ambulator sharoitda qabul qilish uchun qulayroq bo‘lgan peroral shakllari yoki o‘sib borayotgan doriga chidamlilikka qarshi kurashadigan turlari mavjud emas.
Shunga qaramay, bakteriofaglar, antitanalar, antivirulent va immunomodulyator dorilar kabi noan’anaviy biologik vositalarga, shuningdek, antibiotiklarni to‘ldiruvchi yoki muqobil sifatida mikrobiomni modulyatsiya qiluvchi preparatlarga e’tiborning kuchayishi biroz umid bag‘ishlaydi. Shu bilan birga, ushbu dorilarni klinik amaliyotda qachon va qanday qo‘llash mumkinligini aniqlash uchun klinik tadqiqotlar o‘tkazish talab etiladi.
Hisobotda ta’kidlanganidek, ishlab chiqilayotgan yangi antibakterial preparatlar haqidagi ma’lumotlarning shaffofligini oshirish potensial innovatsion bo‘lgan, ammo qiyin loyihalar bo‘yicha hamkorlikning rivojlanishiga olib kelishi, olimlar va ishlab chiquvchilarga yordam berishi hamda yangi antibakterial vositalarni yaratishga katta qiziqish uyg‘otishi mumkin.
O‘zA
- Qo'shildi: 21.06.2024
- Ko'rishlar: 1590
- Chop etish